Jahon | 18:49 / 14.09.2020
7368
2 daqiqa o‘qiladi

Navalniy oyoqqa turmoqda. Shifokorlar uni apparatdan uzishgan

Rossiyalik siyosatchi Aleksey Navalniyning holati yaxshilanishi davom etmoqda. Bu haqda u davolanishni davom ettirayotgan Berlindagi «Sharite» klinikasi xabar qildi.

Foto: EPA/TASS

Navalniy sun'iy nafas oldirish apparatidan uzilgan. U ayni vaqtda qisqa muddatga shifoxona koykasidan turishi mumkin.

Aleksey Navalniy 20 avgust kuni Tomsk — Moskva yo‘nalishidagi parvoz vaqtida samolyotda hushini yo‘qotgandi. O‘shanda samolyot Omskka majburiy qo‘ngan va bemor zudlik bilan shifoxonaga yotqizilgandi. 22 avgust kuni esa uni koma holatida «Sharite» klinikasiga olib borishdi.

Avvaliga nemis shifokorlari uning holatini og‘ir deb baholashayotgandi. 7 sentabr kuni ular Navalniy sun'iy koma holatidan chiqarilgani va mustaqil nafas ola boshlagani haqida xabar berishdi; u atrofidagilarning harakatlariga reaksiya berishni boshlagandi.

2 sentabr kuni Germaniya hukumati Navalniy Rossiyada asab tizimini falaj qiluvchi, tarkibi jihatdan «Novichok» moddasiga o‘xshash jangovar modda bilan zaharlangani haqida ma'lum qildi. Germaniya qurolli kuchlari laboratoriyasida o‘tkazilgan tadqiqot natijalari uning organizmida zahar izlarini aniqlashdi, 14 sentabr kuni Shvetsiya va Fransiyadagi laboratoriyalarda ham bu ma'lumot tasdiqlandi.

Der Spiegel va Die Zeit nashri ma'lumotlariga ko‘ra, Navalniyni Rossiya maxsus xizmatlari zaharlagan bo‘lishi mumkin. Kreml bu da'volar asossiz ekanini ta'kidlamoqda.

Mavzuga oid