O‘zbekiston | 13:39 / 16.08.2020
16834
4 daqiqa o‘qiladi

Tez yordam xodimlariga moddiy rag‘bat puli ish stavkasiga qarab belgilanganmi? Vazir o‘rinbosari izoh berdi

Foto: KUN.UZ

Vazirlar Mahkamasining shu yil 30 iyuldagi 458-son qarori bilan, koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashga jalb etilgan tez tibbiy yordam xodimlari (vrachlar, o‘rta tibbiyot xodimlari va haydovchilar) Qurbon hayiti munosabati bilan bir martalik moddiy rag‘batlantirilgan edi.

Bu maqsadlar uchun davlat budjetidan 100 mlrd so‘m va tadbirkor va Alisher Usmonov tomonidan 100 mlrd so‘m (10 mln AQSh dollari ekvivalentida) ajratilgan.

Qarorga muvofiq, respublikada koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashish, aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi va salomatligini saqlashga jalb qilingan tez tibbiy yordamning –

  • vrach xodimlari – 5 million so‘m;
  • o‘rta tibbiyot xodimlari (feldsherlar va sanitarlar) – 4 million so‘m;
  • haydovchilari – 3 million so‘mdan bir martalik moddiy rag‘batlantirilgan.

Ushbu rag‘batlantirish to‘lovlari faqat 2020 yil 1 iyungacha ishga qabul qilingan xodimlarga nisbatan tatbiq etilishi belgilangan.

Tahririyatimizga koronavirusga qarshi kurash jarayonida faoliyat yurituvchi tibbiyot tizimi xodimlarini moddiy rag‘batlantirish va qo‘shimcha ustamalar to‘lash tartibiga oid savollar kelishda davom etmoqda. Navbatdagi ikki murojaatda hukumatning yuqoridagi qarori bilan belgilangan rag‘batlantirish to‘lovlariga oid vaziyat haqida so‘z yuritiladi.

«Men tez tibbiy yordam xizmatida feldsher bo‘lib ishlayman. Vazirlar Mahkamasining 458-qarori bo‘yicha tez tibbiy yordamda ishlaydigan vrachlar 5 mln so‘m, feldsher va sanitarlar 4 mln, haydovchilar 3 mln so‘mlik bir martalik rag‘batlantiriladi, deyilgandi. Men ishlaydigan Qashqadaryo viloyati Kasbi tuman tez tibbiy yordamida bu pullar ishchining stavkasiga qarab berildi, ya'ni xodim 1 stavkada ishlasagina aytilgan pulni oldi. Qiziq tomoni, o‘rta tibbiyot xodimlaridan deyarli hech kim 1 stavkada ishlamaydi. Men ham 0,5 stavkada ishlayman va shunga yarasha 2 mln so‘m oldim. Shu ish to‘g‘ri bo‘ldimi, aniqlik kiritib bersangiz», – deyiladi qashqadaryolik mushtariy yo‘llagan maktubda.

Masala yuzasidan sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari Shohrux Shorahmedov bilan bog‘landik.

– Bu holatda mablag‘ qarorga muvofiq taqsimlangan. Bir martalik rag‘batlantirish adolat nuqtayi nazardan to‘g‘ri bo‘lsin deb, stavkadan kelib chiqib beriladi. Chunki 1 stavkada to‘liq ishlagan va 0,25 stavkadan ishlaganlar bir xil mablag‘ olsa, bunda ham norozichilik chiqib kelishi mumkin, – deya javob berdi Shorahmedov.

«458-qarorga ko‘ra, dispetcherlarga mukofot pullari to‘lanmasligi adolatdan emas. Chunki biz ham pandemiya sharoitida katta yuklama bilan ishladik va biror moddiy rag‘batlantirish olmadik. Shu to‘g‘rimi?» – deyiladi tahririyatga kelib tushgan yana bir murojaatda.

– Albatta, biz bu sharoitda ishlayotgan har bir xodimning mehnatini qadrlaymiz va ularga rahmatlar aytamiz. Lekin bu qarorda faqat vrachlar, o‘rta tibbiy xodimlari (feldsherlar va sanitarlar) va haydovchilar bir martalik moddiy rag‘batlantirilishi aniq belgilab qo‘yilgan. Sababi, bu xodimlar javobgarligi yuqoriligi bilan birga, ular bevosita bemorlar bilan to‘qnashadilar va kasallik yuqtirib olish xavfi mavjud. Shu omillar hisobga olingan, – deydi vazir o‘rinbosari.

Eslatib o‘tamiz, Kun.uz avvalroq tibbiyot xodimlari rag‘batlantirilishi masalasida Shohrux Shorahmedov bilan intervyu tashkil etgan edi. Tez tibbiy yordam xodimlaridan tashqari, SEOM xodimlarining rag‘batlantirilishi masalasida ham bahslar kuzatilmoqda.

Mavzuga oid