Urgutlik hasharchi otaxonlar. Ular mahallasi eng chiroyli bo‘lishini xohlaydi
Urgut shahridagi «Pastki Kalangar» mahallasida bir guruh otaxonlarni hashar ustida uchratdik. Ular mahalla yoshlariga bosh bo‘lib, ko‘chalarni obodonlashtirish bilan shug‘ullanayotgan ekan.
Avvaliga e'tibor bermagan ekanmiz, ko‘chada bir qator qilib archalar ekilgan, oyoq ostiga chiroyli qilib tosh terilgan. Archalar orasida o‘rindiqlar, yonida chiqindi qutilari o‘rnatilgan. Qisqasi, ko‘chaning umumiy ko‘rinishi nafaqat qishloq joyida yashaydiganlar, balki shahar mahallalari ham havas qilgulik darajada.
To‘xtab, otaxonlarga hormanglar, deb ularni suhbatga tortdik. Ko‘chadagi obodonchiliklarning tashabbuskori nafaqadagi shifokor Salohiddin ota Jalolov ekan. 5-6 yillar avval uzunligi 1 kilometrcha keladigan ko‘chani obod va namunali ko‘cha qilish sa'y-harakatlari boshlangan hamda bugun ancha ishlar qilingan.
«2013 yilda qo‘shni otaxonlar bilan hovlilarimizni ko‘cha qismini obodonlashtirish haqida bir to‘xtamga keldik va ish boshladik. O‘shanda ko‘chamizdagi daraxtlar tartibsiz ekilgan edi. Ko‘cha tarafda teraklar shundoqqina elektr simlari ostida tartibsiz o‘sar va har gal shamol bo‘lganda simlar bir-biriga tegib nimstansiyani portlatib yuborar yoki xonadonlardagi elektr jihozlarni kuydirar edi.
Ishni o‘sha teraklarni kesib, o‘rniga archa ekishdan boshladik. Bir-ikki yilda archalar ko‘zga tashlanib qolgach, ular orasiga o‘rindiqlar va chiqindi qutilari o‘rnatdik. Keyin oyoq ostiga chiroyli qilib tosh terishni maqsad qildik. O‘zimiz taraflarda ham tosh ko‘p, ammo bizga avtomobillar bosganda ham ezilib ketmaydigan pishiq toshlar kerak edi. Bunday toshlarni Jizzaxdan topib keldik. Oyog‘ingiz ostidagi tosh terilganiga 6 yil bo‘ldi, ko‘rib turibsiz, ular yaxshi holatda saqlanayapti.
Maslahatlashib, ko‘chamizni boshdan oyoq mana shunday chiroyli ko‘rinishga keltirishni maqsad qildik. Tan olish kerak, bu tashabbusimizga qarshi bo‘lganlar ham bo‘ldi. Ayrimlar hozir ham qarshilik qilayapti. Ammo biz to‘xtamoqchi emasmiz. Ko‘chamizni Urgut-Panjyekent yo‘liga (ya'ni Urgut-Bulung‘ur yo‘li) tutashgan qismigacha mana shunday chiroyli qilish niyatimiz bor. Bu tashabbusni boshlaganimizga 7 yil bo‘ldi. Xudo xohlasa keyingi yilda ko‘chamizni oxirigacha mana shunday chiroyli ko‘rinishga keltirishni maqsad qilganmiz», deydi Salohiddin ota.
Keyin otaxon ko‘cha boshidagi elektr taqsimlovchi nimstansiyani ko‘rsatdi. Turli murojaatlar ortidan mamlakatimizning ko‘plab hududlarida bo‘lamiz va aksariyat joylarda nimstansiyalar qarovsiz, o‘tkinchilar uchun xavfli, ochiq holatda bo‘ladi. Hasharchi otaxonlar esa nimstansiyani panjara bilan o‘rab, tepasiga temir qoplama ham qilib qo‘yishgan.
«Mana shu nimstansiya va unga tortib kelingan beton simyog‘ochlarni 2006 yilda hashar yo‘li bilan qilganmiz. Shuncha yillardan beri nimstansiyaning atrofi ochiq va qarovsiz holda yotgan edi. Bu yo‘lovchilarga, ayniqsa, yosh bolalar uchun xavfli. Shu yil bahorda nimstansiyani chiroyli qilib rangladik, atrofini panjara qilib o‘radik va bir qismiga temirdan qoplama qildik.
Yaqinda Urgut elektr tarmoqlari korxonasini rahbari kelib, qilgan ishlarimizni ko‘rdi va xursand bo‘ldi. U tez orada ko‘chamizdagi eski, chirigan yog‘och simyog‘ochlarni yangi beton simyog‘ochlarga almashtirib berishini va'da qildi. Agar mustaqillikkacha shu ishni bajarib bersa, to‘yga to‘yona bo‘lardi», deydi Salohiddin ota.
«Do‘xtir bobo (Salohiddin Jalolovni shunday chaqirishadi) bilan mana shu toshlarni Jizzaxdan olib kelganmiz. Ilk archa ko‘chatlar ekilganidan boshlab bugungacha ularni parvarishi bilan o‘zimiz shug‘ullanamiz. Meni o‘zim ustaman. Mana bu suv tarqatadigan minoraning g‘ishtlarini ham o‘zimiz terganmiz.
Boshqa joylarga borganimizda biror yaxshi tashabbusga ko‘zimiz tushsa, kelib ko‘chamizni obod qilish uchun o‘shandan foydalanamiz. Yoshlarga bosh bo‘lib darrov hashar tashkil qilamiz. Mablag‘ni ham har kim ko‘nglidan chiqarib beradi, kimdir pensiyasidan, kimdir maoshidan deganday.
Bu ishlarni bolalarimiz va nabiralarimiz uchun qilayapmiz. Mana shu chiqindi qutilarini o‘rnatib, nabiralarimizga ko‘chaga chiqindi uloqtirmaslik kerakligini, qayerda bo‘lsa ham chiqindilarni maxsus qutilarga tashlashni, bu ishni o‘rtoqlariga ham tayinlashni so‘rab, saboq berdik», deydi otaxonlardan biri Jalilov Mahmadali.
Salohiddin ota otaxonlar bilan bajargan ishlarini gapirib berar ekan, shu paytgacha yordam so‘ramagan hokimiyatdan endi yordam so‘rashini bildirdi: «Ko‘chamizni oxirigacha mana shunday chiroyli ko‘rinishga keltirish uchun archa ko‘chatlarini sotib olish, yo‘l chetiga beton ariqlar qilishni va boshqa mayda-chuyda ishlarni hashar yo‘li bilan eplaymiz. Ammo ko‘chaning o‘ziga salkam bir kilometr joyga tosh terib chiqish uchun katta mablag‘ kerak bo‘ladi. Asfalt qilaylik desak, bunga ham biz otaxonlarning pensiyamizdan ajratadigan pulimiz yetmaydi. Shu uchun Urgut tuman hokimiyatiga ko‘chamizni asfalt qilib berishni so‘rab murojat qilmoqchimiz. O‘ylaymizki, ular ijobiy javob berishadi», deydi otaxon.
Bugungi kunda tanasida kuch-quvvati yetarli bo‘lgan insonlarni ham umum manfaati yo‘lida qilinadigan hasharlarda ishtirok etishi kamaygan paytda bu otaxonlarning qilayotgan ishlari namuna qilib ko‘rsatishli, bizningcha...
G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi
Tasvirchi va montaj ustasi Faxriddin Hotamov
Mavzuga oid
11:38 / 17.11.2024
Samarqandda 3 kishining o‘limiga sabab bo‘lgan haydovchiga hukm o‘qildi
08:50 / 21.09.2024
«Ochiq budjet» portalida «Mahalla budjeti» bo‘limi ishga tushdi
10:06 / 19.09.2024
“Omonqo‘ton” milliy tabiat bog‘idagi noqonuniy yo‘l: prokuratura jinoyat ishi qo‘zg‘atdi
19:00 / 13.09.2024