Jamiyat | 17:30 / 31.08.2020
14789
3 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda reyd: avtomobilida kechasi baland ovoz chiqarib harakatlanuvchi haydovchilarga chora ko‘rilmoqda

Toshkentda tungi vaqtda yuqori tezlikda harakatlanib, baland ovoz chiqaruvchi avtotransport vositalariga qarshi navbatdagi reyd o‘tkazildi. Bu haqda Kun.uz muxbiri xabar bermoqda.

27 avgustdagi reyd avvalida ichki ishlar vaziri o‘rinbosari, general-mayor Azizbek Ikromov YPX xodimlari bilan uchrashib, topshiriqlar berdi.

«Shaharda tartib bo‘lishi kerak. Yo‘llarda qoidabuzarlik bo‘lsa, aniqlab joyiga qo‘yilishi zarur. Eng asosiysi, mototsiklmi, propeller, velosiped bo‘ladimi, baqiradigan yoki Porsche bo‘ladimi – bugundan boshlab, baland tovush chiqaradigan avtotransportlar vositalarining hammasini qat'iy nazorat qilasizlar.

«Assalomu alaykum, men falonchi falonchi» deb o‘zingizni tanishtirib, «hurmatli haydovchi, qoidabuzarlik qildingiz», deb jarimasini shart-shart yozinglar. «Nega yo‘l qoidasini buzyapsiz», deb so‘ranglar. Vaziyatni to‘g‘ri tushuntiringlar. Hozir ko‘p haydovchilar o‘z aybini bo‘yniga olmay, «GAI»ni ayblaydi. Yo‘llarda harakatlanish tartibini nazorati kuchaytirilsin. Kim yaxshi ishlasa, albatta mukofotlaymiz», – dedi vazir o‘rinbosari.

Reyd davomida yuzlab avtomobil va mototsikllar to‘xtatilib, haydovchilarga yo‘llarda harakatlanish tartiblariga rioya qilish bo‘yicha tushuntirish ishlari olib borildi.

Toshkent shahar IIBB YXHB matbuot kotibi Qahramon Xudoyberdiyev haydovchilarda harakatlanish madaniyati yuqori emasligini aytadi.

«1 avgustdan 7 avgustgacha bo‘lgan vaqt oralig‘ida karantin payti bo‘lgani sababli shaharda bitta yo‘l transport hodisasi qayd qilingan edi. 15 avgustdan 22 avgustgacha bo‘lgan vaqtda esa 17ta avtohalokat ro‘y bergan, 3 kishi vafot etgan.

Biz uchun har bir o‘lim iztirobli. Har kuni shunday hodisalar sabab qattiq jarohatlangan, ayrim hollarda vafot etgan insonlarni uchratamiz. Raqamlarning har birini tahlil qilib boramiz. Aytishim kerakki, biz yo‘llarda harakatlanish madaniyatini yuqori darajaga olib chiqsak, o‘ylangan, ko‘zlangan maqsadga erishamiz», – deydi Qahramon Xudoyberdiyev.

YPX xodimlariga ko‘ra, bugungi kunda Toshkentda haydovchilar tomonidan svetoforning harakatni taqiqlovchi qizil chirog‘iga bo‘ysunmaslik, avtomashinani mast holatda boshqarish yoki belgilangan tezlikni me'yoridan oshirish holatlari ko‘p uchramoqda. Aksariyat yo‘l-transport hodisalari shu kabi qoidabuzarliklar oqibatida ro‘y bermoqda.

Mavzuga oid