O‘zbekiston | 21:23 / 31.08.2020
12366
4 daqiqa o‘qiladi

Zamonaviy texnopark, kengayayotgan metropoliten, qayta qurilayotgan yo‘llar - Toshkentdagi yangi loyihalar taqdim qilindi

Mustaqillik bayrami arafasida Toshkent shahrida qator loyihalar, infratuzilma obektlari foydalanishga topshirildi. Poytaxtda ilk marta yer usti metrosi harakatlana boshladi, yer osti metrosiga ikkita bekat qo‘shildi; ko‘p tarmoqli ishlab chiqarish texnoparki ochildi, Farg‘ona yo‘li ko‘chasi rekonstruksiya qilinmoqda.

31 avgust kuni ushbu loyihalar bilan tanishtirish maqsadida OAV uchun press-tur tashkil etildi.

Ishga tushirilgan yer usti va yer osti metro liniyalari

Dastlabki manzilimiz – Toshkent metropolitenining qurilishi tugallangan Yunusobod yo‘nalishidagi «Turkiston» va «Yunusobod» bekatlari bo‘ldi.

Ushbu metro yo‘nalishining ikkinchi bosqichi qurilishi prezidentning 2016 yil 7 noyabrdagi qaroriga muvofiq boshlangan edi. Shavkat Mirziyoyev bu yerga bir necha bor kelib, ishning borishi bilan tanishgandi. Loyihaning umumiy qiymati 103,8 million dollar bo‘lib, qariyb 3 kilometr metro yo‘li hamda «Yunusobod» va «Turkiston» bekatlari barpo etilgan.

Shuningdek, «Do‘stlik-2» bekatidan «Qo‘yliq» bekatigacha bo‘lgan, 11 kilometr uzunlikdagi 7ta bekatdan iborat Toshkent yer usti halqa metrosining birinchi bosqichi ham ishga tushirildi.

Birinchi bekatdan oxirgisigacha 19 daqiqada yetib olish mumkin. Bu masofada har biri 4ta vagondan iborat 4ta poyezd qatnaydi. Yo‘nalish ochilishi bilan 225ta yangi ish o‘rni yaratilgan.

Yerusti halqa metrosi loyihasining umumiy qiymati 422 million dollardan ziyod bo‘lib, 5ta bosqichda amalga oshirilishi rejalashtirilgan. 2-bosqichda Qo‘yliq bozori bilan Toshkent yerosti metrosining «Olmazor» bekati bog‘lanadi. Uchinchi bo‘lib «Beruniy», undan keyin «Bodomzor» bekatigacha bo‘lgan qism quriladi. So‘nggi bosqichda esa halqa metro liniyasi yana «Do‘stlik» bekatiga ulanadi. Bu yo‘llarning jami uzunligi qariyb 55 kilometr, bekatlar 35ta bo‘ladi.

Farg‘ona yo‘li ko‘chasi

Keyingi manzilimizda, Farg‘ona yo‘li ko‘chasida amalga oshirilayotgan ta'mirlash va obodonlashtirish ishlarini ko‘zdan kechirdik. 6,7 km uzunlikdagi yo‘l hozirda ikki qismga bo‘linib, rekonstruksiya ishlari olib borilmoqda.

Rekonstruksiya ishlari yo‘lning asos qatlamidan boshlab olib borilmoqda. Ushbu yo‘lda nogironligi bor fuqarolar va velosiped yurishi uchun yo‘laklar ham tashkil etilmoqda.

Farg‘ona yo‘li ko‘chasi yil oxirigacha zamonaviy holda foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan.

Texnopark

So‘ngi manzilimiz 2019 yil avgustda prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan asos solingan, umumiy qiymati 51,5 million AQSh dollari bo‘lgan ko‘p tarmoqli Texnopark ishlab chiqarish majmuasi bo‘ldi.

Yashnobod tumanida joylashgan korxonada Janubiy Koreyaning «Samsung Electronics» kompaniyasi texnologiyasi o‘rnatilgan. Bu yerda maishiy sovutgichlar ishlab chiqarish zavodi 29 avgust kuni foydalanishga topshirildi.

Korxonada ishlab chiqarish jarayoni to‘liq avtomatlashtirilgani natijasida har 19 soniyada bitta mahsulot tayyorlash mumkin. Yuqori qo‘shimcha qiymatga ega bu sovutgichlarning 30 foizini eksport qilish ko‘zda tutilgan. Bu yerda 1500ta ish o‘rni yaratilgan.

Mazkur texnopark 2019 yil avgustda tashkil etilgan. Bu yerda 2020-2021 yillarda 15ta investitsiya loyihasi amalga oshirilishi rejalashtirilgan. Barcha loyihalar bajarilgandan keyin jami ishlab chiqarish hajmi yiliga 800 mln dollar bo‘lishi mo‘ljallangan.

Mavzuga oid