Jamiyat | 21:11 / 12.09.2020
19031
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston diniy-ma'rifiy hayotida muhim voqea: “Katta fiqh ensiklopediyasi” nashr qilindi

Bugun, 12 sentabr kuni “Azon kitoblari” nashriyot-matbaa birlashmasi tomonidan “Katta fiqh ensiklopediyasi” kitobining 1-jildi taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Taqdimotda loyiha rahbari Mubashshir Ahmad, ensiklopediyaning tarjimonlar jamoasi rahbari Abdulhodiy G‘iyos, olima Odinaxon Muhammad Sodiq ishtirok etdilar. Ushbu kitobning nashr qilinishi O‘zbekiston diniy-ma'rifiy hayotidagi eng muhim voqealardan biri bo‘ldi.

Loyiha rahbari Mubashshir Ahmadga ko‘ra, “Katta fiqh ensiklopediyasi” zamonaviy davrdagi eng yirik fiqhiy ensiklopediya bo‘lib, u hijriy o‘n uchinchi asrga qadar islom huquqshunosligi merosining zamonaviy va hujjatlashtirilgan shaklidir. Hozirga qadar uning jildlari 45ta bo‘lib, o‘zbek tilida 47 jildda nashr etilishi rejalashtirilmoqda.

Mubashshir Ahmad

Ta'kidlanishicha, ushbu kitobni nashr qilishda islom olamida ko‘zga ko‘ringan 200 nafarga yaqin taniqli ulamolar rahbarlik qilishgan. Kitobning nashr etilishi 40 yil davom etgan. Moliyaviy qiyinchiliklar bo‘lganiga qaramasdan, o‘sha vaqtda nisbatan boy mamlakat Quvayt bu ishni o‘z zimmasiga oladi va 1965 yilda boshlangan ish 2005 yilda yakunlangan.

“Kitobning butun dunyoda faqat urdu tiliga tarjima qilingan varianti bor edi. Shu paytgacha kitobni bir qator turkiy mamlakatlar tarjima qilishga urinishgan. Ammo bu ish oxiriga yetmay qolgan. Ammo, alhamdulillah, biz ikkinchi bo‘lib kitobni o‘zbek tiliga tarjima qilishga ulgurdik”, dedi loyiha rahbari Mubashshir Ahmad.

Kitob tarjimonlari jamoaci rahbari Abdulhodiy G‘iyos so‘zlariga ko‘ra, tarjima jarayonlari 5 yil avval boshlangan.

Abdulhodiy G‘iyos

“Tarjimonlarni turli joylardan yig‘dik. Nihoyat tarjima ishlari ham boshlandi, ammo juda qiynaldik. Chunki qanday uslubda tarjima qilishni tanlab olish qiyin bo‘ldi. Hatto kitob nashr qilinishiga oz qolganda rad qilgan tarjimalarimiz ham bo‘ldi.

Tarjimonlar tashqaridan turib bizga tarjima qilib berib turishdi. Bu yerdagi alohida tarjimonlar guruhi kelgan tarjimalarni qayta tekshirib chiqish bilan shug‘ullanishdi. Kitobga domla Luqmon Bo‘rixon muharrirlik qildi”, dedi Abdulhodiy G‘iyos.

Ma'lum qilinishicha, ushbu fiqhiy ensiklopediya tartibining soddaligi, masalalarning berilishida bir xil yo‘nalish tanlanganligi bilan o‘quvchida undan foydalanish samarasini oshiradi. Shuningdek, hamma mazhablarni o‘zida qamrab olganligi, mazhablarda dalillarning keltirilishi va qiyosiy tahlil qilinishi bilan ham ajralib turadi.

Mubashshir Ahmadga ko‘ra, kitob asosan mutaxassislarga tavsiya qilinadi. Lekin boshlang‘ich diniy tushunchaga ega bo‘lgan ziyoli insonlar qatlami ham bu kitobni bemalol o‘qib tushuna oladi. 

“Kitob ilk nashrlarining birinchi kunlaridanoq uni turli qatlamdagi kishilarga o‘qittirib ko‘rdik. Xulosamizga ko‘ra, boshlang‘ich diniy ta'lim va islom haqida tasavvurga ega inson uchun juda ham manfaatli kitob bo‘ladi”, dedi loyiha rahbari Kun.uz’ga bergan intervyusida.

Kitob hozirda sotuvga chiqarilgan

Mavzuga oid