O‘zbekiston | 12:26 / 22.08.2020
2602
5 daqiqa o‘qiladi

Tashkent Pharma Park klasteri faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari qabul qilinadi

Tashkent Pharma Park innovatsion ilmiy-ishlab chiqarish farmatsevtika klasteri innovatsion va yuqori sifatli farmatsevtika mahsulotlarini ishlab chiqarishga mo‘ljallangan maxsus hududdir.

Foto: kp.ru

Vazirlar Mahkamasining “Tashkent Pharma Park innovatsion ilmiy-ishlab chiqarish farmatsevtika klasterining faoliyatini tashkil etish va moliyalashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e'lon qilindi.

“Tashkent Pharma Park innovatsion ilmiy-ishlab chiqarish farmatsevtika klasterini tashkil etish” loyihasini moliyalashtirish uchun O‘zbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi tomonidan 50 million dollargacha miqdordagi mablag‘lar 3 yil imtiyozli muddatni o‘z ichiga olgan holda 10 yil muddatga, yillik 3 foiz stavkada kredit beriladi.

O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi ko‘rsatilgan mablag‘larni jalb qilishda tuziladigan kredit shartnomasi bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligining Jamg‘arma oldidagi majburiyatlari yuzasidan belgilangan tartibda davlat kafolati beradi.

Mazkur kredit mablag‘lari Farmatsevtika tarmog‘ini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamg‘armasi, “Dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnika ekspertizasi va standartlashtirish davlat markazi” DUK mablag‘lari va qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa mablag‘lar hisobidan so‘ndiriladi.

Kreditning hisobini yuritish, uni qoplash mablag‘larini yig‘ish uchun Moliya vazirligi G‘aznachiligida maxsus hisob-raqam (so‘mda va AQSh dollarida) ochiladi.

Loyihani amalga oshirish uchun Jamg‘arma hisobidan jalb etilgan kredit mablag‘larini o‘z vaqtida qaytarishni ta'minlash maqsadida, istisno tariqasida normativ-huquqiy hujjatlar Agentlik, uning bo‘ysunuvchi tashkilotlari va Farmatsevtika tarmog‘ini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamg‘armasiga Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 16 apreldagi “2020 yil uchun O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjetining barqarorligini ta'minlash va xarajatlarini maqbullashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 232-son qarori 4-bandi tatbiq etilmaydi.

Kreditni so‘ndirish uchun mablag‘lar joriy yilning 1 iyulidan boshlab har 6 oy muddatda kreditni qoplash maxsus hisob-raqamiga o‘tkaziladi.

Quyidagilar:

“Tashkent Pharma Park innovatsion ilmiy-ishlab chiqarish farmatsevtika klasterini rivojlantirish Direksiyasi” davlat muassasasi boshqaruv xodimlari umumiy cheklangan soni 12 nafardan iborat bo‘lgan tuzilmasi;

“Tashkent Pharma Park innovatsion ilmiy-ishlab chiqarish farmatsevtika klasterini rivojlantirish Direksiyasi” davlat muassasasining rahbar xodimlari va mutaxassislari mehnatiga haq to‘lashning Yagona tarif setkasi bo‘yicha razryadlari tasdiqlanadi.

Agentlikka Tashkent Pharma Park innovatsion ilmiy-ishlab chiqarish farmatsevtika klasteri hududida joylashtirilgan investitsiya loyihalarining miqdori va investitsiyalar hajmiga bog‘liq holda Tashkent Pharma Park innovatsion ilmiy-ishlab chiqarish farmatsevtika klasterini rivojlantirish Direksiyasining boshqaruv xodimlarining umumiy cheklangan soni va ajratilgan ish haqi fondi doirasida uning tasdiqlangan tuzilmasi va shtat jadvaliga o‘zgartirish kiritish huquqi beriladi.

Agentlik Farmatsevtika tarmog‘ini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan Direksiyaga 3 dona avtotransport vositalari, shu jumladan bitta navbatchi avtomobil, bitta shaxsiy va yuqori martabali mehmonlar uchun bitta yuqori klass avtomobil sotib olishga pul mablag‘lari ajratadi.

Shuningdek, zarur hollarda Farmatsevtika tarmog‘ini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan Tashkent Pharma Park innovatsion ilmiy-ishlab chiqarish farmatsevtika klasterining vasiylik kengashining qarori asosida qo‘shimcha avtotransport vositalari sotib olishi mumkin.

Klaster hududida tashkil etiladigan loyihalarni xalqaro standartlar asosida sifatli hamda belgilangan muddatlarda amalga oshirilishi uchun jalb etilgan konsalting va injiniring xizmatlarini ko‘rsatishda ishtirok etadigan mutaxassislar hamda maslahatchilarning mehnatiga haq to‘lash Farmatsevtika tarmog‘ini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.

Agentlik, O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan kelishgan holda bir oylik muddatda kelgusida qo‘shimcha moliyalashtirishni ajratish imkoniyati bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Tashkent Pharma Park innovatsion ilmiy-ishlab chiqarish farmatsevtika klasterini tashkil etish to‘g‘risida” 2020 yil 28 yanvardagi PQ-4574-son qarorida belgilangan birinchi navbatdagi tadbirlarni tezkor bajarish uchun Farmatsevtika tarmog‘ini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamg‘armasidan Direksiya hisob raqamiga asoslantirilgan yillik hisob-kitoblar bo‘yicha aniqlangan mablag‘larni ajratadi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid