O‘zbekiston | 09:14 / 12.08.2020
58715
5 daqiqa o‘qiladi

«Tarbiya» fanidan dars soatlari birinchi navbatda qaysi o‘qituvchilarga berilishi kerak?

Yangi o‘quv yilidan boshlab, maktablarda «Odobnoma», «Vatan tuyg‘usi», «Milliy istiqlol g‘oyasi va ma'naviyat asoslari» hamda «Dunyo dinlari tarixi» birlashtirilgan holda yaxlit «Tarbiya» fani o‘qitiladi.

Foto: O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

Hukumatning shu haqdagi qarorida yangi fandan «Milliy g‘oya va huquq» mutaxassisligiga ega o‘qituvchilardan tashqari «Boshlang‘ich ta'lim», «Tarix» va «Dinshunoslik» mutaxassisligi vakillari ham dars berishi mumkinligi ko‘rsatib o‘tilgan. Bu masala qator maktablarda o‘qituvchilar orasida tushunmovchilikka sabab bo‘lmoqda.

Kun.uz’ga kelib tushgan murojaatlarda aytilishicha, ayrim maktablarda yangi o‘quv yili uchun dars soatlari taqsimlanish jarayonida shundoq ham dars soatlari kam bo‘lgan «Tarbiya» darslari boshlang‘ich sinf va tarix o‘qituvchilari o‘rtasida taqsimlanmoqda. Birinchi galda ushbu fanni o‘qitishi kerak bo‘lgan «Milliy g‘oya va huquq» fani o‘qituvchilari esa chetda qolib ketayotgan holatlar uchramoqda.

Aslida «Tarbiya» fanini qaysi yo‘nalish mutaxassislari o‘qitishi kerak? Ushbu savol bilan Respublika ta'lim markazi direktori Shuhrat Sattorovga murojaat qildik.

«Qarorga ko‘ra, «Boshlang‘ich ta'lim», «Tarix» va «Dinshunoslik» mutaxassislari malaka oshirish kurslarida o‘qitiladi va «Tarbiya» fanini o‘qitishlari mumkin bo‘ladi.

Nima uchun faqat «Milliy g‘oya va huquq» fani o‘qituvchilari malaka oshirish kurslarida o‘qitilmayapti, degan savol tug‘ilishi tabiiy. Bunday yo‘l tutilishiga sabab – hozirgi kunda respublikaning ayrim hududlarida «Milliy g‘oya, ma'naviyat asoslari va huquq ta'limi» yo‘nalishidagi mutaxassislarning yetishmasligidir. Shuning uchun qo‘shimcha yo‘nalish o‘qituvchilarini ham o‘qitish ko‘zda tutilgan.

«Tarbiya» fani yangi ekani, shu bilan birga, «Milliy istiqlol g‘oyasi va ma'naviyat asoslari» fani o‘qituvchilariga bo‘lgan ehtiyoj barcha hududlarda ham birday to‘liq qoplanmagani uchun Xalq ta'limi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish hududiy markazlarida «Boshlang‘ich ta'lim», «Milliy g‘oya va huquq», «Tarix», «Dinshunoslik» mutaxassisligiga ega fan o‘qituvchilari uchun «Tarbiya» fanidan onlayn shakldagi maqsadli malaka oshirish kurslari tashkil etilmoqda.

«Tarbiya» faniga ajratilgan dars soatlari, avvalo muassasada faoliyat yuritayotgan «Milliy istiqlol g‘oyasi va ma'naviyat asoslari» mutaxassislariga taqsimlanib, bir stavkadan ortiqcha dars soati yuzaga kelgandagina yuqorida nomlari keltirilgan va tegishli malaka oshirish kursidan o‘tgan boshqa fan mutaxassislariga berilishi mumkin.

Qarorning 5-bandida keltirilganidek, respublika oliy ta'lim muassasalarining «Boshlang‘ich ta'lim», «Tarix» (mamlakatlar va mintaqalar bo‘yicha), «Tarix o‘qitish metodikasi», «Filologiya va tillarni o‘qitish: O‘zbek tili», «O‘zbek tili va adabiyoti», «Milliy g‘oya, ma'naviyat asoslari va huquq ta'limi», «Pedagogika va psixologiya», «Dinshunoslik» va Islomshunoslik (Islom tarixi va manbashunosligi)», «Psixologiya (Din sotsiopsixologiyasi)» ta'lim yo‘nalishlari bitiruvchilariga umumiy o‘rta ta'lim maktablarida «Tarbiya» fanini o‘qitish huquqi berilishi esa 2020/21 o‘quv yilidan boshlab, OTMlar o‘quv rejasiga mazkur fan kiritilgandan so‘ng amalga oshiriladi», – deya aniqlik kiritdi Shuhrat Sattorov.

Mavzuga oid