Jamiyat | 20:35 / 17.08.2020
73364
10 daqiqa o‘qiladi

«Erim meni odam sifatida ko‘rmasdi, bolalarim oldida ham do‘pposlardi» – Oilasi parokanda bo‘lgan ayol hikoyasi

«Yoshim 47 da. Turmushga chiqqanimga ham, mana, 27 yil bo‘libdi. Bu yoshda quda-andali bo‘lib, nevaralar quchog‘ida yayrab-yashnab yurish o‘rniga ijarada kun kechirib yuribman. Turmush o‘rtog‘im meni uydan haydab yuborganiga 5 yil bo‘ldi. Shundan beri qizim va o‘g‘lim bilan ijarada yashaymiz. Vaziyat yaxshilanib ketar, degan umidda haliyam ajrashmadim. Qaynonam uyni tashlab ketganim uchun faqat meni ayblaydi. Erimning mas'uliyatsizligi, oila boshi sifatidagi o‘rnini his qilmasligi sababli muhtojlik ko‘chasiga kirib qoldik. Ishlashga majbur bo‘ldim. O‘g‘lim ham pul topaman, deb Rossiyaga ketdi. Uch yildan beri uning diydoriga zorman. Oilamiz parokanda bo‘lib ketganiga kim aybdor?»

Foto: helpguide.org

Ayol o‘n sakkiz ming olamning eng buyuk mo‘jizalaridan biri. Alloh uni o‘ziga xos va mos qilib yaratgan. Bir hilqatga noziklik, nafosat, sharm-hayo, shu bilan bir qatorda metin bardosh, matonat, sabrni ham mujassam etgan. Ha, ayol shunday yaralgan: uning mehribon, rahmdilligi, kezi kelganda esa kuchli irodasi bilan erkaklarni-da lol qoldirishi bor haqiqat. Ismi sir tutilishini istagan samarqandlik ayol boshidan kechirganlari haqida so‘zlab berdi. Ajabmas, bir mushtiparning kechinmalari siz-u bizning yuraklarimizga yetib borsa.

«Erim ikki farzandimdan voz kechishga majbur qilgan»

1993 yilda turmush qurdik. Avvaliga hammasi yaxshi edi. Shaharda o‘z uyimiz bor edi. Ahil-inoq yashardik. Erimning topish-tutishi ham yaxshi edi. Tashkilotda hisobchi bo‘lib ishlardi. Ikki yildan keyin o‘g‘lim tug‘ildi. Shundan keyin o‘rtada ikki farzandim nobud bo‘ldi. To‘g‘rirog‘i, bola tushishi xavfi bor, deb abort qildirganman. Erim nima qilasan yana farzandli bo‘lib, deb homilamdan voz kechishga majburlagan. Shifokor ko‘rigiga borganimda, bola tushishi xavfi borligini aytishgan. O‘sha payti abort qildirayotganimni ham bilmaganman. Agar bolamni abort qilishayotganini bilganimda, bunga hech qachon yo‘l qo‘ymasdim. 2002 yilda qiz farzandli bo‘ldim. Homiladorligimni erimdan yashirdim, chunki bunisiniyam oldirgizib tashlashidan qo‘rqdim. Homilam katta bo‘lishini kutdim, shundan keyingina erimga bu haqda aytdim. 

Erim biron masalada men bilan maslahatlashmasdi, o‘z bilganicha hal qilardi. Ikkalamiz o‘tirib yaqindan gaplashmasdik ham. Ishi haqida so‘rasam, ishing bo‘lmasin, deb jyerkib berardi. Er-xotin bo‘lsak ham ikkita alohida qutbda yashardik go‘yo. U menga buyum sifatida qarardi.

«Qozonimiz haftalab qaynamasdi»

Vaqt o‘tgan sari erimning ishlari yurishmay qoldi. Ish joyini tez-tez o‘zgartiradigan bo‘ldi. Siqilganidan  ko‘p ichadigan bo‘ldi. Homilam nobud bo‘lishiga sababchi bo‘lgani uchun qilgan ishi Allohga yoqmadi, deb o‘ylayman. Ro‘zg‘or bilan ishi bo‘lmay qoldi. Muhtojlik tufayli ishlashga majbur bo‘ldim. Bolalarim uchun pul topib kelishim kerak, degan fikrda edim. Qozonimiz haftalab qaynamasdi. Erimning o‘zi ham xijolat bo‘lardi bo‘sh qo‘l bilan kelganida. Hammasi yaxshi bo‘lib ketar, deya umid bilan yashardim. Juda och qolib ketgan vaqtimizda qo‘shnilardan yegulik so‘rab turgan vaqtlarim ham bo‘lgan.

Chol-kampir qo‘shnilarimiz bo‘lardi. Ularnikiga chiqib turardim. Ba'zida uy ishlarigayam qarashib turardim. Ularning qizi ota-onamga uy ishlarida qarashadigan xizmatchi kerak. Ishlaysizmi, deb so‘rab qoldi. Qiynalib turgan vaqtimda bu juda yaxshi imkoniyat edi men uchun. Shu tariqa ularning uyida ishlay boshladim. Bu orada chol-kampirning qizi o‘zi ishlaydigan tashkilotga farrosh olishlarini aytib qoldi. Uning yordamida bu ishgayam joylashdim. Ikkala ishniyam baravar olib borishga harakat qildim. Yakshanba kunlari yana boshqa odamlarning uyiga borib turli yumushlarni bajarardim. Qayerga ishlashga borsam, avval erimdan ruxsat so‘rab, keyin borardim. Uyda qora qozonimiz qaynay boshlaganidan keyin erim o‘zgara boshladi. “Mensiz ham ro‘zg‘orni eplayapti”, degan tushuncha shakllanib qolgandi unda. Shuning uchun topganini ko‘chaga, ichkilikka sarflardi.

«Erim arzimagan sabab bilan janjal ko‘taradigan bo‘ldi»

Erim hisobchi bo‘lib ishlagan vaqtlarida oylik beriladigan kuni ishchilarning pullarini uyga olib kelib, ertasi kuni tarqatishi kerak edi. Hamma pullarni bir paketga solib, ishdan qaytishda do‘kondan aroq olib, o‘sha yerda ichgan. Do‘konda barcha pullarni o‘g‘irlatib qo‘ydi. Pul topilmadi. Qaynota-qaynonam, qarindoshlar birgalashib pulni to‘lashdi. Shu voqeadan keyin erimni ishdan bo‘shatishdi. Ishsiz bo‘lib qolganidan keyin axvolimiz yanada og‘irlashdi. Muhtojlik o‘z domiga tortib ketdi. Kunlardan bir kuni erim uyga yana mast holatda keldi. O‘g‘lim, qizim bilan ovqatlanib turgandik. Erimgayam ovqat suzib berdim. «Men go‘shsiz ovqat yemayman», deb ovqat to‘la kosani yuzimga otdi.  

«O‘g‘limning o‘qishiga sharoit yaratib berolmadik. Pul topaman, deb Rossiyada ishlab yuribdi»

Erim farzandlarigayam mehrsiz edi. Maktabga borishga kiyim kerak, ozroq pul bering, desam, pul topyapsan, shuni ishlat. Mendan pul so‘rama, derdi. Bolalarim dadasini yaxshi ko‘rardi. Lekin... Shu tariqa yillarni o‘tkazdik.  

O‘g‘lim kollejdagi darslaridan keyin gilam fabrikasida ishlay boshladi. Uyimiz va uning ishxonasi orasidagi masofa juda uzoq edi. O‘g‘lim kollejniyam bitirdi. Universitetga o‘qishga topshirdi. Kirolmadi. Faqat ishlash bilan ovora bo‘lgandan keyin o‘qishga kirolmasligi tabiiy. Kirish imtihonlariga tayyorlanishiga sharoit yaratib berolmadik.

Erim ichib kelgan vaqtlarida meni uravergani o‘z asoratini ko‘rsata boshladi, sog‘lig‘im yomonlashdi. Bir oy to‘shakka mixlanib qoldim. Davolanishimgayam ko‘p xarajat ketib qoldi. Erim muolaja pullarini to‘lash u yoqda tursin, shifoxonaga borib, hol-axvol so‘rashga ham yaramadi. Hamma xarajatlarni o‘g‘lim ishlab to‘ladi, yetmaganiga qarz oldik. Qarzlarni ham to‘lash, yashash sharoitimizni yaxshilab olish uchun o‘g‘lim Rossiyaga ketishga qaror qildi. Boshida u yerga joylashib olgach, pul jo‘natib turardi. Biroz vaqt o‘tgach, ishlari yurishmay qoldi. O‘g‘limga uyga qaytishini aytdim. Endi qaytmoqchi bo‘lib turganida karantin bo‘lib qoldi. U Rossiyaga ketganiga ham mana, uch yil bo‘ldi.

«Shaharda uyim bo‘la turib, 5 yildan beri ijarada yashayman»

Erim meni hech qachon odam o‘rnida ko‘rmagan. Ichib kelganda urib, ko‘chaga haydab solardi. Bahona topilsa, sudrab uydan chiqarvorardi. Bolalarimni tirik yetim qilmaslik uchun hammasiga chidardim. Odatda, qarindoshlarimnikiga borardim bunaqa paytda. Bir-ikki kundan keyin hech narsa bo‘lmagandek uyga qaytib borardim. 2015 yil 20 mart. Erim yana ichib keldi. Do‘pposlab, darvozadan chiqarib yubordi. Qizim ikkimiz qayerga borishni bilmasdik. Kechasi soat 12 da chiqib ketdik. Yupun kiyimda edik. Sovuq. Ishxonaga borsammmikin, degan xayol ham o‘tdi miyamdan. Ketyapman. Nima qilishni bilmayman. Oxiri o‘ylab, bir qarindoshimnikiga boradigan bo‘ldim. Hali u qarindoshnikida, hali bunisinikida 1-2 hafta yashab yuraverdim. So‘ngra ijara uyda yashay boshladik. O‘g‘limga uydan chiqib ketganimizni aytolmadim. Vaqt o‘tgandan keyin aytishga majbur bo‘ldik. O‘g‘lim buni eshitib, «Mayli, siqilmang. Yaxshi bo‘libdi. Bu yerda dadam ayamni urmayaptimikin, yaxshimikan, deb yurak hovuchlab yurgandim», deb meni ovutdi.

«Erim haliyam o‘zgarmadi»

Erim bizni haydavorgach, uyga o‘ziga o‘xshagan ulfatlari ko‘p keladigan bo‘ldi. Ichkilikni deb uydagi bor narsani sotibdi. Erim o‘zini xarob qilganidan keyin qaynonam qishloqdagi uyga olib ketibdi. Qaynonam haligacha meni ayblaydi: kelinim uyni tashlab ketmaganida oilasi parokanda bo‘lib ketmasdi. Oilamni birinchi o‘ringa qo‘ymaganimda, erim bilan allaqachon ajrashib ketgan bo‘lardim. Shuncha vaqt o‘tsa-da, erim zarracha o‘zgarmadi. Hammasi yaxshi bo‘lib ketar, degan umid bor menda haliyam. Shu paytgacha 5-6 ta joyda ijarada yashadim. Hokimiyatga uy so‘rab murojaat qildim. Rasman ajrashmaganim uchun uy berisholmas ekan. Hech bo‘lmasa kreditga uy berishsayam mayli edi. O‘g‘limni uylantirishim, qizim bu yil o‘qishga kirsa, ungayam xarajat kerak. Bu yoshda quda-andali bo‘lib, nevaralar quchog‘ida yayrab-yashnab yurish o‘rniga ijarada kun ko‘rib yuribman. Ko‘rgan kunlarimni dushmanimgayam ravo ko‘rmayman.

Muhabbat Ma'mirova suhbatlashdi.

Mavzuga oid