O‘zbekiston | 20:17 / 10.09.2020
60111
4 daqiqa o‘qiladi

Toshkent viloyati yuqumli kasalliklar shifoxonasi bosh shifokoriga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atildi

Toshkent viloyati yuqumli kasalliklari shifoxonasi bosh shifokori, Toshkent viloyati bosh infeksionisti Guljahon Yo‘ldoshevaga nisbatan Jinoyat kodeksining 116-moddasi 3-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmati xabar berdi.

Guljahon Yo‘ldosheva koronavirusga chalingan og‘ir ahvoldagi bemor o‘limiga sababchi bo‘lishda ayblanmoqda va unga nisbatan «Kasb yuzasidan o‘z vazifalarini lozim darajada bajarmaslik» moddasi bo‘yicha jinoiy ish ochilgan. Bundan tashqari, u 250,8 mln so‘m budjet mablag‘larini talon-toroj qilishda ham ayblanmoqda va JKning 167-moddasi 3-qismi «a» bandi hamda 207-moddasi 3-qismi «a» bandi bilan ayblanuvchi tariqasida ishda ishtirok etishga jalb etilgan.

«2020 yil 10 avgust kuni fuqaro Sh.Minbayev Chirchiq shahar prokuraturasiga murojaat qilib, Chirchiq shahridagi yuqumli kasalliklar shifoxonasida ikki tomonlama pnevmoniya va Covid-19 tashxisi bilan og‘ir ahvolda davolanayotgan qarindoshi F.Rustamov 01.08.2020 yilda Toshkent viloyati Yuqumli kasalliklar shifoxonasi xodimlari tomonidan viloyat Ruhiy asab kasalliklari dispanseriga o‘tkazilgani va 02.08.2020 yilda uning sog‘lig‘i yomonlashib vafot etgani, shu sababli aybdor shaxslarga qonuniy chora ko‘rishni so‘ragan.

Mazkur holat yuzasidan Chirchiq shahar prokuraturasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi JKning 116-moddasi 3-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. 

Aniqlanishicha, bemor F.Rustamovning somatik holati og‘irligi, unda nafas yetishmovchiligi mavjudligi va reanimatsion muolajalarga muhtojligiga qaramasdan Yuqumli kasalliklar shifoxonasi bosh shifokorining ko‘rsatmasi bilan ushbu bemor og‘ir ahvolda viloyat Ruhiy asab kasalliklari dispanseriga yuborilgan. 

Shu bilan birga, Toshkent viloyati yuqumli kasalliklar shifoxonasida F.Rustamov nomiga yuritilgan kasallik tarixida bemor Covid-19 kasalligidan to‘liq tuzalgani haqida soxta ma'lumot kiritilgan.

Bundan tashqari, Toshkent viloyati yuqumli kasalliklar shifoxonasida budjet va budjetdan tashqari mablag‘larning maqsadli sarflanishi yuzasidan o‘tkazilgan nazorat tadbiri davomida jami 250,8 mln. so‘m budjet mablag‘lari rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilingani aniqlandi.

Toshkent viloyati yuqumli kasalliklar shifoxonasi bosh shifokori G.Yu. bir necha marta tergovga chaqirilganiga qaramasdan uzrli sabablarsiz ko‘rsatilgan muddatlarda kelmagan.

2020 yil 8 sentabr kuni shifoxona bosh shifokori G.Yu. majburiy tartibda tergovga olib kelinib, JKning 167-moddasi 3-qismi «a» bandi hamda 207-moddasi 3-qismi «a» bandi bilan ayblanuvchi tariqasida ishda ishtirok etishga jalb etildi», deyiladi xabarda.

Ayblanuvchi tergov harakatlarini amalga oshirishga to‘sqinlik qilayotgani, o‘ziga yuklatilgan majburiyatlarni bajarmayotgani, u tomonidan sodir etilgan jinoyat og‘ir jinoyatlar turkumiga kirishi, shuningdek, uning jinoiy faoliyat bilan shug‘ullanishiga barham berish, qochib ketishining, dalillarni yashirishi yoki yo‘q qilib yuborishining oldini olish maqsadida protsessual tartibda ushlanib, sudning 9 sentyabrdagi ajrimi bilan unga nisbatan «qamoqqa olish» ehtiyot chorasi qo‘llangan.

  • Bundan avvalroq Chirchiq shahrida joylashgan Toshkent viloyati yuqumli kasalliklari shifoxonasi bosh shifokori 8 sentabr kuni hibsga olingani xabar qilingandi.

Mavzuga oid