Jahon | 23:30 / 12.10.2020
21973
2 daqiqa o‘qiladi

Kim Chen Inning harbiy paradda ko‘ziga yosh olgani videosi e'lon qilindi

Internetda Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen Inning Koreya Mehnat partiyasining 75 yilligiga bag‘ishlangan paraddagi nutqi videosi paydo bo‘ldi. E'tiborlisi, o‘zining qattiqqo‘lligi bilan tanilgan Kim Chen In nutqi vaqtida ko‘ziga yosh olgan.

Foto: Videodan kadr

Shimoliy Koreya yetakchisi hamyurtlaridan yo‘l qo‘ygan xatolari uchun uzr so‘rashi va koronavirus sababli duch kelingan qiyinchiliklar haqidagi gaplaridan keyin ko‘zoynagini yechib, ko‘zlarini artgan. Shu vaqtda videodagi kadrlarda Kim Chen Inning ko‘zidan yosh oqayotganini ko‘rish mumkin.

Kim Chen In nutqi davomida unga davlatni boshqarish, “buyuk Kim Ir Sen va Kim Chen Ir ishini davom ettirish” vazifasi yuklanganini aytgan. “Mening sa'y-harakatlarim va samimiyligim fuqarolarimizni turmush qiyinchiliklaridan xalos etish uchun yetarli bo‘lmadi. Odamlarimiz menga ishongandi, biroq men har doim ham ularning istaklariga mos bo‘lolmadim. Men afsusdaman”, deb ta'kidlab o‘tgan Shimoliy Koreya yetakchisi. 

OAVda yozilishicha, ular Shimoliy Koreya yetakchisi o‘zini bunday tutayotganini birinchi marta ko‘rishmoqda. Janubiy Koreyaning The Korea Times nashrida yozilishicha, Kimning bunday his-tuyg‘ularga berilishi xalqaro hamjamiyatga “o‘zini rahmdil yetakchi qilib ko‘rsatishga” urinish hisoblanadi.

Aprel oyida Kim Chen In og‘ir kasal yoki umuman vafot etgan bo‘lishi mumkinligi haqida xabarlar tarqalgandi. Shundan keyin Shimoliy Koreya OAVda 2 may kuni uning ishtirokida o‘tgan tadbirdan olingan surati e'lon qilingandi.  

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid