O‘zbekiston | 23:26 / 06.10.2020
14860
8 daqiqa o‘qiladi

«O‘quvchining bilimi aksar hollarda o‘qituvchining saviyasidan yuqori bo‘la olmaydi» – Prezident maktablari agentligi direktori o‘rinbosari

Maktab inson kelajagi yo‘nalishini belgilab beruvchi asosiy bosqich hisoblanadi. Unda ta'limning qanday tashkil etilishi esa ko‘p jihatdan rahbarga bog‘liq bo‘ladi.

Kun.uz muxbiri maktablarda ta'lim sifatini yaxshilash, maktab rahbarlarining vazifalari haqida Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi direktorining o‘rinbosari Amirulla Abdullayev bilan suhbatlashdi.

– Bu yil prezident maktablariga qabul bo‘lmadi. Bu iqtidorlilarni tarbiyalashda bir yil yo‘qotilganini anglatmaydimi?

– Bu pandemiya davrida majburiy qadam edi. Bunday qarorni qabul qilish qiyin kechdi. Lekin sog‘liqni saqlash tizimi va boshqa soha vakillari bilan maslahatlashgandan keyin shu qaror qabul qilindi.

Prezident maktablariga qabul 5-sinfdan amalga oshiriladi. Lekin maktablar ochilganidan keyin birinchi qabul jarayonida 5–10-sinflarga o‘quvchilar qabul qilinadi.

Prezident maktablariga bu yil 5-sinfga qabul qilinmagan iqtidorli o‘quvchilarni kelgusi yil 6-sinfga qabul qilish imkoniyati bor. Kelasi yil 5- va 6-sinflarga o‘quvchilar qabul qilinadi.

Prezident maktablariga qabul imtihonlar asosida amalga oshiriladi. Bu jarayon xorijlik hamkorlarimiz tomonidan nazoratga olinadi. Pandemiya tufayli ularning mamlakatimizga tashrifini tashkil etish imkoniyati ham yo‘q edi.

Albatta, bir yil vaqt o‘tib ketyapti. Lekin o‘quvchilar faqat maktabga bog‘lanib qolmasligi kerak. Ular har doim bilim olishga intilishlari, qo‘shimcha adabiyot va manbalarni o‘qishlari kerak.

– Ixtisoslashtirilgan maktablarni bitirgan bolalar boshqa umumta'lim maktablarini tugatgan bolalar bilan birga OTMlarda o‘qiy oladi, deb aytish mumkinmi? Umuman, ixtisoslashtirilgan maktablarni tugatgan bitiruvchilar talabiga oliy ta'lim sifati javob bera oladimi?

Oliy ta'lim tizimini yomonlashdan yiroqman. Har bir tizimda bo‘lganidek, ularning ham o‘z muammolari va kamchiliklari mavjud. Oliy ta'lim tizimida ham islohotlar sezilarli sur'atlarda olib borilayotganini aytish mumkin. Masalan, ko‘pchilik OTMlar yangi o‘quv yilidan ta'lim berishning kredit-modul tizimiga o‘tmoqda. OTMlarda kasb va ixtisoslik fanlarini o‘qitishga ajratilgan soatlar ko‘paytirilmoqda.

Shuningdek, O‘zbekistonda zamonaviy o‘quv dasturlari asosida ta'lim berayotgan xorijiy va xususiy universitetlar faoliyat yuritmoqda. Ulardagi ta'lim sifati yetarli darajada deb o‘ylayman.

Agentlik OTMlar bilan ham hamkorlikni yo‘lga qo‘ymoqda. Bundan tashqari, agentlik tizimidagi ba'zi maktablarning bitiruvchilarini OTMlarga tayyorlash masalasida ham OTMlar bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan. Universitet o‘qituvchi va professorlari bizning o‘quvchilarga qo‘shimcha bilim berishlari uchun jalb etiladi.

O‘qituvchilar va murabbiylar kuniga bag‘ishlangan tadbirda Qorako‘ldagi maktab tajribasiga alohida baho berildi. Ixtisoslashtirilgan maktablarda ham Qorako‘l maktabi bilan tajriba almashish samarali bo‘lishi mumkinmi?

– Qorako‘l xalqaro matematika maktabi respublikada o‘z o‘rniga ega. Yaqinda agentlik rahbari Sarvar Boboxo‘jayev Qorako‘l xalqaro matematika maktabiga bordi va uning faoliyati bilan tanishdi. O‘zaro hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha fikr almashildi. Qorako‘l maktabida o‘ziga xos ta'lim olish tizimi joriy qilingan.

Maktabning 95 foizdan ziyod bitiruvchilari OTMlarga o‘qishga kiradi. Bundan tashqari, o‘quvchilar turli xalqaro olimpiada va tanlovlarda sovrinli o‘rinlarni qo‘lga kiritib kelyapti.

Bunday natijaga erishishda muassasa rahbarining o‘rni katta. Rahbar fidoyi va bilimli o‘qituvchilar jamoasini shakllantirib, ularni bir maqsad atrofida birlashtirishga erishgan. Shu bilan birga, maktabda o‘quvchilar uchun qat'iy qoidalar belgilangan. Bu tajribani boshqa ta'lim muassasalari ham o‘rganishi lozim.

Ta'lim sifatini baholash tizimiga kelsak, oddiy va ixtisoslashtirilgan maktablari uchun alohida tizim mavjud emas. Har bir ta'lim muassasasini o‘qituvchilar salohiyati va o‘quvchilarning natijalari, erishgan yutuqlari asosida baholash kerak.

Misol uchun, o‘quvchilarning OTMlarga kirish darajasi, olimpiadalarda yutuqlari, ish faoliyatidagi erishgan natijalari asosida maktabni baholash mumkin.

Toshkent shahridagi Prezident maktabi Qorako‘l xalqaro matematika maktabi bilan 2019 yildan beri hamkorlik qilib kelmoqda. Joriy yildan bu hamkorlik yana ham kengayadi. 2020 yil oktyabrning so‘nggi haftasida Qorako‘l maktabi ma'muriyatining prezident maktabiga tashrifi kutilmoqda.

O‘zbekiston o‘quvchilari birinchi marta PISA va PIRLS tadqiqotlarida ishtirok etishi rejalashtirilgan. Bu reytinglarda O‘zbekiston qanday natijani qayd etishi mumkin, deb o‘ylaysiz?

– Xalqaro tadqiqotlarda ilk bor ishtirok etamiz. Albatta, birinchi ishtirokimizdan yuqori natija kutmayapmiz. O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta'limi tizimini 2030 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasida ham xalqaro tadqiqotlarda mamlakatimizning o‘rnini bosqichma bosqich yaxshilab borish ko‘zda tutilgan.

Tadqiqotlar o‘quvchi va o‘qituvchilarni baholaydi. Tadqiqotlarda foydalaniladigan savollarga hamma o‘quvchilarimiz tayyor deb hisoblayman. Lekin tayyorgarlik uchun o‘quv dasturlari, darsliklar va o‘quv metodikasiga o‘zgartirishlar kiritish lozim.

Xalqaro baholash natijasida bugungi kundagi maktablarimizning saviyasi, ularning kamchiliklari va yutuqlariga obektiv baho beriladi. Bu biz uchun kelgusida o‘zimizga o‘zimiz baho berishimiz, xulosa qilishimiz, nimalarga e'tibor berishimiz lozimligini ko‘rsatadi.

Prezident Xalq ta'limi vazirligi va hududiy rahbarlarga har bir hududda Qorako‘l tajribasi asosida o‘qitadigan maktablar ochish topshirig‘ini berdi. Nima deb o‘ylaysiz, bunday maktablarda dars berish potensialiga ega pedagoglar hududlarda yetarlimi? Agar yo‘q bo‘lsa, bunga qanday yechim topish mumkin?

– Bitta haqiqatni tan olishimiz kerak. O‘quvchining bilimi aksariyat hollarda o‘qituvchining saviyasidan ortiqcha bo‘lolmaydi. Har bir tumanda zo‘r dars bera oladigan o‘qituvchilar bor. Ularni bir joyga yig‘ish, moddiy va ma'naviy rag‘batlantirish, sharoit yaratib berib ishlatish rahbarga bog‘liq. Vatanparvar, vijdonli, halol, jonkuyar, bilimli bolalarni tayyorlashga ahd qilgan ta'lim muassasasi rahbari bo‘lsa, albatta, bu natijaga erisha oladi.

Shu bilan bir qatorda, bugun o‘qituvchilar bilan ishlash kerakligini vaqt ko‘rsatyapti. O‘qituvchilarni tayyorlash va qayta tayyorlash tizimi takomillashtirish kerak. Bu masala oliy pedagogik ta'lim muassasalarining mas'uliyatini yanada oshiradi.

Shu o‘rinda hozirda pedagogika yo‘nalishi bo‘yicha yangi universitet va mavjud oliy o‘quv yurtlarida fakultetlar ochilishi kutilmoqda. Umid qilamanki, bular bizga muammoni yechishga yordam beradi.

Bu muassasalar mutaxassislar tayyorlashiga qadar esa, biz faoliyat yuritayotgan mutaxassislar orasidan tajribali va bilimlilarini tanlab olishimiz, qayta tayyorlovdan o‘tkazishimiz kerak.

Zilola G‘aybullayeva suhbatlashdi.

Mavzuga oid