Jahon | 00:00 / 12.10.2020
27995
3 daqiqa o‘qiladi

Qirg‘iziston parlamenti vitse-spikeri bosh vazirning tayinlanishi noqonuniy o‘tganini aytdi

Foto: RIA "Novosti"

Qirg‘iziston parlamenti spikeri o‘rinbosari Aida Kasimaliyeva Sadir Japarovning Qirg‘iziston bosh vaziri etib tayinlanishi noqonuniy o‘tgan, deb hisoblamoqda. 

Parlament deputatlari 10 oktyabrdagi yig‘ilishda bosh vazir lavozimiga “Mekenchil” partiyasi asoschisi Sadir Japarovni tayinlashgan.

“Deputatlarning 10 oktyabrda o‘tgan yig‘ilishini unda konstitutsiya tomonidan talab qilinuvchi sondagi ishtirokchilar va uni o‘tkazish uchun sharoitlar bo‘lmagani sababli parlament yig‘ilishi sifatida tan olib bo‘lmaydi. Demak, unda qabul qilingan barcha qarorlar ham noqonuniy hisoblanadi”, deb ma'lum qilgan Kasimaliyeva ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida.

Vitse-spikerning ta'kidlashicha, “Agar biror kim yig‘ilishda qabul qilingan hujjatlarni Jo‘qorg‘u Keneshning rasmiy qarorlari sifatida imzolasa, unda bu hokimiyatni egallashga urinish deb baholanadi”.

Kasimaliyevaning aytishicha, shu sababli parlamentning Japarovni bosh vazir etib tayinlanishi haqidagi qarori ayni vaqtda yo‘q.

“Uning tayinlanishi parlamentning rasmiy hujjatlari bilan tasdiqlanmagan. Mos ravishda, hujjatlar Qirg‘iziston prezidenti Sooronbay Jeenbekovga tasdiqlanish uchun yo‘llanmagan. Japarov tomonidan bosh vazir sifatida qabul qilinayotgan barcha qarorlar huquqiy kuchga ega emas”, deb qo‘shimcha qilgan siyosatchi.

Uning ta'kidlashicha, Qirg‘iziston bosh vaziri vazifasini bajaruvchi Almazbek Baatirbekov bo‘lib qolmoqda.

11 oktyabrda parlamentning bir necha deputatlari, jumladan muxolifat va hukumatni qo‘llab-quvvatlovchi fraksiyalar vakillari Japarovning bosh vazir  lavozimiga tayinlanishi noqonuniy tasdiqlanganini aytishgan. Ularning ta'kidlashicha, deputatlarning qarori zarur kvorum bo‘lmagan holda qabul qilingan.

Qirg‘iziston prezidenti Japarovning bosh vazir etib tayinlanishi haqidagi farmonni hali imzolamagan, respublika rahbari buni uch kun ichida qilishi mumkin. Japarov esa Jeenbekov bilan suhbatda prezident hukumat tayinlangandan keyin 2-3 kun ichida iste'foga ketishga va'da berganini ma'lum qilgan.

Prezident iste'foga chiqsa, Qirg‘iziston konstitutsiyasiga ko‘ra uning vazifasini parlament spikeri bajarishi kerak. Biroq respublikada shunday vaziyat yuzaga kelganki, spiker iste'foga chiqqan, yangisi esa hali tayinlanmagan. Bunday holatda esa bosh vazir prezident vazifasini vaqtinchalik bajaradi. 

Mavzuga oid