Iqtisodiyot | 15:20 / 16.09.2020
47809
4 daqiqa o‘qiladi

Tsement narxi nega keskin ko‘tarilib, keyin pasaydi?

Birja orqali savdo qilinadigan yuqori likvidli 38 xil tovarning 27tasida boshlang‘ich narxga nisbatan tovar qiymati 10 foizga oshishi mumkin. Ammo yoz oylarida sement narxi keskin oshib, keyin tushish kuzatildi. Bunga nima sabab bo‘lgandi?

Foto: stroymarket.com

Respublika tovar-xomashyo birjasi bo‘lim boshlig‘i Alisher O‘rinovning aytishicha, oxirgi 2–3 oy ichida O‘zbekistonda sement mahsulotiga talab yuqori bo‘ldi.

«Tsement narxining eng yuqori cho‘qqiga ko‘tarilgan davri iyunga to‘g‘ri keldi. Ya'ni mahsulot 1 tonnasining o‘rtacha narxi birja savdolarida 891 ming so‘mga yetdi. Buning sababi nimada edi? Ishlab chiqaruvchi korxonalar karantin talablari tufayli, to‘la hajmda ishlamadi. Shuningdek, import kamaygandi. Masalan, iyun oyida taxminan 600 ming tonna sement sotilgan bo‘lsa, 158 ming tonna sement chetdan import qilingan. Keyingi oyda esa import sezilarli oshib, 211 ming tonna sement chetdan O‘zbekistonga olib kirildi. Bundan tashqari, mahalliy sement ishlab chiqaruvchilar quvvati oshib, 750 ming tonna mahsulot sotdi», — deydi u.

O‘rinovning qayd etishicha, avgust oyida 350 ming tonna sement import qilingan va 900 ming tonna mahsulot mahalliy korxonalar tomonidan ishlab chiqarilgan. Bu esa narxning tonnasiga 891 ming so‘mdan 673 ming so‘mgacha tushishiga olib keldi.

Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi bo‘lim boshlig‘i Obidjon Soatov ma'lumotiga ko‘ra, joriy yil yanvar oyi o‘rtalarida sement narxining 1 tonnasi 496 ming so‘m bo‘lgan.

«Mart oyida o‘rtalarida e'lon qilingan karantin cheklovlariga qadar, sement narxida barqaror o‘sish kuzatilgan. Qat'iy cheklovlar kuchga kirganda, narx pastga qarab ketdi. May oyida hukumat maxsus komissiyasi qarori bilan qurilish tashkilotlar faoliyati karantin qoidalariga rioya qilgan holda, tiklanishi ma'lum bo‘ldi. Shundan keyin, sement narxi yana o‘sa boshladi. Shu davrda o‘sishga asosan ichki talabning yuqoriligi, mahalliy ishlab chiqaruvchilar quvvati to‘la yetishmayotgani sabab qilib ko‘rsatiladi. Shu tufayli, xorijdan sement import qilinadi», — deydi u.

Iyulda hukumatning «Tsement importini soddalashtirish hamda ichki bozorni sifatli sement bilan ta'minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori qabul qilingandi. Hujjatga binoan, import qilinadigan sementni erkin muomalaga chiqarishni soddalashtirilgan tartibda amalga oshirishi amaliyoti joriy qilindi. Shundan so‘ng, mamlakatga chetdan sement olib kirish hajmi qisqa fursatda o‘sib ketdi va bu narxga ijobiy ta'sir qildi.

O‘tgan hafta davomidagi birja savdolariga 210 168 tonna sement qo‘yildi va shundan 203 140 tonnasi, ya'ni 96,7 foizi sotildi. Shunda, o‘rtacha kunlik sotuv hajmlari 40,6 ming tonnani tashkil qildi. Ko‘rib chiqilayotgan davrda sementning barcha markalari bo‘yicha shakllangan kunlik o‘rtacha narxlar mahsulotning bir tonnasi uchun 680,3 ming so‘mdan 640,4 ming so‘mgacha, ya'ni 5,9 foizga pasaydi.

«O‘zbekiston Respublikasida iqtisodiy o‘sishni tiklash va tizimli tarkibiy o‘zgarishlarni davom ettirish bo‘yicha 2020–2021 yillardagi amaliy harakatlar rejasi»ga ko‘ra, O‘zbekistonda sement va oyna ishlab chiqaruvchi xususiy korxonalar soni oshiriladi. Sohadagi investitsiya loyihalarini moliyalashtirish uchun «O‘zsanoatqurilishbank» ATB orqali xorijiy banklarning 175 million dollarlik uzoq muddatli kredit liniyalari jalb qilinadi. Hukumat bu bilan sement narxi keskin oshishi va importga muhtojlik darajasini tushirishga harakat qilmoqda.

Alisher Ro‘zioxunov

Mavzuga oid