Toshkentdagi bir qator maktablarda virusli gepatit bilan kasallanish holatlari aniqlandi
Poytaxtning Mirobod tumanidagi 214- hamda 65-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktablarida virusli gepatit aniqlandi. Sanepidemqo‘mita xodimlari o‘rganishlar davomida maktablarning sanitariya holatlari talablarga javob bermasligini aniqlagan va maktab rahbariyatiga nisbatan ma’muriy bayonnomalar rasmiylashtirilgan.
Toshkent shahridagi ikkita maktabda virusli gepatit kasalligi aniqlandi. Bu haqda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasining Toshkent shahar boshqarmasi xabar berdi.
Qayd etilishicha, bugun, 3 dekabr kuni Sanepidemqo‘mita Toshkent shahar boshqarmasi Mirobod tuman bo‘limi mutaxassislari tomonidan tumanda joylashgan 214- hamda 65-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktablarida virusli gepatit kasalligi aniqlangani sababli epidemiologik surishtiruv hamda sanitariya nazorati o‘tkazilgan.
Nazorat davomida:
- o‘quvchilar va ishchi xodimlarning o‘z vaqtida tibbiy ko‘rikdan o‘tganlik xulosalari;
- shaxsiy gigiyena qoidalariga rioya qilish tartibi;
- maktab binosida, sinf xonalarda joriy tozalik ishlarining olib borilishi, jihozlarning sozligi;
- isitish tizimlari yoqilib foydalanishga topshirilgani;
- hojatxonalarda gigiyena qoidalariga rioya qilingani hamda qo‘l yuvish moslamalari va oqova suv tizimining soz holatdaligi to‘liq o‘rganilib, tekshiruv o‘tkazilgan.
«Tekshiruvlar natijasida, maktabning sanitariya holati talabga javob bermasligi ma’lum bo‘lganidan so‘ng, aniqlangan kamchiliklar yuzasidan maktab rahbariyatiga nisbatan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirildi», — deyiladi xabarda.
Oktyabr oxirlarida Sanepidqo‘mita xodimlari gepatit aniqlangan Bektemir tumanidagi 345-sonli maktabda, oktyabr boshida esa ushbu tumandagi 290-sonli maktabda, shuningdek, Yashnobod tumanidagi 206- hamda 215-sonli maktablarda ham tekshiruv o‘tkazgan edi. Sentyabr oxirida Yashnobod tumanidagi 149- va 198-sonli maktablarda, undan oldin bo‘lsa 227-umumta’lim maktabida shu kabi holatlar qayd etilgan.
Gepatit virusli kasallik hisoblanib, bemorda jigar hujayralari zararlanishi kuzatiladi. Uning faoliyati buzilishi oqibatida organizmda intoksikatsiya — zaharlanish yuz beradi. Virusli gepatitning asosan 6 ta — A, B, C, D, Ye, G kabi turlari mavjud.
Mavzuga oid
17:15 / 04.12.2024
Toshkentdagi Ashxobod bog‘i vaqtincha yopildi
14:47 / 04.12.2024
Germaniyada maktabga kechikkan o‘quvchilarga jarima solish boshlandi
13:56 / 04.12.2024
«Bir million dasturchi» loyihasida eng yaxshi natija ko‘rsatgan maktabga elektromobil beriladi
22:07 / 03.12.2024