Jahon | 14:46 / 24.09.2020
23516
11 daqiqa o‘qiladi

Navalniyning zaharlanishi hamda Rossiya va Germaniya munosabatlari. Nima o‘zgaradi?

Rossiya va Germaniyaning iliq munosabatlari allaqachon ortda qolgan. Nemislar Rossiya yana ishonchli hamkorga aylanishini kutishdan ko‘ra o‘zaro munosabatlarda asosan o‘z manfaatlarini ustun qo‘ya boshlagan. Navalniyning zaharlanishi ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlar yanada sovuqlashishiga xizmat qilishi tabiiy. Biroq bu munosabatlardagi burilish nuqtasi bo‘lmaydi. BBC'ga ko‘ra, o‘sha burilish allaqachon sodir bo‘lgan.

Foto: Reuters

Rossiyadagi asosiy muxolifatchi Aleksey Navalniy Berlinda davolangani Germaniya va Rossiya o‘rtasidagi munosabatlar hali-beri yaxshilanmasligiga ishora bo‘ldi. Agar Germaniya Rossiya bilan munosabatlarni yaxshilash uchun «o‘lib-tirilgani»da, Navalniyni qabul qilish borasida o‘ylab ko‘rgan bo‘lardi.

«Sharqiy Yevropa» tahliliy jurnali bosh muharriri Folker Vaykselning fikricha, «Berlin – Moskvaning advokati» degan tushuncha allaqachon eskirgan. «Germaniyadagi rus elitasi munosabatlar oldingidek bo‘lishini istaydi. Biroq bu utopiyaga yaqin narsa. Chunki Rossiya siyosati oxirgi 20 yilda butkul o‘zgardi. Ha, Germaniya siyosati o‘zgarmadi, Rossiya siyosati o‘zgardi», deydi doktor Vayksel VVS rus xizmati bilan suhbatda. Uning fikricha, Rossiyaning sovuq munosabatini bir narsa bilan izohlash mumkin – imperiyani yo‘qotish ta'siri bilan.

Navalniyning zaharlangani haqida shaxsan Angela Merkel chiqish qilgani ham ko‘p narsani anglatadi. Chunki Rossiya siyosiy hayotidagi juda katta figura shunchaki Germaniyadagi klinikalardan birida davolanmadi. Germaniya bu jarayonda butun boshli siyosiy himoya tomoni bo‘lib qatnashdi. Navalniyning holati doimiy ravishda hukumat doirasida muhokama qilindi, xalqaro maydonda ham Germaniya bu «o‘ta muhim bemor»ning oyoqqa turishiga davlat siyosati darajasida e'tibor berayotganini yashirmadi. Bunday holatda Rossiya bilan aloqalar yaxshilanishiga umid qilmasa ham bo‘ladi. Vaholanki, aynan Navalniy voqeasigacha ahvol chidasa bo‘ladigan darajada edi.

Shryoder davri o‘tdi

«Germaniya allaqachondan beri Rossiyaning Yevropadagi «asosiy lobbisti» (oqlovchisi) emas. Germaniyaning Gerxard Shryoder vaqtidagi «advokatlik funksiyasi» avvaliga ikki tomonlama tushunmovchilik bilan almashdi va keyinchalik yo‘qolib ham ketdi. Yevropa Ittifoqi davlatlarining Rossiyani «tushunishi» bo‘yicha reytingi tuzilsa, Germaniya aniq yetakchi bo‘lmaydi. Taxminan o‘rta qatorlarda bo‘ladi», deydi germaniyalik siyosatshunos Dmitriy Stratiyevskiy. U ham «Navalniy ishi» har qancha shov-shuvli bo‘lmasin Rossiya – Germaniya munosabatlariga katta o‘zgarish qilishiga ishonmayapti.

«Navalniyning zaharlanishidan keyin Kreml o‘zini g‘alati tutdi. Har holda aybsiz tomon o‘zini bunaqa tutmaydi. Bu «Severniy potok-2» (Germaniyaning suvlikdagi hududidan o‘tuvchi «Gazprom»ning gaz eksporti uchun yo‘lagi) taqdiriga ta'sir qilishi haqida gapirilayotgan vaqtda ham ular hammasi o‘tib ketishini kutayotgandek», deydi doktor Vayksel.

Nemis siyosatchilari «Severniy potok-2» bo‘yicha ko‘p vaqtdan buyon bahslashib kelishmoqda. EPA

Biroq Germaniya va Rossiya munosabatlarida Navalniyning zaharlanishi muhim voqea bo‘ldi, deb hisoblaydiganlar ham bor. Masalan, sobiq nemis diplomati Volfgang Ishinger. Uning fikricha, rus – nemis munosabatlarida yangi qora kunlar boshlangan.

«Sergey Skripal Britaniyada zaharlangani, Germaniyaning Tirgartenida chechen millatiga mansub qochoqning o‘ldirilishi va bundestagga amalga oshirilgan hakerlik hujumlari vaqtidayoq nemislarda Rossiyaga bo‘lgan ishonchga putur yetib bo‘lgandi. Endi esa bu butkul yo‘qolishi mumkin. Moskvaning so‘zlari nimani anglatishi allaqachon aniq. Ular kim kuchli bo‘lsa o‘sha haq deb o‘ylashadi. Afsuski, bularning barchasi strategik hamkorlik g‘oyasi chippakka chiqqanini anglatadi», degan janob Ishinger «Spiegel»ga bergan intervyusida.

«Munosabatlarda yomonlashadigan nimadir qoldimikin?»

1990-2000-yillarda aksar nemis siyosatchilari Rossiya bilan iqtisodiy munosabatlar yaxshilansa, oxir-oqibat bu davlatni demokratik ko‘rinishga keltirish va uning misolida yaxshi hamkorga ega bo‘lish mumkin deb hisoblashgan. Ya'ni, nemislar davlat boy bo‘lgan sari u yerda demokratiya paydo bo‘la boshlashiga ishonishgan.

Biroq keyinchalik bu fikr o‘zgarib bordi. VVS'ga ko‘ra, Gruziya bilan urush, Qrim anneksiyasi va Ukraina sharqidagi urush, Nemsovning o‘ldirilishi, Skripalning zaharlanishi, Zelimxan Xangoshvilining Berlinda o‘ldirilishi kabi voqealar Germaniyada Rossiya haqida tushunchalarni o‘zgartirib yubordi. Shuningdek, bitta tushuncha qoldi: avvalo o‘z biznesiga putur yetkazmaslik va «bundan ham yomon hamkorlar bor-ku» degan mulohaza bilan ish yuritish.

Doktor Stratiyevskiyning fikricha, Rossiya va Germaniya o‘rtasidagi munosabatlarda yo‘qotadigan narsaning o‘zi qolmagan: «Rossiya va Germaniyani bog‘lab turadigan munosabatlarga qarang: gumanitar va sanksiyalar vaqti shundog‘am sustlashib qolgan iqtisodiy munosabatlar. Gumanitar sohadagi munosabatlardan ba'zi sabablarga ko‘ra voz kechib bo‘lmaydi. Masalan, siyosiy-tarixiy sababga ko‘ra. O‘zi bu munosabatlarni to‘xtatishdan mantiq ham yo‘q. Iqtisodiy munosabatlarni esa Berlin har qanaqasiga o‘zi uchun manfaatli deb hisoblaydi».

O‘tgan haftada Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrovning Berlinga tashrifi bekor qilingani ham mish-mishlarga sabab bo‘ldi. Germaniya tashqi ishlar vaziri Xayko Maasning aytishicha, Lavrovning «ishi chiqib qolgan». Biroq buni siyosiy ishora deb qarashmoqda.

«Severniy potok-2» nima bo‘ladi?

Germaniyada Navalniyning zaharlanishi haqida gaplarning oxiri Rossiyaning «Gazprom» kompaniyasiga tegishli «Severniy potok-2» gaz yo‘nalishi muhokamasiga borib taqalmoqda. Uzunligi 1234 km bo‘lgan bu yo‘nalish Germaniya, Daniya, Rossiya, Finlyandiya va Shvetsiyaning dengizdagi hududlaridan o‘tadi. Tabiiyki, Yevropaning «katta og‘asi» sifatida Germaniya Rossiyaning bu gaz o‘tkazgichi yo‘nalishida asosiy davlat hisoblanadi. Boltiq dengizi tubidan o‘tayotgan bu o‘tkazgich qurilishi bir yildan buyon ortga surilmoqda va AQSh sanksiyalari sabab Germaniya sohillaridan bir necha mil uzoqlikda to‘xtab qolgan.

Rossiya «Severniy potok-2»ga ko‘z tikayotgan bir vaqtda Germaniyada uni to‘xtatish yoki to‘xtatmaslik borasida bahslashishmoqda. Bu mavzu hatto partiyalar miqyosida ham muhokama qilinmoqda. Ular orasida aksar rahbarlar «Severniy potok-2»ni to‘xtatish faqat AQShning qarshiligi sabab yuz berishi mantiqsizlik deb hisoblamoqda. Bu vaqtda AQSh davlat kotibi Maykl Pompeo AQSh «Severniy potok-2»ga qarshi koalitsiya to‘plashini ma'lum qilgan.

Bu borada asosiy fikrni aytuvchi Germaniya kansleri Angela Merkel esa Navalniy voqeasidan keyin ham «Severniy potok-2» loyihasini qo‘llab-quvvatlashini aytdi. Keyinchalik u matbuot kotibi orqali bu masalani yaxshisi Yevropa Ittifoqida muhokama qilishini ma'lum qildi. Merkelning dugonasi va maslakdoshi bo‘lgan Yevrokomissiya rahbari Ursula fon der Lyayyen «Severniy potok-2»ga tijoriy loyiha deb emas, Rossiyaning siyosiy loyihasi deb qarash kerakligini aytmoqda.

Germaniya nashrlarida Rossiyaga bo‘lgan munosabat o‘zgacha. Ular hozirda Rossiya deb emas, Putinning Rossiyasi deb yozishadi. Masalan, «Frankfurter Allgemeine Zeitung» nashri shunday yozadi: «Putinning tizimi kimyoviy qurol bilan odamlarni zaharlayotgan bir vaqtda ular gaz bilan hech nima qila olmaydimi? Boltiq dengizidagi quvurlar qurol vazifasini o‘tamaydimi? Germaniyalik siyosatchilar borgan sari Rossiyaga mana shunday nazar bilan qarashmoqda».

Germaniya xristian-demokratik partiyasi yetakchilari, xususan, Armin Lashet Navalniy voqeasini «Severniy Potok-2» bilan bog‘lashga qarshi. Uning fikricha, avvaliga Rossiyani zaharlash bo‘yicha surishtiruvlarda qatnashishga erishish va keyinchalik gaz o‘tkazgich bo‘yicha butun Yevropa qaror chiqarishi kerak, faqat Germaniya emas.

Germaniyaning bo‘lajak rahbari sifatida ko‘rilayotgan Markus Zyoder «Sevpotoka» loyihasi yopilishiga qarshi bo‘lgan nomdor siyosatchilardan biri.
Fotoda - Zyoder va Putinning 2020 yil yanvarida Moskvadagi uchrashuvi

Angela Merkelning o‘rnini egallashi kutilayotgan Bavariya bosh vaziri Markus Zyoder «Severniy Potok-2» xususiy loyiha bo‘lgani uchun uni to‘xtatish yoki ruxsat berish hukumatning ishi emasligini aytmoqda. Umuman, Germaniyada «Severniy Potok-2» hukumat doirasida tez-tez muhokama qilinadi va unda loyihani qo‘llovchi faktlar qarshi faktlardan ustunroq. Merkel boshchiligida Germaniya pragmatik siyosat yuritadi va avvalo iqtisodiy jihatni o‘ylaydi. Pandemiya davrida esa mamlakat iqtisodiyotida salbiy ta'sir o‘tkazadigan har qanday yangilik olqishlanmaydi.

Boshqacha qilib aytganda, Germaniya tomonidan Rossiya manziliga har qancha zardali so‘zlar aytilmasin, iqtisodiy aloqalar imkon darajasida davom etaveradi. Bu borada nemislar orasida so‘rovnoma ham o‘tkazilgan. Uning natijalariga ko‘ra, 55 foiz ishtirokchi Germaniya hukumati «Severniy Potok-2» qurilishiga aralashmasligi kerak deb hisoblaydi. 31 foiz ishtirokchi uni to‘xtatish kerak degan fikrda. 14 foiz ishtirokchi esa befarqligini bildirgan.

Xullas, ana shunaqa gaplar. Boris Nemsovdan keyin Rossiyaning asosiy muxolifatchisi bo‘lgan Aleksey Navalniyning zaharlanishi va keyinchalik Germaniyada davolanishi ikki yirik siyosiy kuchning munosabatlariga jiddiy ta'sir qilishi mumkin. Darvoqe, Navalniy davolanib bo‘lgach ham Germaniyada qolmoqda. Voqealar rivojidagi navbatdagi yirik burilish – uning Rossiyaga qaytishi bo‘lsa kerak.

Ўткир Жалолхонов
Tayyorlagan Ўткир Жалолхонов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid