O‘zbekiston | 21:57 / 25.08.2020
17949
2 daqiqa o‘qiladi

Yangi tartibda ishlash o‘qituvchining maoshiga ta'sir qilmaydi – Sherzod Shermatov

Xalq ta'limi vaziri Sherzod Shermatov AOKAda o‘tkazilgan matbuot anjumanida xavf guruhiga kiruvchi o‘qituvchilar sonini ma'lum qildi.

«So‘nggi yillarda bo‘lgan o‘zgarishlar bilan pensiyaga chiqqan o‘qituvchilarning ko‘pchiligi tajribali ekani hisobga olinib, maktablarga qaytarilgan edi.

Hozir yarim millionga yaqin o‘qituvchilarimizning 20 mingdan ortig‘i pensiya yoshidagi o‘qituvchilar hisoblanadi. Va ular koronavirusning xavf guruhiga kiradi», dedi vazir.

U har bir o‘qituvchi o‘zini ehtiyot qilish choralarini ko‘rishi kerakligini aytib o‘tdi.

«Koronavirusdan tashqari o‘tkir respirator kasalliklar mavsumi ham yaqinlashmoqda. O‘qituvchilarni birinchi navbatda bu kasalliklarga qarshi emlash masalasi ham oldimizga qo‘yilgan», dedi Sherzod Shermatov.

Shuningdek, vazir o‘quv yili gibrid shaklda boshlanadigan bo‘lsa, bu o‘qituvchilar maoshiga ta'sir qilmasligini ma'lum qildi.

«Bu tartibda ishlash o‘qituvchining maoshiga ta'sir qilmaydi. Pandemiya davrida o‘tgan o‘quv yilining 4-choragida asosiy darslar televizion shaklda berilgan paytda ham o‘qituvchilarning oyligi doimiy berib borildi.

Bu vaziyatda xususiy maktab o‘qituvchilarining davlat maktablariga o‘tishi holatlari ham kuzatildi. Oldin o‘qituvchilar faqat davlat maktabidan xususiy maktablarga ishga o‘tishar edi», deya ta'kidladi Sherzod Shermatov. 

Mavzuga oid