Video: Andijonda test sinovlari oldidan «repetitsiya» o‘tkazildi
Joriy yil Andijonda OTMlarga kirish sinovlari «Barkamol avlod» sport majmuasi o‘yingohi va unga yaqin ochiq sport inshootlarida o‘tkazilishi rejalashtirilgan. 25 avgust kuni imtihonlar oldidan tayyorgarlik mashg‘ulotlari bo‘lib o‘tdi.
O‘yingohda bir smenada 4 050, bir kunda 8 100 nafar abituriyent test sinovi topshirishiga mo‘ljallangan.
Viloyatdagi 4ta OTMda o‘qish istagini bildirgan 106 697 nafar abituriyent ro‘yxatdan o‘tkazilib, tanlov ko‘rsatkichi 15,5 tani tashkil etdi.
Ularning 63 410 nafari kunduzgi ta'lim shakliga, 43 887 nafari sirtqi ta'lim shakliga hujjat topshirdi.
«Mazkur stadionlar hududiga va binolarga kirish-chiqish joylarida ijtimoiy masofani saqlash, sanitariya-gigiyenik talablarga rioya etish, hamda test sinovlari jarayonini to‘liq videokuzatuvga tushirish bo‘yicha barcha zaruriy ishlar amalga oshirildi. Ushbu sport majmuasida test sinovlari 12 kunda yakunlanadi», – deydi Davlat test markazining Andijon viloyatidagi vakili Nizomiddin Toshtemirov.
25 avgust kuni bo‘lib o‘tgan o‘quv mashg‘ulotida 2 mingga yaqin «shartli abituriyent», 253 nafar guruh nazoratchilari, 266 nafar ichki ishlar va milliy gvardiya xodimlari, 36 nafar FVV
Andijon viloyati boshqarmasi xodimlari, 80 nafar tibbiyot xodimlari, 110 nafar sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazi xodimlari ishtirok etdi.
Shuningdek, tadbirga ichki ishlar va milliy gvardiyaga qarashli 24 ta, FVV
Andijon viloyati boshqarmasiga qarashli 4 ta maxsus xizmat mashinalari hamda 4 ta tez tibbiy yordam mashinalari jalb etildi.
Elmurod Ermatov, Kun.uz muxbiri.
Tasvirchi – Ahrorbek Yoqubjonov.