O‘zbekiston | 17:36 / 24.09.2020
5364
2 daqiqa o‘qiladi

2020 yilda 3 milliondan ortiq IMEI-kodlar pullik asosda ro‘yxatdan o‘tkazildi

2020 yilning 1 yanvaridan 15 sentyabrgacha 3,06 millionta IMEI-kodlar pullik asosda ro‘yxatdan o‘tkazildi. Bundan 2,3 million IMEI-kodlar jismoniy shaxslarga tegishli.

Bugun, 24 sentabr kuni AOKAda IMEI-kodlarni ro‘yxatdan o‘tkazish bilan bog‘liq masalalarda ko‘rilayotgan chora-tadbirlar to‘g‘risida qator mas'ul tashkilot vakillari va jurnalistlar ishtirokida tadbir bo‘lib o‘tdi. Unda «O‘zbekiston telekommunikatsiya tarmoqlarini boshqarish respublika markazi» DUK direktori Bobur Tillaboyev ro‘yxatdan o‘tgan IMEI-kodlar bo‘yicha axborot berdi.

«2019 yilning 1 yanvaridan 15 sentyabrgacha respublikamiz hududiga 58,8 ming dona mobil qurilma importi amalga oshirilgan bo‘lsa, joriy yilning shu davrida mobil qurilmalarning import hajmi 7,7 barobarga oshgan. Shu kungacha mobil qurilmalarni ro‘yxatdan o‘tkazish tizimi orqali 47,14 milliondan ziyod IMEI-kodlar ro‘yxatdan o‘tkazilgan.

Jumladan:

  • 2019 yil 1 apreldan 2019 yil 1 noyabrgacha – 42,61 million IMEI-kodlari avtomatik tarzda;
  • 2019 yil 1 noyabrdan 1 dekabrgacha – 1,47 million IMEI-kodlari bepul ravishda operatorga murojaat etish orqali;
  • 2020 yilning 1 yanvaridan 15 sentyabrgacha – 3,06 million IMEI kodlar pullik asosda: shundan 691,1 ming dona import qiluvchilar (22,5 foiz), 51,5 ming dona mahalliy ishlab chiqaruvchilar (1,7 foiz), 2,323 million dona jismoniy shaxslar (75,8 foiz) tizimda ro‘yxatdan o‘tkazildi.

Mobil qurilmalarni identifikatsiya kodlari bo‘yicha ro‘yxatga olish tizimi amaliyotga joriy etilgandan so‘ng 2019 yil 1 noyabrdan 2020 yil 15 sentyabrga qadar mobil qurilmalarning import hajmi 911 ming 882 donani (47,3 mln dollar) tashkil etdi.

Mobil qurilmalar asosan Xitoy, Vetnam, Hindiston, Birlashgan Arab Amirliklari, Hongkong va Qozog‘iston davlatlaridan import qilingan bo‘lib, import qiluvchilar o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 41taga yoki 2,7 barobarga oshgan», dedi u.

Mavzuga oid