Sport | 12:43 / 11.09.2020
10311
2 daqiqa o‘qiladi

«Tyanszin Teda» Odil Ahmedovni tanishtirdi

O‘zbekiston milliy jamoasi yarimhimoyachisi Odil Ahmedov Xitoyning «Shanxay SIPG» klubidan «Tyanszin Teda» jamoasiga o‘tdi.

O‘zbekistonlik 32 yoshli futbolchi Xitoy Superligasi 10-turi doirasidagi «Shanxay SIPG» klubining «Tsindao» bilan o‘tgan (2:1) bahsidan so‘ng «Tyanszin Teda» safiga borib qo‘shildi.

Klub bugun futbolchimiz bilan shartnoma imzolab, Odil Ahmedovni rasman tanishtirdi. Shartnoma muddatli va shartlari e'lon qilinmagan.

Odil Ahmedov shanxayliklar safida 2017 yildan buyon hozirgacha 98ta uchrashuvda maydonga tushib, 10ta golga mualliflik qilgan, Xitoy Superligasi chempionligi va Superkubogi g‘olibiga aylangandi.

«Tyanszin Teda» klubini Janubiy Koreya milliy jamoasi sobiq bosh murabbiyi germaniyalik Uli Shtilike boshqarmoqda. 

Eslatib o‘tamiz, yarimhimoyachimiz «Shanxay SIPG» klubi safidagi so‘nggi tur o‘yinida maydonga tushmagan va natijada klubi mavsumdagi ilk mag‘lubiyatni qarshi olgandi. Shanxayliklar Xitoy Superligasi 10-turidan keyin 8 jamoa joy olgan «V» guruhida 23 ochko bilan peshqadamlik qilmoqda. «Tyanszin Teda» esa shu guruhda oxirgi – 8-o‘rinni egallab turibdi. Bu klub mavsumdagi 10 o‘yinda faqat bitta durang va 9ta mag‘lubiyat qayd etib, 1 ochko to‘plagan.

Ma'lumot uchun, ushbu klubda bir necha yil avval Zayniddin Tojiyev, Farhod Tojiyev hamda Aleksandr Kletskov singari o‘zbekistonlik futbolchilar to‘p surishgan.

Mavzuga oid