O‘zbekiston | 08:09 / 25.09.2020
2271
3 daqiqa o‘qiladi

Yaponiya O‘zbekiston elektr energetika sektorini qo‘llab-quvvatlashda davom etadi

Vazirlar Mahkamasining 15.09.2020 yildagi «Elektr energetika sektori salohiyatini rivojlantirish (2-bosqich)» loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi 555-son qarori qabul qilindi.

Hujjat bilan mavjud issiqlik elektr stansiyalaridagi bug‘-gaz va gaz-turbina qurilmalariga davriy texnologik xizmat ko‘rsatish, rejali inspeksiya nazoratlarini o‘z vaqtida amalga oshirish, ularning barqaror va ishonchli ishlashini ta'minlash orqali elektr energetika sohasining salohiyatini yanada rivojlantirish nazarda tutilgan.
 
Norma’ning yozishicha, «Elektr energetika sektori salohiyatini rivojlantirish (2-bosqich)» investitsiya loyihasi Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligining (JICA) mablag‘lari hisobiga amalga oshiriladi. 10 yillik imtiyozli davr bilan 30 yil muddatga 36,621 mlrd yapon iyenasi miqdorida kredit beriladi.
 
Loyiha doirasida JICA quyidagilarni ta'minlaydi:

  • 443 mln yapon iyenasi miqdorida konsalting xizmatlari;
  • 32 860 mln yapon iyenasi miqdorida butlovchi buyumlar, materiallar, ehtiyot qismlar hamda asbob-uskunalarni yetkazib berish va ularni ta'mirlash.

Investitsiya davridagi foiz to‘lovlari va nazarda tutilmagan xarajatlarni hisobga olganda kreditning umumiy summasi 36 621 mln yapon iyenasini tashkil etadi.
 
Kredit shartnomasiga xizmat ko‘rsatish uchun O‘zbekiston Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy bankiga JICA tomonidan ajratilgan mablag‘lardan foydalanish va ularga xizmat ko‘rsatish yuzasidan «MUFG Bank, Ltd» banki (Yaponiya) bilan banklararo bitim tuzish vazifasi topshirildi.
 
Istisno tariqasida, «Navoiy IES» AJ va «To‘raqo‘rg‘on IES» UKlarga Yaponiyaning «Mitsubishi Hitachi Power Systems Ltd.» va «Mitsubishi Corporation» kompaniyalari bilan tender savdolarini o‘tkazmasdan to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar tuzishga ruxsat beriladi. «Toshkent IEM» AJga esa – «Mitsubishi Hitachi Power Systems Ltd.» va «ITOCHU Corporation» kompaniyalari bilan – bug‘-gaz qurilmalari, gaz turbinalari, asosiy va yordamchi qurilmalar uchun butlovchi buyumlar, materiallar, ehtiyot qismlar hamda asbob-uskunalarni yetkazib berish va ularni ta'mirlash hamda O‘zbekiston hududidan tashqarida texnik va konsalting xizmatlarini ko‘rsatish uchun.
 
Hujjat 16.09.2020 yildan kuchga kirgan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid