Jahon | 20:57 / 22.09.2020
3700
2 daqiqa o‘qiladi

Nobel mukofotlari topshirilishi marosimi pandemiya sababli masofadan o‘tadigan bo‘ldi

Nobel qo‘mitasi joriy yilda mukofotlar topshirilishi marosimiga tuzatishlar kiritdi. Tashkilotchilarning ta'kidlashicha, fizika, kimyo, adabiyot va tibbiyot bo‘yicha mukofotlar topshirilishi koronavirus pandemiyasi sababli masofadan o‘tkaziladi.

Foto: Kay Nietfeld / dpa / TASS

Mukofotlar topshirilishi 10 dekabrga belgilangan. Mukofotlarni masofadan topshirish uchun Shvetsiya poytaxti Stokholmda televizion studiya tashkillashtiriladi va unga cheklangan sonda odamlar kiritiladi. G‘oliblar bilan onlayn rejimda bog‘laniladi. Bunday format sovrindorlar tomonidan an'anaviy ma'ruzalar o‘qilishi imkonini beradi.

Tinchlik bo‘yicha Nobel mukofoti topshirilishi ham shunday tarzda o‘tkaziladi. Biroq bu holatda mukofotni topshirish marosimi an'anaviy ravishda Norvegiya poytaxti Oslo meriyasi binosida emas, balki Oslo universiteti auditoriyalaridan birida cheklangan sondagi ishtirokchilar bilan o‘tadi.

Nobel qo‘mitasida, shuningdek, Stokholmdagi ratushada sovrindorlar sharafiga o‘tkaziladigan an'anaviy bazmdan voz kechishga qaror qilingani tasdiqlandi. Biroq bazm o‘rniga pianinochi Igor Levitning konsertini o‘tkazishga va'da berilgan.

Qo‘mitaning ijrochi direktori Lars Xeykenstenning ta'kidlashicha, bahordayoq marosimni o‘tkazishning imkoni bo‘lmasligi xavotiri bor bo‘lgan. “Mukofotlar topshirilishini bunday formatda o‘tkazish oson qaror bo‘lmadi. Biroq biz olimlarga quloq solib, pandemiya sababli kiritilgan talablarni hisobga olishimiz va ehtiyot bo‘lishimiz lozim”, deb aytgan Xeykensten.

Bundan tashqari, 5 oktyabrdan 12 oktyabrgacha o‘tadigan Nobel haftasi davomida sovrindorlarni e'lon qilish tartibi ham o‘zgartiriladi. Jumladan, gap matbuot anjumanlarda ishtirok etadigan jurnalistlar soni qisqartirilishi haqida bormoqda.

Nobel mukofoti sovrindorlari nomlari oktyabrda ma'lum bo‘ladi.

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid