O‘zbekiston | 21:10 / 17.08.2020
15655
1 daqiqa o‘qiladi

Videoreportaj: 5 oylik tanaffusdan keyingi ilk jamoat namozi qanday o‘tdi?

17 avgust erta tongdan respublikadagi barcha masjidlarda farz namozlari jamoat bo‘lib ado etila boshlandi. Ushbu jamoaviy ibodat karantin choralari bois masjidlarda salkam 5 oyda ado etilayotgan birinchi jamoat namozi bo‘lgani bois, juda ko‘plab mo‘min-musulmon namozxonlar masjidlarga tashrif buyurishdi.

Shu munosabat bilan ushbu faraxli onlarni o‘quvchilarga yetkazish maqsadida Kun.uz muxbirlari Andijon shahar “Eski Gumbaz” hamda Toshkent shahridagi “Hazrati Ali”, “Do‘mbirobod” va “Bodomzor” masjidlarida bo‘lib, jamoat namozlarini bevosita kuzatdi.

Qayd etish o‘rinliki, barcha masjidlarda ushbu kunga alohida tayyorgarlik ko‘rildi. Ularning barchasi dezinfeksiyalovchi tunel, tana haroratini masofadan o‘lchovchi qurilma, qo‘llarga maxsus antiseptik vositalar shay qilib qo‘yildi. Ushbu vositalardan foydalangan holda masjidlarga kirgan namozxonlar o‘zaro ijtimoiy masofani saqlagan holda joylashishdi.

Albatta, namozxonlar qariyb 5 oy mobaynida jamoat namozini intizorlik bilan kutishgani bois, ibodatlar juda fayzli o‘tdi. Namozdan so‘ng Qur'on tilovatlari qilinib, xatmi Qur'onlar o‘tganlar ruhiga bag‘ishlandi, duoi xayrlar qilindi.

Mavzuga oid