Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Iste'molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi metro xizmatlari yuzasidan o‘rganish ishlarini boshladi
Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi huzuridagi Iste'molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi metropoliten xizmatlari xususidagi holatlarni nazoratga olmoqda. Bu haqda qo‘mita matbuot xizmati xabarida aytildi.
Kecha, 28 aprel kuni Toshkent metropolitenining «Novza» bekati yaqinida poyezd vagoni texnik nosozlik oqibatida to‘xtab qoldi. Metrodagi nosozlik tufayli shahar jamoat transportida yuqori darajadagi tirbandliklar yuzaga keldi. «Chilonzor» yo‘lida harakat to‘xtab qolgani tufayli bekatlarda to‘planib qolgan yo‘lovchilar tashqariga chiqishga majbur bo‘lishgan.
Shuningdek, 18 mart kuni «Olmazor» (Chilonzor yo‘li) va «Bekat-1» (Sergeli yo‘li) orasidagi tunnelda ikkita poyezd to‘qnashuvi yuz bergan bo‘lsa, 9 aprel kuni ijtimoiy tarmoqlarda poyezdning ochiq eshiklar bilan harakati tushirilgan video tarqaldi.
Shu bilan birga, metropolitendagi yer osti va yer usti poyezd harakatlarining bir nechta boshqa videolari ham ijtimoiy tarmoqlarda ko‘p bora muhokama qilindi. Kecha esa tunnelda to‘xtab qolgan poyezd haqidagi video tarqaldi, unda yo‘lovchilar relslar orqali harakatlanib bekatga yetib olishgani tasvirlangan.
Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi ma'lumotiga ko‘ra, «Shahar yo‘lovchilar transporti to‘g‘risida»gi qonun 8-moddasida yo‘lovchi tashishning asoslari belgilab qo‘yilgan, jumladan:
- shahar yo‘lovchilar transportining bir maromda ishlashini tashkil etish;
- yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish sifati va madaniyatini oshirish;
- yo‘lovchilar hayoti va sog‘lig‘i xavfsizligini, transport vositalari harakati xavfsizligini, shuningdek atrof-muhitni muhofaza qilish talablari bajarilishini ta'minlash.
«Ammo, «poytaxt yer ostidagi» voqealar xizmat ko‘rsatuvchining o‘z majburiyatlarini bajarmayotganidan dalolat bermoqda. Ushbu holatlar va har bir yo‘lovchi iste'molchi ekanini hamda ularning haq-huquqlari «Iste'molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida»gi qonun bilan himoyalanishini eslatgan holda, Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi huzuridagi Iste'molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi yuqorida keltirilgan muammolarni o‘z nazorati ostiga olib, metropoliten xizmatlari yuzasidan o‘rganish ishlarini boshlaganini ma'lum qiladi», deyiladi qo‘mita xabarida.
Mavzuga oid
14:35 / 25.03.2021
Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi raisi Toshkent viloyati hokimiga o‘rinbosar bo‘ldi
12:03 / 23.11.2020
10 dekabrgacha poytaxt metropoliteni barcha vestibyullari bosqichma-bosqich ochiladi
08:43 / 04.11.2020
Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi maktablarni jihozlashda davlat korxonasi monopoliyasiga qarshi chiqdi
08:22 / 25.08.2020