Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Ochilboy Ramatovga parlament so‘rovi yuboriladi
Bosh vazir birinchi o‘rinbosariga “O‘zbekiston Respublikasi hududida suv obektlarining suvni muhofaza qilish zonalarini belgilash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar holati to‘g‘risida”gi Qonunchilik palatasining parlament so‘rovini yuborish haqida qaror qabul qilindi.
Qishloq xo‘jaligi sohasi, shuningdek boshqa suv iste'molchilarining ehtiyojlarini ta'minlashda suv obektlari, xususan, daryolar, ko‘llar, suv omborlari, kanallar, kollektorlar hamda boshqa suv obektlari zaxiralaridan tejamli foydalanish o‘ta muhim ahamiyatga ega. Qonunchilik palatasining 21 avgust kuni bo‘lib o‘tgan navbatdagi majlisida deputatlar ushbu masalani ko‘tarib chiqishdi.
Parlament saytida yozilishicha, xalq vakillari tomonidan o‘tkazilgan o‘rganish va tahlillar mazkur sohada muayyan ishlar olib borilayotganiga qaramay, suv obektlarining suvni muhofaza qilish zonalarini belgilash, mazkur hududlarda nazoratni tashkil qilish borasidagi ishlar yetarli darajada tashkil etilmaganligini ko‘rsatmoqda.
Xususan, Surxondaryo viloyatidagi 3 ta daryo — To‘polang, Sangardak va Sherobod daryolari va Uchqizil suv omborining, Jizzax viloyatidagi “Zominsuv”, “Nuraksoy” va “Xo‘jamushkensoy” soylarining, Buxoro viloyatidagi 9 ta ko‘lning, Namangan viloyatidagi 14 ta kichik daryo va boshqa suv obektlarining suvni muhofaza qilish zonalari to‘liq belgilanmagan. Bunday holatni boshqa hududlardagi suv obektlari misolida ham ko‘rish mumkin.
Deputatlarning qayd etishicha, suv obektlarining suvni muhofaza qilish zonalari (aniq chegaralar) belgilanmagani ularni samarali nazorat qilish imkoniyatini cheklamoqda. Shu bilan birga, ularga tutash yer maydonlarining o‘zboshimchalik bilan egallanishiga, mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan suvni muhofaza qilish zonalari hududidagi yer maydonlarini boshqa maqsadlar uchun ajratish to‘g‘risida noqonuniy qarorlar qabul qilinishiga va nizolar kelib chiqishiga sabab bo‘lmoqda.
Birgina 2020 yilning olti oyi davomida tegishli organlar tomonidan suvni muhofaza qilish, qirg‘oqbo‘yi hududlarida o‘tkazilgan reydlar va monitoring natijalariga ko‘ra, bu borada respublika bo‘yicha jami 950 ta qonunbuzarlik holati sodir etilgani aniqlangan.
Daryo o‘zanlarini tozalash, qum-shag‘al qazib olish va ularni qayta ishlash bilan shug‘ullanuvchi 504 ta korxona faoliyati o‘rganilganda, ularning 170 tasida oqovani suv havzasiga ruxsatsiz oqizish, suvni muhofaza qilish zonalarida noqonuniy qum-shag‘al qazib olish, chiqindilar joylashtirish bilan bog‘liq qonunbuzilish holatlari aniqlangan.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, majlisda O‘zbekiston bosh vazirining birinchi o‘rinbosari Ochilboy Ramatovga “O‘zbekiston Respublikasi hududida suv obektlarining suvni muhofaza qilish zonalarini belgilash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar holati to‘g‘risida”gi Qonunchilik palatasining parlament so‘rovini yuborish haqida qaror qabul qilindi.
Mavzuga oid
20:43 / 11.05.2025
Olimlar Mars qa’rida ulkan ko‘l borligini aniqladi
17:26 / 29.04.2025
Turkmaniston prezidenti Ochilboy Ramatov bilan uchrashdi
12:15 / 28.04.2025
Farg‘onada 1 maydan ichimlik va oqova suv xizmatlari narxi oshadi
21:21 / 05.04.2025