O‘zbekiston | 19:05 / 08.09.2020
71813
6 daqiqa o‘qiladi

Deputat Kusherbayev sudga chaqirildi. Unga qarshi ko‘rsatma olishga urinish bo‘lgani aytilmoqda

Toshkent viloyatida ishi jinoiy sudda ko‘rilayotgan sudlanuvchidan Oliy Majlis deputati Rasul Kusherbayevga qarshi ko‘rsatma berish talab qilingani iddao qilinmoqda. 7 sentabr kungi sud majlisida deputat va tergov organlari xodimlari so‘roq qilindi, deb xabar bermoqda Kun.uz muxbiri.

7 sentabr kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Oqqo‘rg‘on tuman sudida Zokirjonov Javohir Zokirjon o‘g‘liga nisbatan yuritilgan jinoyat ishi bo‘yicha navbatdagi sud majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda guvohlar so‘roq qilindi.

Zokirjonov Javohir Zokirjon o‘g‘li 

Tergov organi ayblov xulosasiga ko‘ra, «Qo‘shyog‘och oltin fayzli baliqlari» MChJ rahbarlari​ – Javohir Zokirjonov va uning akasi Bekzod Zokirjonov 2019 yil iyun-sentabr oylari davomida baliqchilik havzasini tashkil etish uchun qazib olingan qum-shag‘al aralashmalarini ish haqi va boshqa maqsaddagi hisob-kitob kelishuviga asosan tashib ketilishiga yo‘l qo‘ygan. Shu tarzda, tadbirkorlar o‘zlariga ishonib topshirilgan va ularning ixtiyorida bo‘lgan jami qiymati 600 789 105 so‘mlik davlat mulkini o‘zlashtirish va rastrata qilish yo‘li bilan talon-toroj qilganlikda ayblanyapti.

Advokat Umid Davlatovning Kun.uz'ga ma'lum qilishicha, uning himoyasi ostidagi Javohir Zokirjonov Jinoyat kodeksining 167-moddasi («o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish») 3 qismi «a» bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda ayblanmoqda. Advokat ushbu jinoyat ishi doirasida bir qancha protsessual tartiblar buzilgani, sudlanuvchining aybliligini isbotlash uchun yetarli dalil mavjud emasligini e'tirof etib, oqlov himoya pozitsiyasida ekanini bildirdi.

Sudlanuvchi Javohir Zokirjonovga ko‘ra, undan tuman prokurori katta yordamchisi – ishni yuritgan tergovchi Jamolsher Rustamov deputat Rasul Kusherbayevga nisbatan ko‘rsatma berishini talab qilgan.

«Hammasini u qilgan, dedi. Sen faqat o‘rtada turganding, o‘sha narsani yozib bersang, bas, dedi... «Mening nomimga joy berilgandi, korxonaning norasmiy rahbari u edi», deb yozib ber, degan», – deya sudda ko‘rsatma berdi Javohir Zokirjonov.

Advokatning iltimosiga ko‘ra, sudda deputat Rasul Kusherbayev ham guvoh tariqasida so‘roq qilindi. U Javohirni avvaldan tanishini, saylovchilariga g‘amxo‘r bo‘lib, Yangiyo‘l va Chinoz tumanlarida yashovchi aholi murojaatini doim o‘rganib kelganini, Zokirjonov ham shulardan biri bo‘lganini aytdi.

«Yangiyo‘l tumanida faoliyat olib boruvchi tadbirkorlar sonini aniq bilmayman, butun respublikada ham ko‘p. Menga ulardan ko‘p masalada murojaat kelib tushadi. Javohir va uning akasi men yashayotgan mahallada istiqomat qiladi. Kimgadir ishi bitishida qandaydir nafim tegsa, bu noto‘g‘ri tushunilib, bunda mening ulushim bor, degan faraz paydo bo‘lsa – bu o‘sha odamlarning buzuqligidan.

Baliqchilik xo‘jaligini tashkil etishda ham akasi menga murojaat qilgandi. Hujjatlari bitmayotganini aytganda, hokimiyatdan so‘raganman: hammasi raso bo‘lsa, nega ishni paysalga solyapsiz? Bu aynan joylarda ishchi guruh bilan masalalarni o‘rganish paytida yuz bergan. Unga huquqiy maslahatlar berib, tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlab kelganman. Ammo qo‘llov korxona meniki ekanini anglatmaydi. Agar shunday bo‘lsa, Yangiyo‘l, Yuqori Chirchiq va butun respublikada ko‘mak olgan tadbirkorlarning joylari meniki bo‘lib chiqishi kerak. Bu noto‘g‘ri qarash», – deydi u.

Kusherbayevning ta'kidlashicha, Javohir Zokirjonovga tergovoldi surishtiruv boshlanganda, deputatning prokuratura organlari bilan bog‘liq boshqa muammolari ham paydo bo‘lgan. Bularning hammasi bir vaqtga to‘g‘ri kelgan.

«Nahotki, bu ishni qilishgan, degan shubha paydo bo‘lyapti. Davlat rahbarining siyosatidan yurib, tadbirkorlarga yordam berib, ularni qonuniy qo‘llab-quvvatlash oqibatida bunaqa gaplar chiqsa, deputat nima ish qilish kerak? Men deputatlik vakolatimdan kelib chiqib, ko‘mak berganman. Agar ular noqonuniy ish qilgan bo‘lsa, protsess davomida barchasi qonuniy ko‘rib chiqilsin. Qonunlar ishlasin. Aybi bo‘lsa, aybli bo‘lishi kerak. Aybi bo‘lmasa, soxtalashtirish shart emas. Bular saylov okrugimdagi saylovchilar, har bir saylovchi uchun sudda kelib javob berish talab etilsa, buni bajarishga tayyorman», – dedi u.

Shuningdek, sudda baliqchilik havzasini tashkil etish uchun yer qazish ishlarini bajargan tadbirkor Aziz Yo‘ldoshev ham guvohlik berdi. Uning aytishicha, sudlanuvchining akasi Bekzod Zokirjonov bajarilgan ish uchun to‘lovni o‘z muddatida bajarmagan. Shu tufayli, u ish haqi evaziga qazib olingan shag‘alni berishini so‘ragan. Ammo tergovda ham, sudda ham havzadan qancha mashina qum-shag‘al olib ketganini aniq ayta olmadi.

Aziz Yo‘ldoshev

Yo‘ldoshevning bildirishicha, havzadan chiqqan qum-shag‘al «havzaning dambasini qurish uchun» ishlatilgan. Bundan tashqari, «hokimiyat topshirig‘i bilan yuk mashinalar sanoqsiz marta havzadan shag‘al olib ketgan».

Sudda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurash departamenti Bekobod tuman bo‘limi boshlig‘i lavozimida ishlagan hamda tergovni olib borgan tuman prokurori katta yordamchisi Iftixor Sultonov (hozirda boshqa lavozimda faoliyat olib bormoqda) ham guvoh sifatida so‘roq qilindi. U va ishni yuritgan tergovchi Jamolsher Rustamov deputat Rasul Kusherbayevga nisbatan ko‘rsatma talab qilinganini inkor etib, jinoyat ishi amaldagi qonunchilikka muvofiq yuritilganini aytishdi.

Sud 9 sentyabrga qadar tanaffus e'lon qildi. Keyingi sud majlisida tomonlar muzokara nutqini bildiradi.

Mavzuga oid