Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Toshkent tibbiyot akademiyasi rektori va Virusologiya instituti direktori O‘zbekistondagi pandemiyaga qarshi kurashga baho berdi
O‘zbekiston pandemiya bilan bog‘liq manzarani baholash uchun professional tibbiy bilim bo‘lishi kerak, deyiladi Toshkent tibbiyot akademiyasi rektori Laziz To‘ychiyev va Respublika virusologiya ilmiy tekshirish instituti direktori Erkin Musaboyev hammuallifligidagi maqolada. Maqola Sog‘liqni saqlash vazirligining Telegram'dagi kanalida e'lon qilindi.
Mamlakatimizda aholining koronavirus bilan kasallanish holatlarini aniqlashda infeksiyaga qarshi hosil bo‘lgan antitanachalarni aniqlash hamda antigen ekspress test usullari qo‘llanilmoqda. Lekin koronavirus infeksiyasiga tashxis qo‘yish uchun ushbu taxlillar yordamchi tahlil usullari sifatida ishlatilishini unutmaslik kerak. Yakuniy tashxis qo‘yishda «oltin qoida» sifatida polimer zanjirli reaksiya (PZR) maxsus laboratoriya tahlil natijalari tan olinadi. Shuning uchun ham statistik ma'lumotlarda faqatgina PZR usulida tasdiqlangan musbat natijalar hisobga olinadi.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tavsiyalari asosida koronavirus kasalligiga tashxis qo‘yishda «gumon qilingan» hamda kasallik «tasdiqlangan» bemorlar o‘zaro farqlanadi. Bu butun dunyoda amal qilinayotgan tajriba bo‘lib, shifokorlarga kasallikning haqiqiy holati bo‘yicha tegishli xulosaga kelishlari uchun yordam bo‘ladi.
Ayni paytda yurtimizda tashkil etilgan saralash va taqsimlash markazlarida maxsus shifokor ko‘rigi, laborator tahlillar va zaruratga qarab rentgen yoki MSKT tekshiruvlari o‘tkazilmoqda. Laboratoriya usulida tasdiqlangan har bitta holatni to‘liq ro‘yxatga olish, kasallikka chalinganlarni o‘z vaqtida saralash va bemorlarning ayni paytdagi holatidan kelib chiqib, uyda yoki malakali tibbiy yordam ko‘rsatishga ixtisoslashtirilgan muassasalarga yo‘naltirishga qaratiladi. Saralash va taqsimlash markazlariga koronavirus ehtimoli bilan murojaat qilgan, lekin kasallik tasdiqlanmagan bemorlarga ham zarur tavsiyalar berilib, undagi kasallik tashxisidan kelib chiqib, tegishli tibbiyot muassasalariga yo‘naltiriladi.
Shu bilan birga, biz koronavirusdan tashqari boshqa yuqumli kasalliklar bilan og‘rigan bemorlar ham borligini unutmasligimiz kerak. Hozirgi kunda aholida mavsumiy o‘tkir respirator infeksiyalar (gripp, rino va adenovirus), shu bilan birga bakterial pnevmoniya va yuqumli bo‘lmagan kasalliklarda harorat ko‘tarilishi mumkinligini e'tibordan chetda qoldirmaslik zarur.
Koronavirusning tarqalishi, uni aniqlash va davolash bo‘yicha umumiy manzarani to‘liq tasavvur qilish va baholash uchun professional tibbiy bilimga ega bo‘lish kerak. Ijtimoiy tarmoqlarda yurtimizdagi pandemiya vaziyati haqida bildirilayotgan turli fikrlar, ayrim mutasaddilarning asoslanmagan xulosalariga ham aynan shunday professional bilimning yetishmasligi sabab bo‘lmoqda.
Aslini olganda, pandemiyani jilovlashda ko‘rilayotgan barcha choralar jahon tajribasi, xalqaro tashkilotlar tavsiyalari va eng asosiysi, yarim yildan ortiq vaqt mobaynida koronavirusga qarshi kurash jarayonida to‘plangan milliy tajribaga tayangan holda amalga oshirilmoqda.
Shu paytgacha mamlakatimizga tashrif buyurib, davolash jarayonlarida bevosita qatnashgan rossiyalik, amerikalik, germaniyalik, koreyalik va turkiyalik mutaxassislar ham COVID-19'ni jilovlashga qaratilgan milliy tibbiy tizimimizga ijobiy baho berishmoqda.
O‘tgan vaqt davomida aholidan kelayotgan koronavirus bilan bog‘liq murojaatlar bilan ishlaydigan mobil guruhlar, kasallikka chalinganlarni saralash va ularni tibbiy holatiga ko‘ra taqsimlashga qaratilgan markazlar hamda kasallikni davolash bilan shug‘ullanuvchi shifoxonalarning uzluksiz tizimi yaratilganini e'tiborsiz qoldirib bo‘lmaydi. Misol uchun, ayni paytda birlamchi tizimda 202 ta maxsus poliklinika, 1352 ta mobil guruh kechayu kunduz, dam olish kunlarisiz faoliyat yuritayotmoqda. Yetakchi mutaxassislar ishtirokida 4 guruhga bo‘lingan holda koronavirus bilan kasallangan o‘ta og‘ir va og‘ir holatdagi bemorlarning holati kunlik onlayn nazorat qilib borilmoqda.
Shuningdek, bemorlarga sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatishni tashkil etish maqsadida koronavirusga chalingan bemorlarni davolash bo‘yicha vaqtinchalik ko‘rsatmalarga amal qilish borasida barcha hududlarda malaka oshirish kurslari tashkil etilib, unda ijobiy natija ko‘rsatgan shifokorlargina koronavirusga chalingan bemorlarni davolash jarayonlariga jalb qilinmoqda.
Laziz To‘ychiyev,
Toshkent tibbiyot akademiyasi rektori.
Erkin Musaboyev,
Respublika virusologiya ilmiy tekshirish instituti direktori.
Mavzuga oid
22:58 / 20.05.2025
JSST kelajakdagi pandemiyalarga qarshi kurash bo‘yicha yangi global bitimni tasdiqladi
08:49 / 03.04.2025
«Yangi pandemiya dunyoda hatto ertagayoq boshlanishi mumkin» - JSST bosh direktori
10:41 / 13.03.2025
Germaniya razvedkasi: COVID-19 pandemiyasi Xitoydagi sizib chiqish sababli yuzaga kelgan
15:37 / 21.02.2025