O‘zbekiston | 14:35 / 28.08.2020
36728
6 daqiqa o‘qiladi

Onkologik kasalliklar nega ko‘paymoqda, uning ilk belgilarini qanday aniqlasa bo‘ladi?

Keyingi yillarda dunyo bo‘ylab onkologik xastaliklarning ko‘payib borayotgani ushbu soha rivojiga jiddiy e'tibor qaratishni talab etmoqda.

Foto: Shutterstock

Xo‘sh, onkologik kasalliklar nega ko‘paymoqda, uning ilk alomatlarini qanday aniqlasa bo‘ladi, davolash va profilaktikasi nimalardan iborat kabi qator savollar bilan Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori Mirzag‘olib Tillashayxovga murojaat qildi.

– Bugungi kunda onkologik kasalliklarning ko‘payib borayotganiga qanday omillar sabab bo‘lmoqda?

– Darhaqiqat, onkologik kasalliklar butun dunyoda bo‘lgani kabi, yurtimizda ham, afsuski, yil sayin ko‘payib bormoqda. Jahon bo‘yicha har yili 16 million nafar onkologik bemorlar aniqlanadi. Yurtimizda esa 2013 yilda 20 ming nafar onkologik bemor aniqlangan bo‘lsa, 2019 yilning o‘zida bemorlar soni 24 648 nafarni etdi.

Bemorlar sonining oshib borayotganligiga bir necha omillarni sabab qilib ko‘rsatishimiz mumkin. Albatta, ushbu omillar sirasiga atrof-muhitning ifloslanishi, iqlimning global o‘zgarishi, iste'mol qilayotgan oziq-ovqat va ichayotgan suvimiz tarkibida turli sun'iy qo‘shimchalarning ko‘payib borayotgani, zararli odatlar hamda jismoniy faollikning pasayib borayotganligi kabi jihatlarni kiritishimiz mumkin.

Shu o‘rinda yana bir muhim omilni keltirib o‘tish joiz. Bu – dunyo aholisi sonining yil sayin ko‘payib borayotgani va aholi yashash davomiyligining ortib borayotganidir. Masalan, 1975 yilda yer shari aholisi soni 4 milliard bo‘lgan bo‘lsa, hozirda 8 milliardga yaqinlashdi, ya'ni 2 barobar oshdi. Insoniyatning o‘rtacha umr ko‘rish davomiyligi ham yil sayin uzayib bormoqda.

Insoniyat qarigan sari, deyarli barcha a'zolarning onkologik kasalliklar bilan kasallanish ehtimoli ortib boradi. Shu sababli ham aholisining ko‘pchilik qismini pensiya yoshidagi keksalar tashkil etuvchi Sharqiy Osiyo, Amerika, va ayniqsa, Yevropa davlatlarida onkologik kasalliklar bilan kasallanish eng yuqori darajada. O‘zbekiston aholisining 30,5 foizi mehnatga layoqatli yoshdan kichik, 58,9 foizi esa mehnatga layoqatli yoshda va bor yo‘g‘i 10,6 foizi bu yoshdan yuqori kishilardir. Demak, qariyb 90 foiz aholi mehnatga layoqatli yoshda va undan kichik ekan. Yurtimiz aholisi tarkibining ko‘pchilik qismini yoshlar tashkil etishi hisobiga ham onkologik kasalliklar bilan kasallanish ko‘rsatkichi nisbatan pastroq.

Eslatib o‘tish kerakki, qaysi mamlakatda onkologik kasalliklar bilan kasallanish ko‘rsatkichining yuqori bo‘lishi, shu yurtda tibbiyot uncha rivojlanmaganligi yoki shifokorlar yaxshi ishlamayotganligining belgisi emas. Aksincha, bu holat onkologik xizmatning yaxshi yo‘lga qo‘yilgani, tibbiyot muassasalarining yangi uskunalar bilan jihozlangani va zamonaviy diagnostikaning yaxshi yo‘lga qo‘yilgani hisobiga ham bo‘ladi. Asosiysi, aniqlangan onkologik bemorlar ichida erta bosqichlar foizining yuqori bo‘lishi muhimdir.

– Onkologik kasallikka chalinganda uning ilk alomatlari bilinadimi yoki faqat tibbiy tekshiruv orqaligina aniqlash mumkinmi?

– Onkologik kasalliklarning ko‘zga ko‘rinuvchi, ya'ni vizual joylashgan turlarining ilk belgilarini inson o‘z sog‘lig‘iga e'tiborli bo‘lsa, tez aniqlab olishi mumkin. O‘smalarning uchdan bir qismini vizual o‘smalar tashkil etadi. Ularga teri, lab, og‘iz bo‘shlig‘i, qalqonsimon bez, sut bezi kabi o‘smalar kiradi. Agar shu a'zolarda shish, tugun, bitmaydigan va og‘riqsiz yara, qon kelishi kabi belgilar paydo bo‘lsa, va ayniqsa, ushbu belgilar sekin-asta kuchayib, o‘sib borsa, odatiy davo samarasiz bo‘lsa, oilaviy poliklinika shifokoriga murojaat qilish zarur. Poliklinika shifokorlari, biz, onkologlar tomonidan doimiy onkologik ehtiyotkorligi oshirib borilganiligi sababli, o‘smalarning ilk belgilarini juda yaxshi bilishadi. Shubha bo‘lgan holatlarda, chuqurroq tekshirish uchun onkolog shifokorga yuborishadi.

Ichki a'zolar onkologik kasalliklarining ham qaysi a'zo zararlanishiga qarab ilk belgilari bor, albatta. Ammo, ular ko‘pchiligi spetsifik, ya'ni faqat onkologik kasalliklarga tegishli emas. Shuning uchun ham ko‘pincha boshqa kasalliklar bo‘yicha davolanib, samara bo‘lmagach, so‘ngra chuqurroq tekshirilganda onkologik kasalliklar aniqlanadi. Kuchli og‘riq paydo bo‘lishi, ichning kelmasligi, ovqatning tiqilib o‘tishi yoki umuman o‘tmay qolishi, yo‘tal bilan qon kelib hansirash, havo yetmasligi kabi belgilar, odatda, kasallikning kechki belgilaridir. Onkologik kasalliklar erta, ya'ni 1-2 bosqichlarda mahalliy o‘sma deyiladi, ya'ni, bir a'zodan tashqariga o‘sib o‘tmagan bo‘ladi. Shu sababli ham, odatda, belgisiz kechadi. Quvvatsizlik, ozish, biroz og‘irlik hissi, ishtaha pasayishi, tana haroratining biroz oshishi kabi umumiy belgilar bo‘lishi mumkin. Ammo bu belgilar boshqa kasalliklarda ham bo‘lgani sababli, odatda, onkologik kasalliklarga gumon qilinmaydi va eng zarur vaqt yo‘qotiladi.

Shu sababli ham, odamlar onkologik kasalliklar belgi bermasdan oldin, rejali va doimiy profilaktik ko‘rikdan o‘tib turishsa va skrining tadqiqotlari o‘tkazish yo‘li bilan aniqlansa, odatda, bu holatlar 1-2 bosqichda bo‘ladi. Ularni davolanishi va sog‘ayishi samarali bo‘ladi.

Shuning uchun ham, onkologik kasalliklar bilan xastalanish holatlarining ortishidan qo‘rqish kerak emas. Bu diagnostikaning yaxshilanishi belgisidir. Asosiy ko‘rsatkich – ularning qanchalik erta bosqichlarda aniqlanayotgani hisoblanadi.

Mavzuga oid