O‘zbekiston | 16:20 / 06.09.2020
63208
3 daqiqa o‘qiladi

Javob bo‘yalmagan yoki barcha kataklar bo‘yalgan savolga nega ball berilgan? DTM izoh berdi

Davlat test markazi internetda tarqalayotgan ayrim javoblar varaqalarida bo‘yalmagan yoki barcha javoblar bo‘yalgan bo‘lsa-da, ball berilgan holatlarga izoh berdi.

«Ushbu holatda hech qanday qonun buzilishi aniqlanmadi. Bunda abituriyent tomonidan rasmda ko‘rinib turgan savollarga nisbatan e'tiroz bildirilgan va unga mos doiracha bo‘yalmasdan qoldirilgan. E'tirozni o‘rganish natijasida abituriyentning e'tirozi asosli topilib, unga ball berilgan.

Ta'kidlash kerakki, shundan so‘ng e'tirozli deb topilgan shu savol qaysi test topshiriqlari kitoblarida tushgan bo‘lsa, barchasiga ball berilgan. Tegishli doiracha bo‘yalmagan yoki o‘sha savolning barcha doirachalari bo‘yalgan bo‘lsa ham», – deyiladi DTM izohida.

Bloger Xushnudbek Xudoyberdiyev bu holatga o‘z munosabatini bildirdi.

«Soddaroq tilda tushuntiradigan bo‘lsam, DTMning savollar kitobidagi o‘sha savolda nuqson bo‘lgan. Misol uchun, savol berilgan-u, lekin texnik xatolik sabab javoblar chop etilmay qolgan bo‘lishi mumkin. Yoki savolning yarmi bor-u, yarmi yo‘q, yoxud savol boshqa, unga berilgan variantlar umuman boshqa.

Xullas, savollar mana shunaqa texnik xatolik bilan chop etilgan bo‘lsa, qaysidir abituriyent shikoyat qilgan. Nazoratchilar tekshirib ko‘rib, haqiqatdan savol-javobda texnik xatolik borligi haqida dalolatnoma tuzishgan.

Keyinchalik DTM ham qayta tekshirib, haqiqatdan texnik xatoligi bo‘lgani uchun o‘sha savolga ball bergan. Bu ijtimoiy adolat jihatdan to‘g‘ri qaror, sababi DTM xatosi uchun abituriyent javob bermasligi kerak.

Va eng qizig‘i, xuddi o‘sha savol qaysi abituriyentlarga tushgan bo‘lsa, o‘shalarning barchasiga ball berilgan. Hammasini bo‘yagan bo‘lsa ham, ochiq qoldirgan bo‘lsa ham, qaysidir bitta variantni belgilagan bo‘lsa ham, farqi yo‘q, o‘sha xato savolga hammaga ball berilgan.

Hurmatli abituriyentlar. Javobni bo‘sh qoldirsa yoki hamma variantni belgilasa, ball berilar ekan, degan maslahatlarga ishonib yurmang. Bunaqa emasligini internetda tarqagan rasmlardan ham ko‘rsa bo‘ladi. 60ta bo‘sh qoldirilgan katakdan faqat bittasiga, texnik nuqsoni bor savolgagina ball berilgan. Shuning uchun bunaqa qing‘ir usullarga emas, o‘z bilimingizga ishoning», – deb yozadi bloger Xushnudbek Xudoyberdiyev.

Avvalroq, internetda surati tarqalgan testlar bo‘yicha abituriyentlarga chora ko‘rilgani xabar qilingan edi.

Mavzuga oid