O‘zbekiston | 22:41 / 25.08.2020
14690
2 daqiqa o‘qiladi

Maktablarga kirishda dezinfeksion yo‘lak qo‘yilmaydi – vazir

Xalq ta'limi vaziri Sherzod Shermatov maktablarning kirish joylarida dezinfeksion yo‘laklar qo‘yilmasligini ma'lum qildi.

«Pandemiya boshlangan dastlabki davrda barcha joylarda dezinfeksion vosita sepuvchi maxsus yo‘laklar qo‘yib tashlandi. Ba'zi hokimiyatlar tomonidan maktablarning kirish joylariga ham shu turdagi yo‘laklar o‘rnatilgan edi.

Ammo hozir bularning barchasi olib tashlandi. Maktabning oldida hech qanday dezinfeksion yo‘lak bo‘lishi kerak emas. Maktab direktorlari ham, hokimliklar ham bu yo‘laklarni o‘rnatishi, ularga xarajat qilishi mutlaqo kerak emas», dedi vazir AOKAdagi matbuot anjumanida.

Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi direktor o‘rinbosari Bahrom Almatov maktablarning xlorli vositalar bilan tozalanishi o‘quvchilar salomatligiga salbiy ta'sir ko‘rsatmasligini qayd etib o‘tdi.

«Xlorli dezinfeksiyalovchi vositalar yaxshi samara bergani, ishlatishga qulayligi bois jamoat joylarini zararsizlantirishda ishlatib kelinmoqda.

Xlor bilan ochiq yuzalarni zararsizlantirishda 0,3 foiz konsentratsiyadagi eritma qo‘llanadi. Bunday foizli eritma salbiy ta'sir ko‘rsatmaydi, 20 daqiqadan keyin xonada hidi ham qolmaydi. Zaharlanishga olib keladigan darajadagi xlorli birikmalar qo‘llanmaydi», deya Almatovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Mavzuga oid