Jamiyat | 21:02 / 21.09.2020
32168
3 daqiqa o‘qiladi

Yana bir xususiy bandlik agentligiga chuv tushgan fuqarolar bosh vazir qabuliga yig‘ildi. Zarar miqdori 9 mlrd so‘mga yaqin

Bugun, 21 sentabr kuni «Profelite IMP xususiy bandlik agentligi» MChJdan pulini ololmayotgan o‘nlab fuqarolar Toshkentga to‘planishdi. Ular o‘z pullarini undirish kechikayotganidan norozi bo‘lib, bosh vazir qabuliga kelishgan.

6 oy ichida Janubiy Koreyaga ishga yuborishini aytib, milliardlab so‘m mablag‘ni o‘zlashtirgan «Profelite IMP xususiy bandlik agentligi» rahbari Ibrohim Jonuzoqovga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi «b» (takroran yoki xavfli retsidivist tomonidan sodir etilgan firibgarlik) bilan sirtdan ayblov e'lon qilingan va sirtdan «qamoqqa olish» tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilib, qidiruvga berilgan.

Tergov hujjatlariga ko‘ra, Ibrohim Jonuzoqov 2017 yil yanvar oyidan 2019 yil avgust oyiga qadar bo‘lgan vaqt oralig‘ida «Profelite IMP» xususiy bandlik agentligini tashkil qilib, 300dan ortiq fuqaroni Janubiy Koreyaga ishga yuborishni va'da qilgan. Ulardan jami 9 milliard so‘mga yaqin pul mablag‘larini olib, o‘z ehtiyojlariga sarflab yuborgan.

Joriy yilning 14 sentabr kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Sergeli tumani sudining ish bo‘yicha hukmi chiqqan. Sud hukmni 24 sentyabrdan kuchga kirishini ma'lum qildi. Hukm kuchga kirganidan so‘ng, ijroga qaratiladi.

Aniqlanishicha, yetkazilgan zarar 9 mlrd so‘mga yaqin. Lekin hozircha bandlik agentligining vazirlik hisob raqamiga depozitga qo‘ygan 50 ming AQSh dollari va «Lacetti» rusumli avtomashinasidan boshqa mulki yo‘q.

Fuqarolarning xavotiri ham shunda. Ya'ni yetkazilgan zarar 9 mlrd.ga yaqin, ammo xatlangan mulk undan ancha kam. Sud hukmiga binoan, mavjud pul mablag‘lari fuqarolarga proporsional tarzda qaytariladi.

Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri o‘rinbosari Bahodir Umrzoqov

Fuqarolar bilan uchrashuvga kelgan Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri o‘rinbosari Bahodir Umrzoqovning so‘zlariga ko‘ra, fuqarolarga yetkazilgan zarar to‘liq qoplanadi. Zararning qo‘shimcha qismi Mehnat migrantlarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi orqali to‘lab beriladi. Jamg‘armaga pul mablag‘lari davlat budjetidan o‘tkazilishi ma'lum qilindi.

Voqea joyida bo‘lgan Kun.uz muxbirining xabar berishicha, fuqarolarning e'tirozlari hukumat vakillari tomonidan tinglandi. Yakunda fuqarolardan 5 kishi tanlanib, bosh vazir qabuliga kiritilishiga kelishildi.

Mavzuga oid