Jahon | 21:03 / 23.08.2020
10845
3 daqiqa o‘qiladi

Yevropa ittifoqi Belarusni «ikkinchi Ukraina»ga aylantirmoqchi emas - Jozep Borrel

Yevropa ittifoqi 9 avgustdan beri prezidentga qarshi norozilik namoyishlari davom etayotgan Belarusni “ikkinchi Ukrainaga” aylantirmoqchi emas. Bu haqda Yevropa ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili Jozep Borrel El Pais nashriga bergan intervyusida aytib o‘tdi.

Foto: Reuters

Uning ta'kidlashicha, Belarusdagi inqiroz Ukrainada Yevromaydan vaqtidagi vaziyatga o‘xshamaydi. Ukrainadagi noroziliklar geosiyosiy ko‘rinishga ega bo‘lgan, chunki ukrainaliklar Yevropa ittifoqi bayroqlari ostida Yevropa va Rossiya o‘rtasida tanlov qilishgan. Borrelning tushuntirishicha, belaruslar hozirda “ona yoki ota bilan bo‘lish uchun” kurashmayaptilar, shunchaki fuqarolik erkinliklari va huquqlarini talab qilishmoqda.

“Belarusdagi vaziyatni Ukrainadagi bilan qiyoslab bo‘lmaydi. Belaruslar “ona yoki ota”, deb bahslashishmayapti. Ular fuqarolik erkinliklari va huquqlarini talab qilishmoqda. Yevropa ittifoqi ham Belarusni ikkinchi Ukrainaga aylantirmoqchi emas. Yevropa va Rossiya o‘rtasidagi o‘sha keskinlik olov, zo‘ravonlik va Ukraina hududining parchalanishi bilan tugadi. Belaruslar uchun bugungi kundagi muammo Rossiya va Yevropa o‘rtasida tanlash emas, balki Yevropa ittifoqining asosiy qadriyatlari hisoblangan erkinlik va demokratiyaga erishishdan iborat. Shu sababli biz bu qadriyatlarni qo‘llab-quvvatlaymiz”, deb ta'kidlab o‘tgan Yevropa ittifoqi vakili.

Borrelning aytishicha, Yevropa ittifoqi Venesuela prezidenti sifatida Nikolas Maduroni tan olmaganidek, Aleksandr Lukashenkoni Belarusning qonuniy prezidenti deb tan olmaydi. “Bu nuqtayi nazardan Maduro va Lukashenko mutlaq bir xil vaziyatda. Biz ular qonuniy saylangan deb tan olmaymiz”, deb qo‘shimcha qilgan siyosatchi.

Avvalroq Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Belarusdagi vaziyatni “ukraincha ssenariyga” o‘tkazishga urinishlar bo‘layotgani haqida ta'kidlab o‘tgan. 

9 avgustda Belarusda o‘tgan prezident saylovlari ntijalariga ko‘ra amaldagi prezident Aleksandr Lukashenko 6-muddatga qayta saylandi. Shundan keyin mamlakatda unga qarshi norozilik namoyishlari boshlangan va hanuzgacha davom etmoqda. Muxolifat saylovlarda o‘z nomzodi Svetlana Tixanovskaya g‘alaba qozongan, deb hisoblamoqda. 

Ta'kidlanishicha, 23 avgustda Belarus poytaxti Minskdagi navbatdagi namoyishlarga 100 mingdan ko‘proq odam chiqqan. 

Mavzuga oid