Jamiyat | 12:30 / 18.09.2020
75877
8 daqiqa o‘qiladi

Qo‘shrabotdagi oshkora qotillik - raqamlar ortidan quvish va jamiyat loqaydligi mevasi

Mashhur yozuvchi Gabriel Garsia Markesning «Oshkora qotillik qissasi» nomli asari bor. Qissaning mazmuniga batafsil to‘xtalmagan holda uning mohiyatini ochadigan bir jihatgagina e'tiboringizni qaratmoqchimiz. Qotillik oshkora sodir etiladi. Hamma – qo‘ni-qo‘shnilar, butun boshli jamiyat va hatto qurbonning o‘zi ham o‘ziga qasd qilishlari mumkinligini bilib turadi. Ammo hamma jim, hamma loqayd.

Fojia jamiyatdagi loqaydlikda ekanligiga ishora qiladi yozuvchi.

Qo‘shrabot tumanidagi qotillik tafsilotlarini o‘rganish maqsadida Kun.uz muxbirlari mazkur tumanda bo‘ldi.

Jabrlanuvchi tomonning ma'lum qilishicha, joriy yilning 28 iyun kuni Erkin Qo‘shniyozov qaynotasi Bekmuhammad Galayevnikiga boradi va pichoqlanib, vafot etadi. Jinoyat kunduzi, ko‘pchilikning ko‘z o‘ngida sodir bo‘ladi.

Marhum Erkin Qo‘shniyozov yashagan xonadonda bo‘ldik. Bizga jinoyat sodir etilgan kunda akasi bilan birgalikda yangasini olib kelgani borgan Maftuna Qo‘shniyozova ko‘rganlarini gapirib berdi. Akasi uning guvohligida o‘ldirilganini aytdi.

«O‘sha kuni kechroq oilaviy kelishmovchilik sababli otasining uyiga ketib qolgan yangamni olib kelgani chiqdik. Akam yo‘l-yo‘lakay o‘g‘lining sunnat to‘yi o‘tkazilgani, bu paytda onasi yonida bo‘lishi lozimligi haqida gapirib bordi.

Yangamning ota uyiga borganimizda akam farzandlari bilan birga mendan oldinroq ichkariga kirib ketdi. Men ham ortidan sekin-asta boraverdim. O‘sha payt hovliga bir nechta yigitlar yugurib kirdi, g‘ala-g‘ovur ko‘tarildi. Akamni o‘n-o‘n besh kishi bo‘lib urishayotgan ekan. «Maftun, qutqar! Meni o‘ldirmanglar» deb yolvorardi. Holatni ko‘rib, qattiq baqirib yubordim. O‘sha vaqt akam biroz nariga qochib borishga ulgurdi. Ortidan yugurib yetib olgan yangamning akasi Akram akamning bel qismiga pichoq urdi. Yotib qolgach, orqa qismiga bir necha bor pichoq sanchdi. Ko‘z oldimda akamni so‘yib tashlashdi.

Tashqariga chiqib, dadamga telefon qildim. Akamni o‘ldirib qo‘yishganini aytdim», – deydi Maftuna Qo‘shniyozova.

Uning qo‘shimcha qilishicha, jinoyat sodir etilgunga qadar ham akasi va yangasining yaqinlari o‘rtasida bir necha marta ziddiyat bo‘lgan. Oilaviy kelishmovchilik sababli sen-menga borishgan.

Biz qotillik sodir etilgan xonadon – Bekmuhammad Galayevnikida ham bo‘ldik. Marhum Erkin Eshniyozovning turmush o‘rtog‘i Dilnoza Galayeva: «Mening ham aytadigan gaplarim bor» degach, u bilan suhbatlashdik.

«Xo‘jayinimning shar'iy nikoh orqali boshqa xotini ham bor edi. Meni kundoshim bilan yashashga majbur qildi. Zug‘um o‘tkazdi, bir necha marta urdi, ikkinchi xotinining xizmatini qilishga majburladi. Azoblarga chidolmay, otamning uyiga tez-tez kelib qo‘yadigan bo‘ldim.

O‘tgan yili Akram akam otamning yoshi o‘tib qolgan, ering senga zarar yetkazishi mumkin deb, shaharga, o‘z uyiga olib ketdi. Bizning ortimizdan kuzatib borgan xo‘jayinim akamning mashinasini yoqib yubordi. Shundan so‘ng erim mashinaning tovonini to‘lab berdi.

Ustimga xotin olgan bo‘lsa, kamiga akam bilan ziddiyatga bordi, mashinasini yoqdi, tinimsiz urardi, birga yashab nima qilaman, deb otamnikiga kelib qo‘ydim. Ammo muammo shu bilan hal bo‘lmadi. Ba'zan qo‘rqitib, ba'zan yalinib uyiga olib ketardi, oqibatda baribir ayovsiz kaltaklardi. Ko‘z oldimda ikkinchi xotini bilan uyga kirib ketardi...

O‘sha jinoyat sodir etilgan kunda ham uyimizga kelib, onamni haqoratlab, yoqasiga tarmashdi. Shu payt qayerdandir kelib qolgan akam o‘zini tutib turolmadi. Akam shunga majbur bo‘ldi.

Ajrashishga ko‘p harakat qilganman. Hujjatlarimni yashirib qo‘yardi, ajrashsang hammangni o‘ldirib ketaman, derdi. Bir marta-ikki marta ursa ham chidardim, baxtli bo‘lishni men ham istaganman. Nima bo‘lgan taqdirda ham bu voqealarning bo‘lishini xohlamagandim», – dedi Dilnoza.

Samarqand viloyat prokuraturasi ushbu holat bo‘yicha jinoyat ishi ochilgani va dastlabki tergov harakatlari olib borilayotganini ma'lum qildi.

«E.Qo‘shniyozov 2020 yil 28 iyun kuni soat taxminan 19:00 larda qaynotasi B.Galayevning uyiga kelib, turmush o‘rtog‘i D.Galayevaning qaytib borishini talab qilgan. O‘sha vaqtda qaynonasi X.Galayeva va qayinakasi A.Galayev bilan janjallashib qolishi oqibatida, A.Galayev E.Qo‘shniyozovni qasddan o‘ldirish maqsadida dastlab uning bosh qismiga temir bo‘lagi bilan, so‘ng oshxona pichog‘i bilan tanasining turli joylariga tan jarohati yetkazgan. Natijada, E.Qo‘shniyozov voqea joyida vafot etgan.

Mazkur holat yuzasidan 29.06.2020 yilda fuqaro Akram Galayevga nisbatan JKning 97-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Jinoyat ishi bo‘yicha A.Galayev 30.06.2020 yilda ayblanuvchi tariqasida ishtirok etishga jalb qilinib, qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.

Tergov harakatlari davomida ayblanuvchi A.Galayevning ko‘rsatuvlari hodisa sodir bo‘lgan joyda tekshirilib, ishga aloqador shaxslar guvoh tariqasida so‘roq qilingan hamda hodisa sodir bo‘lgan joydan olingan ashyoviy dalillar yuzasidan sudga oid biologiya va kriminalistika ekspertizalari tayinlangan.

Mazkur jinoyat ishi yuzasidan viloyat prokuraturasi tomonidan dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda. A.Galayevdan tashqari boshqa shaxslarning ishtiroki to‘liq tekshirilib, ish yuzasidan aybdor shaxslar doirasi to‘liq aniqlanib, qonuniy qaror qabul qilinishi ta'minlanadi», – deyiladi prokuratura xabarida.

Mahalla raisi bilan suhbatlashganimizda bu voqealardan xabardorligi, ikki tomon – Erkin va Akramning ham mahalla-ko‘y oldida hurmati borligi haqida gapirdi.

«Marhum Erkin artezian qudug‘i qazish bilan shug‘ullangan, Akram esa o‘qituvchi bo‘lgan. Ikkisining ham xalqqa foydasi tekkan», – deydi «Qovunchi» mahallasi raisi O‘rolboy Mahmudov.

Ma'lum bo‘lishicha, ikki oila o‘rtasidagi kelishmovchilik, umuman, yuqorida tilga olingan barcha tafsilotlardan mahalla-ko‘y, tuman hokimligining soha bo‘yicha mas'ullari yaxshi xabardor bo‘lishgan. Qayta-qayta yarashtirishga uringan.

Shu o‘rinda bir mulohaza. Yarashtirish degan so‘zni qanchalik yaxshi ko‘rsak, ajralishni shunchalik yomon ko‘rib qoldik. Bu so‘zdan qo‘rqamiz. Ko‘plab tashkilotlarning faoliyatiga ajrim va yarashtiruv salmog‘i bilan baho berishga odatlandik. Raqamlar bilan ishlaymiz. Kimdir ajrashsa, mahallaga, hokimiyatga, sudga «minus». Shuning uchun hamma jon-jahdi bilan yarashtirishga intiladi. Inson omili, vaziyat bilan qiziqmaydi. O‘sha uyda yashasa bo‘ldi, deymiz. Natijada, oshkora qotilliklar sodir bo‘ladi, bo‘lyapti.

«Murdalar gapirmaydi», degan ibora bor. Erkin o‘sha kuni singlisi guvoh bo‘lganlari qanchalik haqiqat yoki xotini Dilnoza bilan qanday muomalada bo‘lganini o‘zi bilan olib ketdi. Jinoyat vaqtida hamma qo‘rquvda, vahimada bo‘lgani rost. Masalaning bu tomoniga huquq-tartibot idoralari, sud xolis baho beradi, albatta.

Isomiddin Po‘latov,
Anvar Mustafoqulov,
Kun.uz muxbirlari.
Tasvirchi – Jahongir Aliboyev.

Mavzuga oid