Jahon | 18:55 / 02.10.2020
22979
14 daqiqa o‘qiladi

Koronavirusga qarshi jamoaviy immunitet shakllanishi mumkinmi - u holda vaksinani kutishdan ma'no bormi?

JSST 11 mart kuni yangi koronavirusning tarqalishini to‘xtatishga qaratilgan urinishlar muvaffaqiyatsiz kechgani va epidemiya global tus olganini tan olganda rasman tasdiqlangan holatlar soni endigina 125 mingdan oshgandi. Biroq, bu faqat boshlanishi, haqiqiy inqiroz hali oldinda ekanligi haqidagi taxminlar o‘zini oqladi.

JSST 150dan ortiq vaksina sinovlarini kuzatib bormoqda, olimlar samarali vaksina tayyor bo‘lishiga kafolat yo‘qligini aytishgan, shu bilan birga bundan umid uzishmagan

Olimlar pandemiyani qanday jilovlash kerakligi haqidagi savolga yelka qisib javob berishardi. Sirli virus haqida deyarli hech narsa ma'lum emas edi: na u qayerdan kelib chiqqani, na qanday tarqalgani, na qanday alomatlar orqali uni aniq aniqlash mumkinligi tayin edi.

Tanlashga ikki yo‘l turardi va ikkisi ham noma'lumlik sari yetaklardi. 

Birinchi yo‘l - tashqi dunyo bilan aloqani iloji boricha cheklash va vaksina tayyor bo‘lguncha kutish. Biroq, hech kim buning qancha vaqt olishini bilmasdi - vaholanki samarali vaksina yaratilishi mumkinligiga kafolat ham yo‘q edi.

Ikkinchi yo‘l - ertami-kechmi virus hammaga yuqishini qabul qilish va jamoaviy immunitetga umid qilib, bu jarayonga ortiqcha aralashmaslikka harakat qilish. Bu strategiya, virus haqida yetarlicha ma'lumot yo‘qligi sharoitida ancha xavfli bo‘lib tuyulgan - buning ustiga uning natijalarini ham oldindan aytib bo‘lmasdi. 

Yevropaning aksariyat davlatlari tavakkal qilmaslik yo‘lini tanlashdi: chegaralar yopildi va qat'iy karantin joriy etildi. Boshqalar, masalan, Shvetsiya yoki Belarus kabi davlatlar hukumatlari buni ixtiyoriy-majburiy izolyatsiyasiz amallash mumkin degan qarorga kelishdi va ikkinchi variantni tanlashdi.

Rossiya dunyoda koronavirusga qarshi vaksinani ro‘yxatdan o‘tkazgan ilk davlat bo‘ldi

Epidemiya rivojlanishi ikki parallel ssenariyda ketdi. 

Olti oy o‘tib kasallanish statistikasi har kuni 300-350 ming kishiga ko‘paymoqda va koronavirus tufayli hayotdan ko‘z yumganlar soni bir milliondan oshib ketdi. Biroq, ikki variantning qaysi biri to‘g‘ri bo‘lgani va oxir-oqibatda samaraliroq chiqqani haqidagi savolga olimlar hanuz javob topishmagan.

Uch oy oldin Shvetsiya xatoga yo‘l qo‘ygandek tuyulgandi: boshqa mamlakatlar bilan taqqoslaganda, u yerdagi jon boshiga o‘lim darajasi beqiyos darajada edi. Ammo sentyabrning o‘rtalariga kelib vaziyat tubdan o‘zgardi: endi Shvetsiya statistikasi keskin karantin joriy etgan Britaniya, Italiya, Ispaniya yoki AQShga qaraganda ancha yaxshi ko‘rinishga ega.

Umuman olganda, so‘nggi olti oy ichida biz virus haqida ko‘p ma'lumotga ega bo‘ldik. Xususan, dunyoda Covid-19'ni qayta yuqtirishning bir nechta holatlari allaqachon qayd etilgan, buning ortidan ushbu kasallikdan tuzalgandan keyin odamda mustahkam immunitet himoyasi paydo bo‘lishiga shubha uyg‘ongan. 

Yangi koronavirusga qarshi jamoaviy immunitet paydo bo‘lishining iloji bormi? U holda vaksina ishlab chiqishni davom ettirishdan ma'no bormi? BBC shu kabi savollarga javob izladi.

«Bu o‘lim hukmi!»
Avvalo, jamoaviy immunitet nima ekanligi va u qanday ishlashini yodga olish zarur.

Jamoaviy immunitet deb u yoki bu infeksiyaning ma'lum bir guruh ichida erkin tarqalib keta olmasligiga aytiladi, chunki guruhning aksariyat qismi emlash yoki avval boshdan kechirilgan kasallik tufayli kasallikka duchor bo‘lmaydi. 

O‘zi kasallanmagan odam virusni boshqalarga ham yuqtirmaydi. Binobarin, uning immuniteti bilvosita boshqalarni ular kasallanib, sizga yuqtirishi mumkin bo‘lgan virusdan himoyalaydi. Grafik jihatdan shunday ko‘rinadi:

Bir qarashda jamoaviy immunitetning chegara qiymatini hisoblash qiyin emasdek: ularning himoyasi boshqalarga ham ta'sir qilishi uchun qancha odam kasal bo‘lishi (yoki emlanishi) kerak?

Ko‘pgina kasalliklar uchun bu raqam haqiqatan ham ma'lum va ko‘pincha juda yuqori. Masalan, qizamiqdan samarali himoya hosil bo‘lishi uchun aholining 90-95 foizi ushbu nihoyatda yuqumli bo‘lgan kasallikka qarshi emlangan bo‘lishi kerak. Poliomiyelit esa nisbatan kam yuqumli va u uchun bu ko‘rsatkich 80-85 foizni tashkil qiladi. 

Virusning ertami-kechmi hammaga yuqishi ma'lum bo‘lgan mart oyida mutaxassislarning aksariyati pandemiyaga qarshi kurashda asosiy e'tiborni jamoaviy immunitetga qaratishga qat'iy qarshi bo‘lgani ajablanarli emas. 

«Agar virus hammaga yuqsa - hatto aksariyat insonlar Covid-19'ni alomatlarsiz boshdan kechirsa ham - juda ko‘p qurbon beriladi, - deb tushuntirgan AQSh bosh epidemiologi Entoni Fauchi. - Virus nafaqat qariyalar uchun, balki yondosh kasalliklarga ega bo‘lgan har qanday yoshdagi odamlar uchun xavflidir. Amerikada qancha odam diabet, semizlik, gipertoniya bilan kasallanganini hisobga olsak - virus barchaga yuqadigan bo‘lsa, o‘lim soni juda katta bo‘ladi. Bu qabul qilinishi mutlaqo mumkin bo‘lmagan yo‘l».

Antonio Fauchi - dunyoda epidemiologiya sohasidagi eng taniqli mutaxassislardan biri / EPA

«Jamoaviy immunitet strategiyasi mumkin bo‘lgan usullardan biridir degan fikr bor... Bu o‘lim hukmidir!, - deya Fauchining fikrlariga qo‘shildi Avstraliya bosh vaziri Skott Morrison. - Biz bu variantni hech qachon ko‘rib chiqmaganmiz».

Ammo, Covid-19'ga qarshi kurash bo‘yicha qarorni qizamiq yoki poliomiyelitga doir hisob-kitoblar asosida qabul qilish hech bo‘lmaganda g‘alati ekanligi borasida hech kim bahslasha olmaydi.

Koronavirusdan jamoaviy immunitetning chegarasi qanday?

Uni hisoblash bir qarashda ko‘rinadigan darajada oson emas - iblis har doimgidek tafsilotlarda yashiringan. O‘nlab omillarni hisobga olish zarur: virusning aynan qanday yuqishi, qanchalik yuqumli bo‘lishi, kasallik alomatlari bor yoki yo‘qligining yuqtirishga ta'siri, kasallanganlarning ijtimoiy faolligi darajasi va boshqalar. 

Yangi koronavirus holatida ushbu ko‘rsatkichlarning aksariyati yosh guruhlari bo‘yicha juda katta farq qiladi (va ba'zilari hali noma'lum), bu esa hisob-kitoblarni yanada qiyinlashtiradi. 

Biroq, bu uni hisoblash mutlaqo ilojsiz degani emas. Shuningdek, kamida bir necha ilmiy tadqiqotlar shu kabi hisob-kitoblarga bag‘ishlangan.

Jamoaviy immunitet allaqachon reallikka aylandimi?
Olti oy avval mamlakatlar karantin joriy etish yoki etmaslik haqida o‘ylayotganda, hokimiyatning yakuniy qaroriga olimlar jamoaviy immunitetning chegara qiymatini 60 foiz deb baholagani ko‘p jihatdan asos bo‘lgan. 

Kasallanish holatlari soni tez o‘sishi, virus haqida ma'lumotlar yetishmasligi va o‘lim darajasi nisbatan yuqori bo‘lgani sababli, jamoaviy immunitet darajasi yuz minglab, hatto millionlab o‘limlarga aylanish xavfini tug‘dirdi. 

Rossiya vaksinasi 76 nafar sog‘lom ko‘ngillida sinovdan o‘tkazildi, ammo natijalar e'lon qilinmagani ilmiy hamjamiyatda savollar paydo qilmoqda

Biroq, iyun oyi oxiridayoq Covid-19'dan jamoaviy immunitet chegarasi atigi 40 foizni tashkil etishini tasdiqlagan bir tadqiqot paydo bo‘ldi. Ilmiy ish mualliflari infeksiyani asosan yoshlar va o‘rta yoshdagi odamlar boshdan kechirayotgani va ularning immuniteti qariyalar va chaqaloqlarga qaraganda odatda kuchliroq bo‘lishini dalil qilib keltirishgan. 

Xuddi shu maqolada qat'iy cheklov choralarining samaradorligi to‘g‘risida shubhalar bildirilgan - uning birdaniga bekor qilinishi infeksiyaning yangi avj olishini keltirib chiqarishi mumkin: «Agar vaziyatga farmatsevtik bo‘lmagan aralashuv orsa, jamoaviy immunitetga erishilmaydi. Bunday holatda cheklov choralariga tez yengillik berilishi kasallanishning keskin o‘sishiga olib keladi». 

Sentabr oyi o‘rtalarida Stokholm universiteti professori Tom Britton boshchiligidagi ushbu tadqiqot ilmiy jamoatchilik tomonidan mustaqil ravishda ko‘rib chiqildi va Science'da nashr etildi. 

Biroq, jamoaviy immunitet mavzusidagi hali nashr etilmagan ilmiy tadqiqotlar orasida ancha past ko‘rsatkichlar ham bor. 

Masalan, Oksford Universitetida o‘tkazilgan tadqiqotlardan birining mualliflari Buyuk Britaniyada Covid-19'ning ikkinchi to‘lqinini oldini olish uchun aholining atigi 20 foizi virusga qarshi immunitetga ega bo‘lishi lozimligini ta'kidlamoqda. 

Glazgo shahridagi Stratklayd universiteti professori Gabriel Gomes boshchiligidagi olimlar guruhi esa jamoaviy immunitetning chegara qiymatini hatto 10-20 foiz darajasida baholamoqda.

Ayrim olimlarning fikricha, Moskvada koronavirusga qarshi jamoaviy immunitet hosil bo‘lgan / EPA

Aksariyat mutaxassislar ko‘rsatkich bu qadar past bo‘lishi mumkinligiga shubha qilishadi, ammo virusning tarqalishi juda farqli ekanligi aniq.

Koronavirus epidemiyasidan eng ko‘p aziyat chekkan yirik shaharlarda, masalan, Nyu-York, London yoki Nyu-Dehlida virusdan sog‘ayganlar ulushi nisbatan yuqori. Ba'zi olimlarning fikriga ko‘ra, u yerda jamoaviy immunitet shakllanishi uchun shuning o‘zi yetarli bo‘lishi mumkin. 

«Bu muammoning yechimi emas!»
Biroq, yuqoridagi barcha tadqiqotlarga qaramay, JSST hali ham jamoaviy immunitetga ishonib qolmaslik kerakligini ta'kidlamoqda. 

«Jahon miqyosida kasallik tarqalishini to‘xtatish uchun yetarli immunitet darajasiga yaqinlashganimiz ham yo‘q, - dedi 21 avgust kuni JSSTning sog‘liqni saqlash sohasidagi favqulodda vaziyatlar dasturini boshqaruvchi irlandiyalik epidemiolog Maykl Rayan. - Bu muammo yechimi emas va yechimni bu yo‘ldan izlash ham yaramaydi».

Go‘yo uning so‘zlarini tasdiqlagandek, xuddi shu bayonotdan bir necha kun o‘tgach, shifokorlar Covid-19 virusini qayta yuqtirish holatlari haqida xabar berishdi. 

«Biz vaksinaga ega bo‘lmagunimizga qadar, hech bir mamlakat epidemiyani to‘xtatishning uddasidan chiqolmaydi, - dedi tashkilot bosh direktori Tedros Gebreyyesus. - Garchi bizda vaksina ishlab chiqilishiga kafolat yo‘q. Bundan tashqari, paydo bo‘lgan taqdirda ham uning o‘zi pandemiyani o‘z-o‘zidan tugata olmaydi».

Ayni vaqtda Yyel universiteti tibbiyot maktabi professori Sidni Shpizel ancha nekbin fikrda. Uning so‘zlariga ko‘ra, qayta kasallanish holatlarining juda kamligi sababi aynan bemorlarning katta qismi sog‘ayishdan so‘ng koronavirusga nisbatan barqaror immunitetga ega bo‘lishidadir. Va ertami-kechmi - vaksina bilan yoki u siz ham - u jamoaviyga aylanadi.

«Juda keng tarqalish bilan - masalan, 60-80 foiz - bunday immunitet shunchaki jamoaviyga aylanishi va virus tarqalishining ayanchli doirasini to‘xtatishi kerak. Ammo samarali vaksina yaratilishi va aksariyat insonlar emlanmagunga qadar kuchli jamoaviy immunitetga erishib bo‘lmaydi», deb ta'kidlaydi professor Shpizel.

Stenford tibbiyot maktabi professor-epidemiologi Jon Ioannidis koronavirusning o‘zi unchalik qo‘rqinchli emasligini eslatadi. U faqat tanasida kasallikning og‘ir shakli rivojlanib ketuvchilar uchun muammo tug‘diradi - ular esa, ko‘rinishidan, juda kamchilikni tashkil etyapti.

«Hozir ko‘rganlarimizdan vahima qo‘zg‘ash uchun hech qanday sabab yo‘q. Ammo qayta yuqtirishlar jamoaviy immunitet istiqboli va vaksina samarasiga qanday ta'sir ko‘rsatayotganiga ishonch hosil qilishimiz uchun ko‘proq ma'lumot to‘plashimiz kerak», dedi u.

Londonda qat'iy cheklov choralari takroran joriy etilishiga javoban norozilik aksiyalari bo‘lib o‘tdi

Olimlar bir ovozdan takrorlashda davom etishmoqda: yangi kasallik haqida hali ham juda kam ma'lumotga egamiz. Masalan, nima uchun ba'zi bemorlar sog‘aygandan so‘ng ularning qonida virusga qarshi juda ko‘p antitanalar paydo bo‘lishi, boshqalarida esa deyarli yo‘qligi tushunarsizdir. 

Professor Brittonning hisob-kitoblariga ko‘ra, agar Angliyada 24 million kishi virus bilan kasallansa, jamoaviy immunitetga erishish mumkin bo‘ladi. Vaksinatsiya yordamida xuddi shunday natijaga erishish uchun esa 33,6 million ingliz emlanishi talab etiladi. 

Biroq, professor Ioannidisning eslatishicha, ishonchli vaksina ishlab chiqilishiga kafolat yo‘q. Vaksina ishlab chiqilsa ham, u kasallikdan sog‘ayishdan keyin hosil bo‘lgan immunitetdan ko‘ra samaraliroq bo‘lish-bo‘lmasligi noma'lum.

«Vaksina haqiqatan ham boshqa immunitet ta'sirini keltirib chiqarishi mumkin - bu tabiiy infeksiyalanish natijasida hosil bo‘lganidan farq qiladi. Demak, vaksina orttirilgan immunitetga qaraganda virusga qarshi samaraliroq va uzoq muddatli himoya qilishi mumkin», deydi Harvard universiteti Tizimli biologiya markazining yetakchi mutaxassisi Samar Meta.

Shunday qilib, doktor Metaning xulosa qilishicha, jamoaviy immunitet bir qarashda ko‘ringanidan ancha yaqinroq bo‘lishi mumkin.

Mavzuga oid