O‘zbekiston | 12:05 / 19.09.2020
11758
6 daqiqa o‘qiladi

Toshkent davlat agrar universitetining Samarqand filiali tashkil etildi

Qishloq xo‘jaligi sohasi va tarmoqlari uchun kadrlar tayyorlash sifatini tubdan yaxshilash, fan, ta'lim va ishlab chiqarishning samarali integratsiyasini ta'minlash, yuqori malakali kadrlarga bo‘lgan ehtiyojni qondirish maqsad qilingan.

Vazirlar Mahkamasining “Toshkent davlat agrar universitetining Samarqand filiali faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi hamda Samarqand viloyati hokimligining 2020/2021 o‘quv yilidan boshlab Toshkent davlat agrar universitetining Samarqand filiali faoliyatini tashkil etish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berildi.

Belgilanishicha, Filial Toshkent davlat agrar universitetining yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lgan tarkibiy bo‘linmasi hisoblanadi, O‘zbekiston Respublikasi Davlat gerbi tasviri tushirilgan va o‘z nomi davlat tilida yozilgan muhrga va blankalarga, mustaqil balansga hamda O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining G‘aznachiligida shaxsiy g‘azna hisobvaraqlariga ega bo‘ladi.

Quyidagilar Filialning asosiy vazifalari etib belgilandi:

qishloq xo‘jaligida innovatsion resurs tejaydigan ilg‘or texnologiyalarni qo‘llash, «Aqlli qishloq xo‘jaligi» (Smart agriculture) va raqamlashtirilgan agrotexnologiyalarni joriy qilish bo‘yicha zamonaviy bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lgan kadrlarni tayyorlash;

o‘quv-laboratoriya bazasini modernizatsiyalash, fan dasturlarida sohaga oid innovatsion va zamonaviy ishlab chiqarish jarayonlari, yuqori unumli hamda resurs tejaydigan ilg‘or texnologiyalar bo‘yicha bilimlarni aks ettirish;

xorijiy ilmiy-tadqiqot va oliy ta'lim muassasalarida Filialning professor-o‘qituvchilari, ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlarining malakasini oshirish va stajirovkalarini hamda talabalarning ishlab chiqarish amaliyotlarini tashkil etish;

ilmiy-tadqiqot institutlari bilan manfaatdor vazirliklar, idoralar va tashkilotlar hamkorligida fundamental, amaliy va innovatsion tadqiqotlarni olib borish hamda ularning natijalarini ishlab chiqarishga keng joriy etish;

professor-o‘qituvchilar, ilmiy tadqiqotchilar, talabalarning innovatsion texnologiyalarni yaratish hamda joriy etish borasidagi tashabbuskorligini va moddiy manfaatdorligini oshirish maqsadida davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida «kichik innovatsion korxonalar» tashkil etish;

kafedralar ixtisosligi bo‘yicha talabalar va yosh olimlarni ilmiy faoliyatga keng jalb qilish maqsadida ilmiy maktab va to‘garaklarni, shuningdek, «Yosh olimlar klubi»ni (Young Scholars Club) tashkil etish hamda keyinchalik eng iqtidorli yosh olimlarni xorijiy davlatlarga o‘qishga va stajirovkaga yuborish;

o‘quv va boshqaruv jarayonini tashkil va nazorat qilishda axborot tizimlarini joriy qilish, talabalarning mustaqil ta'lim olishi uchun masofaviy o‘qitish shaklini tatbiq etish orqali qulay shart-sharoitlar yaratish;

zamonaviy texnologiyalar va interaktiv ta'lim uslublarini (E-Minbar elektron platformasi), talabalarning mustaqil o‘quv va amaliy faoliyatini (keys-stadi, kouching va boshqalar) rivojlantirish orqali amaliyot o‘tash, shuningdek, o‘qituvchi va talabaning o‘zaro masofaviy hamkorligini (vebinar texnologiyalar) ta'minlashga, ularda innovatsion va tahliliy fikrlashni rivojlantirishga mo‘ljallangan modulli, obektga yo‘naltirilgan va dinamik ta'lim muhitini (Moodle) keng joriy qilish;

kredit-modul tizimini o‘quv jarayoniga joriy etish borasida professor-o‘qituvchilar o‘quv yuklamasini me'yorlashtirish, shuningdek, pedagog xodimlar tomonidan o‘quv-metodik, ilmiy-tadqiqot ishlari, «ustoz-shogird» tizimi bo‘yicha ishlarning bajarilishini rag‘batlantirib borish;

xorijiy hamkorlar bilan birgalikda qishloq xo‘jaligi sohasi uchun kadrlar tayyorlash bo‘yicha qo‘shma ta'lim (double degree) dasturlarini amalga oshirish, o‘quv-ta'lim jarayoniga xorijiy olimlar va mutaxassislarni faol jalb qilish;

istiqbolli yosh bitiruvchilarni respublika va xorijiy mamlakatlardagi yetakchi oliy ta'lim muassasalari va ilmiy tashkilotlarning magistratura va doktoranturasiga muntazam yuborish orqali Filialning ilmiy-pedagogik salohiyatini oshirib borish.

O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi va Innovatsion rivojlanish vazirligining 2020/2021 o‘quv yilidan boshlab:

bakalavriat ta'lim yo‘nalishida ta'limning kredit-modul tizimini joriy etish, bunda ta'limning kredit tizimida talabalar uchun haftada besh kunlik o‘qishni hamda haftaning shanba kunini mustaqil o‘zlashtirish kuni deb belgilash;

xorijiy oliy ta'lim muassasalari bilan hamkorlikda tashkil etiladigan qo‘shma ta'lim dasturlarining o‘quv rejalari va fan dasturlarini Toshkent davlat agrar universiteti tomonidan xorijiy hamkorlar bilan kelishgan holda mustaqil tasdiqlash to‘g‘risidagi takliflari ma'qullandi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi, Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi hamda Samarqand viloyati hokimligining Samarqand viloyati Oqdaryo tumanidagi Samarqand agroiqtisodiyot kasb-hunar kolleji binolari va inshootlari, o‘quv-laboratoriya jihozlari va yotoqxona mebellarini Filialga operativ boshqaruv huquqi asosida berish to‘g‘risidagi taklifi ma'qullandi.

Mavzuga oid