Sport | 16:44 / 14.09.2020
18984
11 daqiqa o‘qiladi

«Park de Prens» ringga aylandi: 12 sariq, 5 qizil, mushtlashuvlar va Neymarning ayblovi

Chempionlar ligasi finalchisi ichki chempionatda mavsumni qatorasiga ikki mag‘lubiyat bilan boshladi va turnir jadvalida oxirgi o‘rinlarga tushib ketdi.

Foto: Reuters

Fransiya chempionatining ikki asosiy klubi o‘rtasidagi bahs mushtlashuvga aylanib ketdi va 5 futbolchi maydondan chetlatildi.

«PSJ» — «Marsel» — 0:1 (0:1)
Gol: Toven, 31.
«PSJ»: Riko, Florensi (Kurzava, 84), Bernat (Dagba, 84), Kimpembe, Kerer, Errera (Draksler, 61), I.Guyye, Sarabiya, Verratti (Paredes, 71), Di Mariya, Neymar.
«Marsel»: Mandanda, Alvaro Gonsales, Sakai, Amavi, Chaleta-Tsar, Kamara, Lopes (Strotman, 68), Ronjye, P.Guyye (Benedetto, 58), Payyet (Jyermen, 77), Toven (Radonich, 77).
Ogohlantirishlar: Sakai, 7. Neymar, 11. Payyet, 11. Florensi, 13. P.Gey, 38. Alvaro Gonsales, 50. Bernat, 52. Lopes, 61. Benedetto, 71. Paredes, 72. Di Mariya, 74. Strotman, 90+1.
Chetlatishlar: Kurzava, 90+7. Paredes, 90+7. Benedetto, 90+7. Amavi, 90+7. Neymar, 90+9.
Hakam: Brizar.
13 sentabr. Parij. Stadion «Park de Prens».

O‘n yil g‘alabasiz
Fransiyada «PSJ» va «Marsel» o‘rtasidagi o‘yinlar hamisha keskin ruhda kechgan. Bu jamoalar to‘qnashganida ularning turnir jadvalidagi o‘rinlari unutiladi, chunki asosiysi — azaliy dushmanni mag‘lub etish bo‘ladi. «PSJ» Chempionlar ligasi finalida «Bavariya»ga yutqazganida Marselda fanatlar poytaxtliklarning mag‘lubiyatini tantana qilishgandi.

Lekin bu yakshanba kuni oqshomi Parijda ro‘y bergan hodisalar bilan tenglasha olmaydi, shu kecha futbolchilar maydonga chinakamiga jang qilish uchun tushishgandi, natijada barchasi nazoratdan chiqib ketdi va fransuz futbolidagi eng qayg‘uli rekordlardan biri qayd etildi. Arbitr Jyerom Brizar futbolchilarga 17 marta kartochka ko‘rsatdi, shundan 5tasi qizil rangda edi.

«Park de Prens»dagi o‘yin oxiridagi voqealar esa barchasidan o‘tib tushdi. 

Fransiyadagi bu derbi 90-yillardan buyon bor. XX asr oxiridagi derbilarda ustunlik «Marsel» tomonida bo‘lgan, shayxlarning kelishidan keyin esa «PSJ» ko‘proq g‘alaba qozonishni boshlagan. «Marsel»ning so‘nggi g‘alabasi 2011 yilga to‘g‘ri kelardi, o‘shanda Neymar hali «Santos»da o‘ynar, Mbappe esa 12 yoshda edi. Ammo yakshanba kuni tarixda burilish imkoni paydo bo‘lgandi: koronavirus «PSJ»ning shusiz ham YeChL tufayli qisqargan mavsumoldi yig‘inini barbod qildi - Neymar, Mbappe, Keylor Navas, Paredes va Anxel Di Mariya kasallikka chalinib, mashg‘ulotlarda ishtirok eta olmadi.

Bu futbolchilarsiz parijliklar chempionatning birinchi turida debyutant «Lans»ga mag‘lub bo‘lgandi, mavsumdagi ikkinchi o‘yin esa «Marsel»ga qarshi kechdi. Neymar, Navas, Paredes va Di Mariya safga qaytgan bo‘lsa-da poytaxtliklar klubi  Andre Villash-Boash shogirdlariga mag‘lub bo‘lishdi.

O‘yin davomida videohakamlar ikki golni bekor qilishdi, 31-daqiqada Toven parijliklar himoyasidagi xatolarni jazoladi va bu gol o‘yinda yagonaligini saqlab qoldi. «Marsel» nihoyat 20-o‘yinda «PSJ»ni mag‘lub etdi. Shu raqamlarning o‘zi ham shov-shuvli tarzda muhokama qilingan bo‘lardi, agar maydon markazida boshlangan mushtlashuvlar bo‘lmaganida.

Paredes boshlab berdi
Odatdagidek barchasi arzimas voqeadan boshlandi. Ammo bunday o‘yinlarda yong‘in boshlanishi uchun uchqun chaqnashi yetarli bo‘ladi. O‘yin oxirida mag‘lubiyatdan qutulib qolishga harakat qilayotgan parijliklar Paredesga ishlatilgan qo‘pollikdan keyin to‘pni jarima zarbasidan o‘yinga kiritishga shoshilishdi. Bu vaziyatda Benedetto vaqtni cho‘zish uchun to‘pni argentinalik vatandoshiga bermadi, Paredes esa undan to‘pni olishga urindi. Mehmonlar forvardi yana vaqtni cho‘zishga qaror qildi va maydon bo‘ylab yumalay boshladi.

Hakam bu holat uchun Paredesga ikkinchi sariqni ko‘rsatishiga sabab yo‘q edi. Lekin voqea joyiga maydondagi barcha futbolchilar to‘plandi, «Marsel»ning yana bir futbolchisi maydonga yotdi. Buning uchun raqib futbolchisining salgina tegib qo‘yishi yetarli edi. Shundan so‘ng keng miqyosli jangovar harakatlar boshlanib ketdi. Bir tomonda futbolchilar bir birini urar, boshqa tomonda kimdir kimnidir bo‘g‘ar, yana bir tomonda harbiy jang san'ati usullari qo‘llanardi.

Neymarning qasosi
Ushbu ziddiyatning eng faol ishtirokchilari — parijliklar himoyachisi Kurzava va marselliklar a'zosi Amavi bo‘lishdi. Hakam ularning ikkisiga ham to‘g‘ridan to‘g‘ri qizil kartochka ko‘rsatdi. Benedetto va Paredes ikkinchi ogohlantirish uchun maydondan chetlatildi. Videohakamlarning xabaridan so‘ng bosh hakam videoyozuvlarni ko‘rib chiqishi Neymarning chetlatilishi bilan yakunlandi. Videoda braziliyalik futbolchi raqib futbolchisi Alvaro Gonsalesning boshiga ortdan zarba bergani ma'lum bo‘ldi.

Futbolchi bu harakati sababi sifatida ispaniyalik futbolchi tomonidan irqchilik qilinganini aytdi. «Men uni irqchilik qilgani uchun urdim», — dedi Neymar zaxira hakamiga maydonni tark etayotib. Braziliyalik futbolchining so‘zlariga ko‘ra, raqib uni «qora» deb atagan, keyinroq Gonsales «PSJ»ning yana bir futbolchisiga nisbatan irqchilik ruhidagi so‘zlar ishlatgani ma'lum qilindi. Xususan, Telefoot kanali xabariga ko‘ra, ispaniyalik futbolchi o‘yinning 50-daqiqasida ogohlantirilganida raqibiga qarab shunday degan: «Og‘zingni yum, qora maymun».

Hakam hushtagi yangraganidan keyin «Marsel» bosh murabbiyi Andre Villash-Boash o‘z futbolchilarini himoya qilishga urindi va Gonsales aybdor emasligi haqida gapirdi. Goal.com nashrining xabar qilishicha, portugaliyalik mutaxassis Di Mariya marsellik futbolchilardan biriga tupurganiga e'tibor qaratishga uringan. Shu bilan birga, Villash-Boash futbolda irqchilikka o‘rin yo‘qligini qayd etib o‘tgan. «Agar shunday bo‘lgan bo‘lsa, bu jiddiy masala, ammo men bunday bo‘lgan deb o‘ylamayman», — deya murabbiydan iqtibos keltirgan RMC Sport.

Nima bo‘lmasin bu mojaro hali davom etadi.

O‘yindan keyingi fikrlar
Neymar kiyim almashtirish xonasidan turib shunday tvit yozdi: «Alam qiladigani, bu yaramas bilan birga bir qoldirishmagani».

Keyinroq u davom etdi: «Sen erkak emassan, o‘z xatoingni tan ololmaysan. Mag‘lubiyat – sportning bir qismi. Ammo haqorat va irqchilik-chi? Yo‘q, men bunga qarshiman. Men seni hurmat qilmayman! Senda xarakter yo‘q! Nima deganingni tan ol… Erkak bo‘l! Irqchi», — deya yozdi u tvitterida.

Lekin u jiddiy diskvalifikatsiyadan qochib qutula olmasligi aniq.

Gonsales ham jim turmadi. U qora tanli jamoadoshlari davrasida tushgan suratini internetga joyladi va shunday izoh qoldirdi: «Bu yerda irqchilikka o‘rin yo‘q... ba'zida mag‘lubiyatni maydonda qabul qilish va bunga o‘rganish kerak».

«PSJ» sport direktori Leonardo o‘yindan keyin bergan intervyusida barchasi uchun hakam Jyerom Brisarni aybdor qildi: «Tushunmadim, nima uchun bu darajadagi o‘yinga Kleman Tyurpen yoki Rudi Bukeni tayinlashgan. Bu arbitrda muhim o‘yinlarda hakamlik qilish tajribasi yo‘q, u Yevropa Ligasida faqat bir o‘yinni boshqargan».

Darvoqe, Brisarning Yevropa Ligasida ishlagan o‘yini o‘tgan mavsumda «Xetafe» va «Bazel» o‘rtasida kechgan, o‘sha o‘yinda futbolchilarga 11 sariq va 1 qizil kartochka ko‘rsatilgan.

  • Yakun: 12 sariq va 5 qizil. Liga 1 uchun XXI asrda qo‘polliklar bo‘yicha rekord.
  • «PSJ» tarixida ikkinchi marta mavsumni qatorasiga ikki mag‘lubiyat bilan boshladi, ikki o‘yinda bitta ham gol urilmadi. Oxirgi marta bunday yomon start 1978/79 yilgi mavsumda kuzatilgandi.
  • «PSJ»ning so‘nggi goli YeChL yarimfinalida «Leypsig» darvozasiga urilgandi. O‘shandan buyon parijliklar maydonda 270 daqiqani golsiz o‘tkazishmoqda.

Mavzuga oid