O‘zbekiston | 08:22 / 25.08.2020
8611
5 daqiqa o‘qiladi

Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi Tashkent Central Park loyihasiga imtiyoz va preferensiyalarni maqsadga muvofiq emas deb baholadi

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihasini ishlab chiqish va kelishishning yagona elektron tizimi (project.gov.uz) orqali O‘zbekiston prezidentining “Tashkent Central Park ko‘p tarmoqli majmuasi qurilishi bo‘yicha investitsiya loyihasini amalga oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaror loyihasi Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasiga taqdim etildi.

Qo‘mita matbuot xizmati xabariga ko‘ra, qaror loyihasi bilan Taskent Merkez Park Gayrimenkul Yatirim Anonim Sirketi kompaniyasi (Turkiya) va UzTur Investment and Development MChJ o‘rtasida 2020 yil 27 may kuni Tashkent Central Park ko‘p tarmoqli kompleksini qurilishi” investitsiya loyihasini amalga oshirish bo‘yicha investitsiya shartnomasi imzolanganligi ko‘rsatilgan.

Qaror loyihasida investor 2024 yil 1 yanvargacha:

a) yagona ijtimoiy to‘lovdan tashqari barcha turdagi soliqlar va yig‘imlardan, xorijiy mutaxassislarining ish haqi fondi bo‘yicha yagona ijtimoiy to‘lovdan, “vaqtincha olib kirish” bojxona rejimida olib kiriladigan va rasmiylashtiriladigan qurilish texnikasi, mashina va mexanizmlar, asbob-uskunalar, vaqtinchalik bino va inshootlar, transport vositalari davriy bojxona to‘lovlaridan, qo‘shilgan qiymat solig‘idan – investorlar, pudrat va subpudrat tashkilotlari O‘zbekiston Respublikasi norezidentlari tomonidan bajariladigan ishlar (ko‘rsatiladigan xizmatlar) bo‘yicha, jismoniy shaxslardan olinadigan foyda solig‘idan – investitsiya loyihasida ishtirok etuvchi xorijiy mutaxassislar;

b) 2022 yil 1 yanvarga qadar – texnologik hujjatlar, materiallar, xomashyo, uskunalar, ehtiyot qismlar, butlovchi buyumlar, shuningdek metall prokatini olib kirishda bojxona to‘lovlarini to‘lashdan (bojxona rasmiylashtiruvi uchun yig‘imlardan tashqari), 2022 yil 1 yanvardan 2024 yilga qadar esa – o‘rnatilgan tartibda tasdiqlanadigan ro‘yxatlar asosida yuqorida qayd etilgan tovarlar olib kirilganda bojxona to‘lovlaridan (bojxona rasmiylashtiruvi uchun yig‘imlar va qo‘shilgan qiymat solig‘idan tashqari) ozod qilinishi belgilanmoqda.

Shuningdek, qaror loyihasida investorlar, pudratchilar va subpudratchilarga investitsiya loyihasini amalga oshirish doirasida olib kiriladigan tovarlarni o‘zining saqlash uchun omborxonalariga joylashtirishga ruxsat berilmoqda.

Qayd etilishicha, “Raqobat to‘g‘risida”gi qonunning 12-moddasiga muvofiq, davlat boshqaruvi organlari va mahalliy davlat hokimiyati organlarining ayrim xo‘jalik yurituvchi sub'yektlarga ularni tovar yoki moliya bozorida faoliyat ko‘rsatayotgan boshqa xo‘jalik yurituvchi sub'yektlarga nisbatan afzal holatga qo‘yadigan imtiyozlar, preferensiyalar va yengilliklarni asossiz ravishda berishi ta'qiqlanishi ko‘rsatilgan.

Prezidentning 2017 yil 8 sentyabrdagi PF-5185-son farmoni bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston Respublikasida Ma'muriy islohotlar konsepsiyasi”da xususiy sektor samarali faoliyat ko‘rsatayotgan sohalarda davlat ishtirokidagi tijorat tashkilotlarini tuzishga cheklov choralarini belgilash va amaldagi korxonalarni qayta tashkil etish, shuningdek, sog‘lom raqobat muhitining rivojlanishini cheklayotgan alohida xo‘jalik yurituvchi sub'yektlarga eksklyuziv huquqlar, individual imtiyozlar hamda preferensiyalar berish amaliyotidan voz kechish ko‘rsatilgan.

Shuningdek, prezidentning 2018 yil 31 maydagi “Imtiyozlar va preferensiyalar berish tartibini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-3756-sonli qaroriga asosan soliq va bojxona imtiyozlari hamda preferensiyalar qonunlar va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti hujjatlari bilan umuman tarmoqlar, faoliyat sohalari, hududlar uchun berilishi, vaqtinchalik imtiyozlar prezident hujjatlari bilan 3 yildan ortiq bo‘lmagan muddatga berilishi, individual imtiyozlar, alohida hollarda, xususiy sektor investitsiya kiritishdan manfaatdor bo‘lmagan tarmoqlarda ijtimoiy ahamiyatga ega loyihalarni amalga oshirish uchun, aniq ijtimoiy yoki iqtisodiy asoslar mavjud bo‘lganda yoxud O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalariga muvofiq, prezident hujjatlari bilan berilishi ko‘rsatilgan, deyiladi ma'lumotda.

Ta'kidlanishicha, qo‘mita tomonidan ushbu qaror loyihasining qabul qilinishi oqibatida boshqa xo‘jalik yurituvchi sub'yektlarga nisbatan afzal holatga qo‘yadigan imtiyozlar, preferensiyalar va yengilliklar berilishi “Raqobat to‘g‘risida”gi qonunning 12-moddasi, prezidentning 2017 yil 8 sentyabrdagi PF-5185-son farmoni bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasida Ma'muriy islohotlar konsepsiyasiga, prezidentning 2018 yil 31 maydagi PQ-3756-sonli qarori talablariga zid ekanligini inobatga olib, qarorning qabul qilinishi maqsadga muvofiq emas deb xulosa berilgan, deyiladi qo‘mita xabarida.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid