O‘zbekiston | 01:01 / 20.08.2020
17366
3 daqiqa o‘qiladi

Rossiyalik shifokor: «Koronavirusning ikkinchi to‘lqini yengilroq kechishi taxmin qilinmoqda»

Koronavirusga qarshi kurashda o‘zbekistonlik hamkasblariga yordam berish uchun kelgan rossiyalik shifokorlarning bir guruhi Samarqandga tashrif buyurdi. Ularni viloyat hokimi Erkinjon Turdimov qabul qildi.

Bir necha kun oldin Rossiyadan O‘zbekistonga jami 38 nafar turli yo‘nalishdagi shifokorlar tashrif buyurdi. Ular orasida anestezolog, reanimatolog, yuqumli kasalliklar bo‘yicha mutaxassislar, epidimiolog va terapevtlar bor edi.

Rossiyalik shifokorlar bir nechta guruhga bo‘lingan holda Toshkent, Termiz, Jizzax, Buxoro, Urganch va Samarqandagi tibbiyot muassasalarida o‘zbekistonlik shifokorlar bilan tajriba almashib, bemorlarni davolash ishlarida ishtirok etishi ko‘zda tutilgan.

Rossiyalik mutaxassislarning to‘rt nafari Samarqand shahriga tashrif buyurdi va ular shahar shifoxonasi, reabilitatsiya markazi, taqsimlash va davolash markaziga borib, samarqandlik shifokorlarning ishi bilan tanishdi.

Samarqand viloyati hokimi bilan uchrashuvda rossiyalik shifokorlar Samarqanddagi davolash muassasalari haqida taassurotlarini o‘rtoqlashishdi.

«Samarqandda koronavirusga chalingan bemorlarni davolash uchun barcha sharoitlar qilinganiga guvoh bo‘ldik. Taqsimlash markazida bo‘ldik, u yerda kompleks tarzda davolash ishlari yo‘lga qo‘yilgani eng to‘g‘ri qaror bo‘lgan. Ayniqsa, markazlashgan kislorod yetkazib berish uskunalarining o‘rnatilishi juda to‘g‘ri ish. Shifokorlarning ishlashi va dam olishi uchun yaxshi sharoitlar qilinganini ko‘rdik. Markaz faoliyatini o‘rganib, o‘z maslahatlarimizni ham berdik», deydi rossiyalik shifokor Riat Kanserov.

Viloyat hokimi bilan uchrashuvda rossiyalik shifokorlar koronavirusning kuzda bo‘lishi taxmin qilinayotgan ikkinchi to‘lqini va uning oldini olish uchun zarur bo‘ladigan ishlarni ham muhokama qilishdi. Ularning fikricha, ikkinchi to‘lqin ancha yengil tarzda o‘tishi ham mumkin.

«Koronavirusning ikkinchi to‘lqini ancha yengil kechishi taxmin qilinmoqda. Qolaversa u bilan kurash ham nisbatan osonroq kechadi. Chunki shifokorlarning ancha tajribasi oshdi», deydi Kanserov.

Rossiyalik shifokorlar Samarqandda bir oy davomida bo‘lib, bemorlarni davolash ishlarida ishtirok etishadi. Uchrashuv so‘ngida Erkinjon Turdimov ushbu og‘ir kunlarda yordam berish uchun mamlakatimizga tashrif buyurgan rossiyalik shifokorlarga minnatdorchilik bildirdi.

Mavzuga oid