O‘zbekiston | 10:23 / 25.08.2020
52774
4 daqiqa o‘qiladi

Sherzod Shermatov: «O‘quv yilini 14 sentyabrdan boshlash taklifi kiritildi»

Bir hafta oldin sinov tariqasida virus tarqalmagan, xavfsiz hududlardagi ba'zi kichik maktablarni ochish, ushbu jarayonda barcha choralarni to‘liq va to‘g‘ri amalga oshirilishini o‘rganib chiqish ham rejalashtirilgan. 

Bu yilgi o‘quv yilini 14 sentabr – dushanba kunidan boshlash taklif sifatida kiritildi. Bu haqda xalq ta'limi vaziri Sherzod Shermatov xabar berdi.

Vazirlik 3ta ssenariy bo‘yicha ishlayotgan edi. Ular orasida an'anaviy maktabni ochish, onlayn maktab orqali o‘qitish va aralash (gibrid) ssenariy bor. 

Vazirning yozishicha, «Telegram» orqali deyarli 1 mln. foydalanuvchi qatnashgan so‘rovnomada 70 foiz ota-ona bola sog‘lig‘idan xavotirda bo‘lib, uyda o‘zi onlayn o‘qitishi mumkinligi, 30 foizi esa pandemiya sharoitida ham farzandini maktabga yuborishini bildirgan.

«Shuning uchun, aholini ko‘proq qatlamini rozi qilishni inobatga olib, faqat 3-ssenariy, ya'ni ota-onalarning o‘zlariga tanlash huquqini berish eng optimal variant bo‘lib turibdi.

Bir tomondan, internetda ba'zi davlatlarda maktablar ochilib, kasallik ko‘payishi natijasida qaytadan yopilgani, bolalar o‘zi kuchli kasallanmasa-da, kattalarga qaraganda kuchliroq virus tashuvchisi bo‘lishi mumkinligi haqida xabarlar tarqalyapti.

Ikkinchi tomondan, bu virusdan yaqin orada qutilmasligimizni, vaksina ishlab chiqilgan taqdirda ham uni barcha xavfsizlik sinovlaridan o‘tkazishga va ishlab chiqarib bizga yetib kelishiga ancha vaqt ketishi ham aniq. Shunga, ushbu vaqt davrida farzandlarimiz bilim olishdan orqada qolib ketmasliklari zarur», - deydi Sh. Shermatov.

Uning ma'lum qilishicha, karantin qoidalarining yumshatilishi kasallik holatlarining ortishiga olib kelishi mumkinligi, ularni davolashga ham qo‘shimcha vaqt talab etilishi kerakligi hamda o‘qish boshlanishidan avval ularni davolab, kamaytirish muhimligi kabi faktorlarni inobatga olib ekspertlar fikridan kelib chiqib, bu yilgi o‘quv yilini 14 sentabr – dushanba kunidan boshlash taklif sifatida kiritildi.

Shuningdek, bir hafta oldin sinov tariqasida virus tarqalmagan, xavfsiz hududlardagi ba'zi kichik maktablarni ochish, ushbu jarayonda barcha choralarni to‘liq va to‘g‘ri amalga oshirilishini o‘rganib chiqish ham rejalashtirilgan. Maktabga o‘quvchilarning bir vaqtda kelmasligi, kirayotganda isitmasi o‘lchanishi, barcha darslar bir sinf xonasida o‘tilishi, tanaffusda sinf havosi shamollatilishi, o‘quvchilarga ijtimoiy masofani saqlashni tushuntirish kabi qator talablar ishlab chiqilib, joylardagi barcha maktablarda ijrosini ta'minlanish choralari ko‘rilish kerak bo‘ladi.

«Shu sababli, bugun-erta barcha maktablarda ota-onalardan so‘rovnomalar o‘tkazilmoqda. Bizga har bir ota-onaning fikri muhim. Iltimos, ushbu so‘rovnomada faol qatnashing! Pandemiya sharoitidan kelib chiqib, aynan sizning farzandingiz maktab ochilganda maktabga borib o‘qiydimi yoki uydan onlayn o‘qiydimi degan savolga faqat siz javob bera olasiz! Bizga esa bu so‘rovnomalar barcha maktablar kesimida aniq, obektiv holat bo‘yicha ma'lumotni yig‘ishga imkon beradi.

Maktablar qayta ochilishi, ta'limni aralash ko‘rinishda tashkil etish, albatta, maktab jamoasiga qo‘shimcha mas'uliyat va vazifalar yuklaydi. Shuning uchun, ushbu jarayonlarda, hurmatli ota-onalarimizdan, pedagoglar mehnatini ham qadrlashlarini so‘rab qolamiz!», - deydi vazir.

Mavzuga oid