Jahon | 08:45 / 15.08.2020
4597
2 daqiqa o‘qiladi

Instagram shubhali akkaunt egalaridan pasport va boshqa hujjatlar so‘ray boshlaydi

Instagram shubhali harakatlar sodir etishda gumon qilingan akkauntlar egalaridan shaxsni tasdiqlovchi hujjatlar so‘rashni boshlaydi.

“Biz shu tariqa akkauntlar o‘z obunachilarini qachon yanglishtirishga urinayotganlarini yaxshiroq tushuna olamiz, ularni javobgarlikka tortamiz va hamjamiyatimiz xavfsizligini ta'minlaymiz”, deyilgan ijtimoiy tarmoq bayonotida. 

Foydalanuvchilardan so‘raladigan hujjat davlat namunasidagi yoki nodavlat tashkilot tomondan berilgan bo‘lishi mumkin. Ba'zi holatlarda selfi ham talab etilishi mumkin.

“Biz hujjatingizdagi tekshiruv uchun kerak bo‘lmagan barcha maxfiy ma'lumotni (misol uchun, soliq to‘lovchining identifikatsiya raqami yoki ijtimoiy sug‘urta raqami) inkor etamiz. Hujjat suratini yuborishdan oldin undagi bizga kerak bo‘lmagan ma'lumotni yashiring”, deb qo‘shimcha qilingan kompaniyada. 

Shaxsni tasdiqlash uchun ijtimoiy tarmoqda keltirilgan birinchi guruhdagi hujjatlardan bittasi, misol uchun tug‘ilganlik yoki turmush qurganlik haqida guvohnoma, haydovchilik guvohnomasi, pasport; yoki ikkinchi guruhdan ikkita hujjat, misol uchun bankdan ko‘chirmasi, chek kitobchasi, kredit karta yoki boshqa hujjat to‘g‘ri keladi. 

Ijtimoiy tarmoq shaxsni tasdiqlash zaruratini bir necha belgilarga ko‘ra aniqlaydi. Gap shubhali harakatlar yoki hodisalarda gumon qilingan botlar akkauntlari haqida bormoqda.  

Agar akkaunt egasi shaxsini tasdiqlay olsa, akkaunt odatdagidek ishlayveradi. Hujjat tekshiruv tugagandan keyin ijtimoiy tarmoq arxivlarida bir oy saqlanadi. Agar akkaunt egasi shaxsini tasdiqlashdan bosh torsa, unda akkaunt bloklanishi yoki harakatlari cheklanishi mumkin.

Mavzuga oid