Sport | 09:51 / 16.08.2020
42579
3 daqiqa o‘qiladi

Isroil Madrimov 12 raundlik jangda g‘alaba qozondi

Professional boksning super yarim o‘rta (-69,85 kg) vazn toifasida ringga chiqayotgan Isroil Madrimov (6-0, 5 KO) oltinchi jangida ham g‘alaba qozondi.

Foto: Dazn USA / Twitter.

Madrimov Toshkent vaqti bilan 16 avgust tongida 37 yoshli Erik Uokerga (20-3, 9 KO) qarshi 12-raundlik jangni o‘tkazish uchun ringga ko‘tarildi.

WBA yo‘nalishidagi saralash jangida o‘zbekistonlik 25 yoshli bokschi hakamlar qaroriga ko‘ra g‘olib deb topildi.

Madrimov jangning dastlabki raundlaridan ustunlikni qo‘lga olishga harakat qildi, ammo raqib ham qarshi hujumlarda faol bo‘ldi va bir necha kuchli zarbalar yo‘lladi.

Uchinchi raundga kelib amerikalik bokschida charchoq alomatlari ko‘rina boshladi, yettinchi raundda esa har ikki bokschi klinchga kirish orqali jangni davom ettira boshladi. 

9-raundda o‘zbekistonlik bokschi yana hujumga o‘tdi va chap qo‘l huk zarbasi orqali raqibini nokaut holatiga tushirdi. Ammo referi o‘zbekistonlik bokschi bu vaziyatda raqibga yelka bilan ham zarba berganini qayd etib, nokautni bekor qildi va Uoker o‘ziga kelib olishi uchun besh daqiqalik tanaffus berdi.

Jang davom etdi, Madrimov qolgan raundlarda ham tashabbus ko‘rsatdi va 12-raundda raqibini nokdaun holatiga tushirdi. Yakunda hakamlar bir ovozdan (116-110, 116-111, 116-110) o‘zbekistonlik bokschini g‘olib deb topishdi.

Shu tariqa, Isroil Madrimov yakuniy eliminator jangidagi g‘alabasi orqali WBA Jahon chempionlik kamari uchun majburiy da'vogarga aylandi.

Isroil Madrimov so‘nggi marta 2020 yilning martida AQShning Texas shtatida venesuelalik Charli Navarroga (29-10, 22 KO) qarshi ringga chiqib, 10 raundlik jangning 6-raundida raqibini nokautga uchratgandi.

Bundan avvalroq Shahram G‘iyosov nikaragualik raqibini nokautga uchratib, professional boksdagi 10-g‘alabasini nishonlagani xabar qilingandi.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid