O‘zbekiston | 17:58 / 18.08.2020
22207
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistondagi barcha maktablarda oktabr oyigacha burjuyka pechlaridan voz kechiladi

18 avgust kuni Xalq ta'limi vaziri Sherzod Shermatov boshchiligida videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda maktablarning yangi o‘quv yiliga tayyorgarlik holati ko‘rib chiqildi.

Vazirlik axborot xizmati xabariga ko‘ra, yig‘ilish avvalida pandemiya sharoitida kuzatuv kengashlari yig‘ilishlari o‘tkazilmagani sababli hududlarda qator direktor lavozimlari bo‘sh qolayotgani, bu masalani tez va sifatli hal qilish masalasi ko‘rilgan.

Maktablarni ochish bo‘yicha 3ta ssenariy ustida ish olib borilayotgani, maktablar yangi o‘quv yiliga shay holatga keltirilishi zarurligi, xususan, toza ichimlik suvi bilan ta'minlanishi masalasi muhimligi qayd etilgan.

«Maktablarni kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ko‘rishi masalasi ham ko‘rib chiqilib, barcha maktablarga oktabr oyiga qadar mahalliy hokimliklar bilan birgalikda burjuyka pechlaridan voz kechish zarurligi va buning uchun barcha choralar ko‘rilishi talabi qo‘yildi.

Bundan tashqari joylarda xarob ahvolda bo‘lgan maktab filiallari faoliyatini tugatib, ularni to‘laqonli maktablarga aylantirish zarurligi ta'kidlandi», – deyiladi xabarda.

Yig‘ilishda o‘qituvchilar o‘rtasida dars taqsimoti masalasi ham ko‘rilib, «Umumta'lim muassasalarida sinflarni komplektlash hamda tarifikatsiya ro‘yxatlarini shakllantirish tartibi to‘g‘risida»gi nizom bo‘yicha ma'lumot berilgan.

«Maktablarda o‘qituvchilarga dars soatlarni taqsimlashda ularning erishgan natijalari va kasbiy mahoratiga e'tibor qaratish lozimligi qayd etildi», – deyiladi XTV press-relizida.

Комрон Чегабоев
Tayyorlagan Комрон Чегабоев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid