O‘zbekiston | 17:55 / 06.10.2020
18233
3 daqiqa o‘qiladi

«U ma'lum qilgan korrupsion holatlarga huquqiy baho berish kerak». Akmal Burxonov Toshkent viloyati bosh infeksionisti ishi bo‘yicha munosabat bildirdi

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Akmal Burxonov qamoqda saqlanayotgan Toshkent viloyati bosh infeksionist shifokori Guljahon Yo‘ldosheva ma'lum qilgan korrupsion holatlarni o‘rganish zarurligini bildirdi. U bu haqda Kun.uz muxbiriga bildirgan.

«Guljahon Yo‘ldoshevaning qamoqqa olinishi uning korrupsion holatlar bo‘yicha bergan bayonotlariga bog‘lab, rasmiy munosabat bildira olmayman. Bunga, albatta, huquqni muhofaza qilish organlari huquqiy baho berishi kerak. Lekin bir narsa aytmoqchimanki, ayolning korrupsion holatlar bo‘yicha bergan bayonotiga ham huquqiy baho berilishi kerak. Uning ham ishini oxiriga yetkazish kerak», — deydi u. 

Toshkent viloyati yuqumli kasalliklar shifoxonasi bosh shifokori Guljahon Yo‘ldosheva qariyb bir oydan buyon qamoqda qolmoqda. Holatga sabab bo‘lgan narsa esa shifokor G.Yo‘ldoshevaning Kun.uz saytiga bergan intervyusi, shifoxonasi duchor bo‘lgan muammolarni gapirib bergani bo‘ldi.

Yo‘ldosheva unga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi doirasida ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olingandi. Qamoq ehtiyot chorasi tanlanishiga uning tergovdan yashiringani va rasmiy hujjatlarni nobud qilishga uringani sabab qilib ko‘rsatilgan.

Akmal Burxonovning aytishicha, juda ko‘plab bemorlar shifoxonalarda vafot etmoqda, bu borada ko‘plab murojaatlar tushmoqda. 

«Agar haqiqatan bu jinoiy ish fuqaroning o‘limiga sabab bo‘lganligi yuzasidan qo‘zg‘atilgan bo‘lsa, boshqa hudud va shifoxonalarda ham murojaatlar asosida kelib tushgan o‘lim holatlari o‘rganilishi kerak. Unda ham jinoyat-protsessual harakat olib borish maqsadga muvofiq bo‘ladi», — deydi u. 

Ushbu masala yuzasidan Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi vasiylik kengashi raisi o‘rinbosari Saida Mirziyoyeva, Senat raisi Tanzila Norboyeva,  Senatning sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi raisi Botir Matmuratov hamda Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi munosabat bildirdi. Keng jamoatchilik tergov organidan Guljahon Yo‘ldoshevaga nisbatan qamoq ehtiyot chorasi bekor qilinishini so‘ramoqda. 

Mavzuga oid