O‘zbekiston | 19:13 / 07.09.2020
20944
5 daqiqa o‘qiladi

Andijon-Farg‘ona yo‘lidagi blokpostlar qachon olinadi?

Bugun 7 sentabr. O‘zbekiston hududida karantin cheklovlari yumshatilganiga deyarli bir oy bo‘lyapti. Biroq OAV necha bor bong urgan bo‘lsa-da, Farg‘ona viloyatini Andijon va Namangan viloyatlari bilan bog‘lab turuvchi yo‘llardagi blokpostlar olingani yo‘q.

Andijonni Farg‘ona bilan bog‘lab turuvchi asosiy Asaka-Quva va Shahrixon-Quva yo‘llaridan beton to‘siqlar olinmadi va transport qatnovi hali tiklanmadi. Bundan tashqari, Namangan va Farg‘ona o‘rtasidagi Ulug‘nor tumanidagi yo‘l ham to‘silganicha turibdi. Vaholanki, 15 avgustdan mamlakatda shaharlararo jamoat transporti aloqalari ham tiklangandi.

Viloyatlar o‘rtasidagi yo‘ldan transport vositalari o‘ta olmayotgani aholini sarson qilib qiyinchiliklar tug‘dirmoqda. Mazkur muammo oqibatida uch viloyatda tadbirkor, dehqon va ishlab chiqaruvchilar katta zarar ko‘rmoqda. Hozirda ularning Farg‘onaga o‘tishi uchun yoki farg‘onaliklarning Andijon va Namanganga borishi uchun 130 kilometr ortiqcha harakatlanib, O‘sh-Toshkent yo‘li bilan Bo‘ston-Yozyovon posti orqali o‘tishmoqda.

Kun.uz saytida ham mazkur muammoli holat bo‘yicha bir necha marta chiqishlar qilindi. Biroq, Farg‘ona mutasaddilari xalqni qiynab kelayotgan muammoni hal qilishganicha yo‘q.

Tuman hokimi: «Viloyatlar chegarasida yo‘l ta'miri ketyapti. Ishlar yaqin orada tugatiladi»

Farg‘ona viloyati hokimligi mas'ullari mazkur holatga Quva tumani hokimligidan batafsil izoh olish mumkinligini aytishdi. Quva tumani hokimi Ravshanbek Qurbonov masala yuzasidan izoh berdi.

«Ayni paytda Asaka va Quva tumanlarining chegara hududiga yaqin bo‘lgan yo‘lning 7 kilometri, Shahrixon-Quva yo‘lining 5 kilometr hududida mukammal ta'mirlash-asfaltlash ishlari ketmoqda. Yo‘l bilan birgalikda uning atrofidagi beton ariqchalar va trotuarlarni ham yangilayapmiz. Hududda Quva tuman «Yo‘llardan foydalanish» unitar korxonasining 70 nafar ishchisi va texniklari ish olib boryapti. Bundan tashqari, viloyat tashkilotidan yuborilgan ikkita maxsus texnika ham yordam bermoqda. Yo‘lni ta'mirlash ishlari qizg‘in olib borilyapti. Agar mana shu sur'atda ish olib boriladigan bo‘lsa, besh-olti kunda ishlar yakuniga yetib qoladi.

Hozir bor kuchni Asaka-Quva chegarasidagi yo‘lga qaratganmiz. Hududdagi ishlar yakuniga yetishi bilan Shahrixon-Quva yo‘liga o‘tamiz. Transport vositalari harakati cheklanganining - sababi mana shu yo‘llardagi ta'mirlash ishlari olib borilayotganida. Ishlar yakuniga yetgach, yo‘lning ochilishi masalasini tegishli mutasaddilar ko‘rib chiqadi», deydi tuman hokimi.

Mutasaddi yo‘l ta'mirlash ishlari ketayotgani haqidagi fotolavhalarni taqdim etdi.

Xulosa o‘rnida

Mazkur masala yuzasidan Farg‘ona viloyat hokimligi axborot xizmati bayonot bergan. Unda ijtimoiy tarmoqlardagi «Farg‘ona viloyati hokimi tomonidan Andijon viloyatining eksporti hajmini kamaytirish maqsadida Quva yo‘llari berkitilganmi?», degan savolga javob berilgan. Bayonotda Quva tuman «Yo‘llardan foydalanish» unitar korxonasi vakili Ravshanbek O‘ktamov 25 kilometrlik 4R 112 Farg‘ona halqa yo‘lining ikkita hududida rejalashtirilgan ta'mirlash ishlari olib borilayotgani va yo‘l karantin cheklovlariga emas, balki ta'mirlash ishlari sabab berkitilganini aytadi. Mahalliy aholi vakillari ham yo‘llarning holati yomon bo‘lib ketgani uchun ta'mirlash ishlari ketayotganidan minnatdorligini bildirishgan.

Mazkur yo‘l berk turishi Andijon viloyati eksport hajmiga qay darajada salbiy ta'sir o‘tkazishi mumkinligiga oydinlik kiritish uchun Asaka tuman hokimligi qishloq xo‘jaligi mutasaddilari bilan bog‘landik.

Ular Andijonning Asaka, Xo‘jaobod tumanlarida yetishtirilgan meva-sabzavotlar Quva va Oltiariq orqali chet elga chiqib ketishini tasdiqlashdi. Bundan tashqari, Andijon viloyatining sut mahsulotlari ishlab chiqaruvchi korxonalari har kuni Farg‘ona viloyatidagi ko‘plab mijozlariga mahsulot yetkazib berishda qiynalmoqda.

Quva yo‘li yopiqligi sabab dehqon va tadbirkorlar yaqin yo‘l o‘rniga 130 kilometrlik yo‘lni bosib o‘tishga majbur bo‘lishmoqda. Yo‘llar transport qatnovi uchun yopiq turishi har ikki tomon aholisi va ishlab chiqaruvchilari uchun yomon holatdir.

Bizni taajjubga solgani - odatda avtomobil yo‘llari ta'mirlanganida qatnov qismining avval bir tarafi ta'mirlanib, ikkinchi tomonida harakat davom etaverardi. Farg‘onadagi holat esa boshqacha...

Quva tumani hokimi aytganidek, yaqin besh-olti kunda yo‘lni ta'mirlash ishlari yakuniga yetishiga umid qilamiz...

Elmurod Ermatov

Элмурод Эрматов
Tayyorlagan Элмурод Эрматов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid