Jamiyat | 20:10 / 30.09.2020
8958
5 daqiqa o‘qiladi

«Korean and migrations» agentligi jabrlanuvchilari ham pullarini talab qilib yig‘ildi. Vazir jarayon tezlashtirilishini aytdi

28 sentabr kuni «Korean and migrations» xususiy bandlik agentligi» MChJ mansabdor shaxslarining firibgarligidan jabrlanganlar bosh vazir bilan uchrashish va o‘z savollariga javob olish maqsadida Mustaqillik maydonida yig‘ildi.

Mitingda Bosh vazir Abdulla Aripovning xizmat safarida ekanini ma'lum qilgan Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri Nozim Husanov jabrlanuvchilarni qiynayotgan savollarga o‘zi va sud hokimiyati vakillari tomonidan javob berilishini aytdi.

Jabrlanuvchilarni birinchi o‘rinda qiziqtirayotgan masala – pullari qachon qaytarilishi haqidagi savollariga vazir quyidagicha javob berdi:

«Sud hukmi chiqib, ish apellyatsiyada ko‘rilganidan keyin jabrlanuvchilar ro‘yxatiga asosan ichki ishlar organlarining depozit hisob raqamida turgan 7 mlrd 831 mln so‘m pul MIBga o‘tkazilib, proporsional ravishda jabrlanuvchilarga tarqatiladi.

Nozim Husanov

Bundan tashqari, apellyatsiyadan so‘ng hukm MIBga jo‘natiladi, MIB qo‘shimcha ravishda jabrlanuvchilardan olib qo‘yilgan 500 mln.ga yaqin qiymatdagi mol-mulkni sotib, uning pulini ham proporsional ravishda jabrlanuvchilarga tarqatib beradi. Jabrlanuvchilarga pullarini qaytarish jarayonini iloji boricha tezlashtirishga harakat qilamiz», – dedi Nozim Husanov.

Mitingdan so‘ng, jinoyat ishlari bo‘yicha Yakkasaroy tuman sudida mazkur jinoyat ishi bo‘yicha jabrlanuvchilar va ommaviy axborot vositalari vakillari uchun brifing tashkil etilib, unda jabrlanuvchilarga yetkazilgan moddiy zararni undirish muddati va tartibi bo‘yicha ushbu jinoyat ishini ko‘rib chiqqan sudyalar tomonidan huquqiy tushuntirish berildi.

Tolib Obidov

JIB Yakkasaroy tuman sudi raisi Tolib Obidov 14 sentabr kuni 12 nafar sudlanuvchiga nisbatan jinoyat ishi ko‘rib chiqilib, sud hukmi e'lon qilinganini, unga ko‘ra, sudlanuvchilardan solidar tartibda jabrlanuvchilar foydasiga jami 19 mlrd 551 mln so‘m moddiy zarar undirish, shuningdek IIV depozit raqamiga topshirilgan jami 7 mlrd 831 mln so‘m pul mablag‘lari va 573 mln 856 ming so‘mlik xatlangan mol-mulklarni yetkazilgan moddiy zarar o‘rnini qoplashga qaratish belgilanganini ma'lum qildi.

Sud materiallarida dastlabki tergov organi tomonidan 2 372 nafar fuqaroning jami 24,2 mlrd so‘m pul mablag‘lari firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritilgani ko‘rsatilgan bo‘lib, jinoyat ishi qo‘zg‘atilgunga qadar jabrlanuvchilarga 2,95 mlrd so‘m qoplangan va sud jarayonida ayrim jabrlanuvchilar da'vodan voz kechishgan.

Ayni damda JIB Yakkasaroy tuman sudining 2020 yil 14 sentyabrdagi hukmi qonuniy kuchga kirmaganligi sababli ijroga qaratilmagan.

JIB Yakkasaroy tuman sudi raisiga ko‘ra, ushbu hukm ustidan ayrim sudlanuvchilar tomonidan apellyatsiya tartibida shikoyatlar kelib tushgan bo‘lib, mazkur shikoyatlar jinoyat ishi hujjatlari bilan birga JIB Toshkent shahar sudida apellyatsiya tartibida ko‘rib chiqilishi uchun rasmiylashtirilmoqda hamda 2 oktabr kuni ishni apellyatsiya instansiyasida ko‘rish boshlanadi. Ushbu jarayon yakunlanishi bilanoq sud hukmi qonuniy kuchga kiradi va MIB tomonidan jabrlanuvchilarga pullarini qaytarish boshlanadi.

Brifingda jabrlanuvchilar va OAV vakillari ham savollari bilan ishtirok etishdi.

Ba'zi jabrlanuvchilarning aytishicha, ayblanuvchilar ulardan da'vodan qisman yoki to‘liq voz kechishni iltimos qilib, pulni o‘zlari qisqa fursatlarda qaytarishga va'da berishgan. Bunga ishongan jabrlanuvchilar ularning iltimosini bajargan hamda yana bir marta aldanishgan. Ushbu pullarni qaytarish xususida berilgan savolga sudya endilikda buning imkoni yo‘qligini, chunki sudda jabrlanuvchilarning o‘zlari pulni qaytarib oldim deb ko‘rsatma berishganini, jabrlanuvchilarning ko‘rsatmasi esa dalil hisoblanishi tufayli ushbu pullar undirilishi kerak bo‘lgan umumiy summadan chiqarib tashlanganini ma'lum qildi.

Temur Kasimov

OAV vakilining «Korean and migrations» xususiy bandlik agentligi» MChJga 2 372 nafar fuqaro ishonishi uchun MChJ tomonidan kimlardir chet elga ishga jo‘natilganmi, degan savoliga tuman sudi sudyasi Temur Kasimov jinoyat ishini o‘rganish jarayonida birorta odam chet elga ishga jo‘natilmagani aniqlanganini bildirdi.

Shuningdek, brifingda shu kabi holatlar kelajakda boshqa takrorlanmasligi uchun xususiy bandlik agentliklari faoliyatiga mijozlar huquqini ta'minlash bo‘yicha talablar kuchaytirilayotgani, bu bo‘yicha qonunchilikka o‘zgartirish kiritilayotgani ma'lum qilindi.

Ma'lumot uchun, o‘tgan haftada boshqa bir XBA – «Profelite IMP»dan jabrlanganlar ham bosh vazir qabuliga to‘plangan edi.

Mavzuga oid