O‘zbekiston | 18:00 / 07.10.2020
13225
3 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev Qozog‘iston prezidenti bilan muloqot qildi. Tomonlar Qirg‘izistondagi vaziyat barqarorlashishiga umid bildirishdi

O‘zbekiston va Qozog‘iston prezidentlari Qirg‘izistondagi vaziyat ushbu mamlakat Konstitutsiyasi va milliy qonunchiligi normalariga muvofiq tez fursatda barqarorlashishiga umid bildirishdi.

7 oktabr kuni O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qozog‘iston Respublikasi prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayevning telefon orqali muloqoti bo‘lib o‘tdi.

«Davlat rahbarlari ko‘p asrlik do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik rishtalari, ishonch va strategik sheriklik tamoyillariga asoslangan ikki tomonlama munosabatlarning holati va ularni yanada rivojlantirish istiqbollarini muhokama qildilar.

Koronavirus tarqalishi oqibatlarini tez fursatda yengib o‘tish maqsadida O‘zbekiston va Qozog‘iston hukumatlari darajasida yaqindan muvofiqlashuv va faol almashinuvlar amalga oshirilayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi.

Tovar ayirboshlash ko‘rsatkichlarini oshirishga qaratilgan qo‘shma dastur va loyihalarni ilgari surish, tadbirkorlar va hududlarning yangi tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash orqali kooperatsiyani kengaytirish, shuningdek, madaniy-gumanitar tadbirlar o‘tkazishga alohida e'tibor berildi.

Mintaqadagi voqealar rivoji yuzasidan ham fikr almashildi. O‘zbekiston va Qozog‘iston prezidentlari Qirg‘izistondagi vaziyat ushbu mamlakat Konstitutsiyasi va milliy qonunchiligi normalariga muvofiq tez fursatda barqarorlashishiga umid bildirdilar», deyiladi prezident matbuot xizmati xabarida.

Qirg‘izistonda 4 oktabr kuni parlament saylovlari o‘tkazildi. 5 oktabr kuni dastlabki natijalar e'lon qilinishi ortidan muxolif partiyalar tarafdorlari saylov natijalarini bekor qilish talabi bilan miting boshladi. Kun oxirida namoyishchilar parlament binosi va prezident qarorgohi joylashgan Oq uy binosiga bostirib kirishdi. Keyinroq Bishkek shahridagi boshqa hukumat binolari ham egallab olindi, shuningdek, Qirg‘iziston milliy xavfsizlik qo‘mitasi binosiga bostirib kirgan namoyishchilar mamlakatning sobiq prezidenti Almazbek Atamboyevni ozod qilishdi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi ma'lumotlariga ko‘ra, tungi tartibsizliklar vaqtida bir kishi halok bo‘lgan, yana 590 kishi jarohatlangan.

6 oktabr kuni prezident So‘ronbay Jeenbekov videomurojaat bilan chiqib, Qirg‘izistonda hukumatni noqonuniy egallashga urinish yuz bergani haqida gapirdi. Ayni vaqtda u qayerdaligi noma'lum.

Shu kuni Markaziy saylov komissiyasi saylov natijalari haqiqiy emas deb topilganini ma'lum qildi.

Bu voqealar ortidan Qirg‘iziston bosh vaziri Kubatbek Boronov va parlament spikeri Doston Jumabekov iste'fo bergan. Sobiq deputat, tartibsizliklar vaqtida koloniyadan ozod etilgan Sadir Japarov bosh vazir etib tayinlandi.

Mavzuga oid