O‘zbekiston | 21:44 / 30.06.2023
17772
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonning Frankfurt-Mayndagi Bosh konsulxonasi Myunxen vokzalida yotib yurgan o‘zbekistonliklar ishi bo‘yicha bayonot berdi

Qayd etilishicha, 35 kishi Germaniyadagi o‘zbekistonliklarning uylariga vaqtincha yashab turish uchun joylashtirilgan. O‘zbekistonning Berlindagi elchixonasi va Frankfurt-Mayndagi Bosh konsulxonasi vakolatli organlar bilan hamkorlikda Germaniyaga ishlashga yuborilgan hamyurtlarimiz duch kelgan muammoni bartaraf etish chorasini ko‘rayotgani ma’lum qilingan.

Foto: Videodan kadr

Ijtimoiy tarmoqlarda Turon World Cooperation xususiy bandlik agentligi MChJ tomonidan Germaniyaga ishga yuborilgan yigitlar ayni paytda Myunxendagi temiryo‘l vokzalida qolishayotgani, MChJ vakillari esa qayergadir g‘oyib bo‘lgani aks etgan videolar tarqalgandi.

O‘zbekistonning Frankfurt-Mayndagi Bosh konsulxonasi Work and Travel dasturi bo‘yicha Germaniyaga kelgan, kutilmagan qiyinchiliklarga duchor bo‘lgan O‘zbekiston fuqarolari haqida ma’lumot berdi.

“O‘zbekistonning Turon World konsalting kompaniyasi ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu tashkilot 98 nafar O‘zbekiston fuqarolarini Work and Travel dasturi bo‘yicha Germaniyaga mavsumiy ishlarga jo‘natgan.

Bosh konsulxona xodimlari «Humo» o‘zbek-nemis madaniy jamiyati faollari bilan birgalikda voqea joyiga zudlik bilan yetib bordilar, o‘zbekistonlik vatandoshlar imkoniyatlaridan foydalanib, 35 nafar muhtoj O‘zbekiston fuqarolariga ushbu hududda vaqtincha yashashlari uchun zarur yordam ko‘rsatdilar.

O‘zbekistonning Berlindagi elchixonasi va Frankfurt-Mayndagi Bosh konsulxonasi vaziyatni nazoratga oldilar va vakolatli organlar bilan hamkorlikda mazkur muammoni bartaraf etish choralarini ko‘rmoqdalar”, deyiladi bayonotda.

Avvalroq Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi jamoatchilik o‘rtasida rezonansga sabab bo‘lgan voqeaga munosabat bildirib, Turon World Cooperation Xususiy Bandlik Agentligi MChJ vakillari o‘zlariga tanish bir qator tashkilotlar bilan hamkorlikda 2023 yilning may-iyun oylarida Work and travel dasturi orqali Germaniyaga 102 nafar talabani jo‘natgani, ammo Germaniyaga yetib borgan talabalarni ish bilan ta’minlashda muammolar yuzaga kelganini bildirgandi.

Vazirlik fuqarolarni xorijga ishga jalb qilish bilan shug‘ullanish litsenziya talab etadigan faoliyat turi hisoblanishini, bugungi kunda O‘zbekistonda faqatgina 9 ta xususiy bandlik agentligi litsenziyaga ega ekanini eslatgan.

Biroq vazirlik rasmiy saytida keltirilgan reyestrda Turon World Cooperation Xususiy Bandlik Agentligi MChJ litsenziyaga ega bandlik agentligi ekani qayd etilgan. O‘zbekistonliklarni xorijga ishga yuborish bo‘yicha rasmiy ruxsatnomaga ega tashkilot bilan nima uchun muammo yuzaga kelgani hozircha ma’lum emas.

Avvalroq Migratsiya agentligi fuqarolarni xorijda ishga joylash vakolatiga ega bo‘lmagan tashkilotlar bilan shartnoma tuzmaslikka chaqirgandi. O‘zbekistonda 5 yil ichida 73 ta xususiy bandlik agentligining litsenziyasi bekor qilingan.

Mavzuga oid