O‘zbekiston | 12:48 / 20.10.2020
10052
9 daqiqa o‘qiladi

«O‘zbekkino» multiplikatorlarning agentlik rahbariyatidagi muammolar haqidagi ochiq xatiga munosabat bildirdi

«O‘zbekkino» milliy agentligi va «Multiplikatsion filmlar studiyasi» davlat unitar korxonasi ijodiy jamoasi o‘rtasidagi mojaro davom etmoqda.

Foto: O‘zbekkino

«O‘zbekkino» mamlakatdagi ayrim multiplikatorlar tomonidan milliy agentlikning muammolari haqida yo‘llagan ochiq xatiga rasmiy munosabat bildirdi. Unda multiplikatorlarning milliy agentlik rahbariyatiga bildirgan barcha ayblovlari rad etilgan.

«O‘zbekkino» MA kino sohasidagi muammolar bilan bog‘liq barcha nuqtayi nazarlarni hurmat qilishini bildiradi. Biroq yuqorida ko‘rsatilgan «Siz kim bilansiz, janob bosh direktor?» deb nomlangan ayrim multiplikatorlarning «O‘zbekkino» muammolari haqidagi ochiq xatini ko‘rib chiqib, agentlik undagi ayblovlarni qat'iyan rad etadi va bu materialning mualliflari ma'lumotlarni atayin buzib ko‘rsatib, jamoatchilikda yanglish fikrlarni shakllantirishga uringan deb hisoblaydi», deyiladi agentlikning «Biz haqiqat tarafidagilar bilanmiz» deya nomlangan rasmiy munosabatida.

«Multiplikatsion filmlar studiyasi» vakillarining asosiy ayblovlaridan biri sifatida Firdavs Abduxoliqov agentlik boshqaruviga kelgach davlat studiyasida birorta ham animatsion film ishlab chiqarilmagani keltirilgan.

«Ochiq xatda «O‘zbekkino» rahbari Firdavs Abduxoliqov animatsion filmlar yaratish bo‘yicha davlat mablag‘lari va buyurtmalarni xususiy nodavlat studiyalarga saxiylik bilan tarqatadi...» shuningdek, «o‘tgan yilda davlat studiyasida bironta ham animatsion film ishga tushirilgani yo‘q», deb ta'kidlanadi.

Bu haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi. Chunki 2020 yilda «O‘zbekkino» tomonidan jami 5,2 milliard so‘mlik 11ta multiplikatsion film ishga tushirilgan bo‘lsa, shundan 3,4 milliard so‘mini «Multiplikatsion filmlar studiyasi» davlat unitar korxonasi olgan (2020 yil oktabr oyidagi ma'lumotlar). O‘tgan yili esa 4,6 milliard so‘m umumiy summadan, studiya shuningdek, 3,4 milliard so‘m mablag‘ olgan, xususiy studiyalarga esa 1,2 milliard so‘mlik animatsion mahsulotlarga mablag‘ ajratilgan», deyiladi yuqoridagi ayblovga javobda.

Agentlik «Multiplikatsion filmlar studiyasi» DUKning 30 nafar xodimi — rejissyor, rassom va animatorlar tirikchilikdan mahrum bo‘lib, ishsiz qolgani haqidagi ma'lumotni ham rad etgan.

«Agentlikka qo‘yilgan ayblovlar jiddiyligini hisobga olib, «O‘zbekkino» ochiq xatga imzo chekkan shaxslar tomonidan o‘tgan sakkiz oy mobaynida ishlab chiqarilgan mahsulotlar uchun olingan gonorarlar miqdorini e'lon qilishga majbur:

Hamidulla Mahmudxo‘jayevga – 87 million so‘m;
Gayana Matevosyanga – 80 million so‘m;
Nilufar Qudratullayevaga – 47 million so‘m;
Dmitriy Vlasovga – 46 million so‘m;
Faina Mitugulinaga – 45 million so‘m;
Tatyana Korobovaga – 30 million so‘m;
Nozim To‘laxo‘jayevga – 27 million so‘m.

Gonorarlar animatsiya mahsulotlarini ishlab chiqarish bo‘yicha amaldagi narxlarga muvofiq hisoblangan», deyiladi agentlik munosabatida.

Ammo ochiq xat mualliflari agentlikning raddiyasidagi bu raqamlarni «faktlarni qasddan noto‘g‘ri talqin qilish» deb atagan.

«O‘zbekkino» tomonidan gonorarlar haqida muayyan filmlar nomi va hujjatlarsiz keltirilgan bu raqamlar Firdavs Abduxoliqovning ishtirokisiz ishga tushirilgan, lekin uning davrida kechiktirishlar bilan o‘tgan yilgi filmlar uchun to‘lovlar hisoblanadi. Shunday ekan, bu «O‘zbekkino»ning o‘tgan yilgi qarzlari, hozirgi daromadlari emas. Bu yil uchun esa odamlar bir tiyin ham olishmadi va birorta kartina ishlab chiqarilmadi», ­− degan ochiq xat mualliflaridan biri Kun.uz muxbiriga.

«O‘zbekkino» agentligining munosabatida davlat mulstudiyalari davlat mablag‘lari sarflab tayyorlayotgan qisqa metrajli animatsion filmlar O‘zbekiston yosh tomoshabinlari e'tiborini jalb qila olmayotgani afsus bilan qayd etilgan.

«Murojaatni imzolaganlarning aksariyati o‘z ishlarida animatsion kontent yaratishning eskirgan tizimi 2D formatidan foydalanadi. Shu sababli «O‘zbekkino» ajratilgan davlat mablag‘larini bolalar auditoriyalari uchun yangi, zamonaviy va talab katta bo‘lgan kontent yaratish uchun yo‘naltirishni zarur deb hisoblaydi… Tahlillar shuni ko‘rsatadiki, xususiy studiyalar tomonidan 3D formatida yaratilayotgan filmlar davlat multiplikatsion filmlar studiyasi tomonidan yaratilgan mahsulotlarga nisbatan yuqoriroq reytinglarga ega bo‘lmoqda, ularga internetda ham, televideniyeda ham talab katta. Shu sababli «Multiplikatsion filmlar studiyasi» DUK buyurtmalarining bir qismi, xususan, mulseriallar, xususiy studiyalar bilan hamkorlikda, zamonaviy texnologiyalardan foydalangan holda yaratilmoqda», ­− deya qayd etiladi agentlik tomonidan.

«Hech kim 3D filmlarni inkor etmaydi. Aksincha, animatsion filmlar turlicha bo‘lishi kerak. 2D animatsion filmlarimiz reytingi xaqida esa biz emas, bir nechta xalqaro animatsion festivallarda egallagan o‘rinlar va har yili bolalar uchun o‘tkaziladigan premeralar gapirmoqda», − deya javob qaytaradi ochiq xat mualliflaridan biri.

Avvalroq e'lon qilingan ochiq xatda Firdavs Abduxoliqov «Futurist» xususiy korxonasi egasi Bekzod Salomovni «Multiplikatsion filmlar studiyasi»ga direktor etib tayinlagani, Bekzod Salomov esa darhol sababsiz mehnat qonunchiligini qo‘pol ravishda buzgan holda studiyaning barcha ijodiy guruhini ishdan bo‘shatgani, norozilik va sud tahdididan keyingina mulstudiya direktori hammani o‘z ish o‘rinlariga qaytarishga majbur bo‘lgani aytilgandi. Shuningdek, bu tayinlov yuridik jihatdan noqonuniyligi, chunki xususiy tadbirkor davlat studiyasiga rahbarlik qilish huquqiga ega emasligi qayd etilgan.

«O‘zbekkino» esa B.Salomov nomzodi «Multiplikatsion filmlar studiyasi» jamoasi tomonidan rahbarlikka taklif qilinganini ma'lum qilgan.

«Bu ham haqiqatga mos emas. Davlat unitar korxonasining amaldagi rahbari Behzod Salomovning ishbilarmonlik fazilatlarini hisobga olib, uni studiya xodimlari va animatorlar jamoasining o‘zi direktor lavozimiga nomzod sifatida taklif etgan. Uning nomzodi uchun bir ovozdan ovoz berganlar orasida — bu ochiq xatga imzo chekkanlarning aksariyati bor. Natijada Behzod Salomov davlat unitar korxonasini to‘liq boshqarish uchun «Futurist» studiyasidan ishdan bo‘shadi va ta'sischilar tarkibida uning ism sharifi yo‘q.

«O‘zbekkino» MA animatsion studiyada mana necha yilki birdamlik va hamjihatlik yo‘qligi, vaqti-vaqti bilan janjal va xatbozlik avj olishidan afsusdamiz. Biroq O‘zbekistondagi animatorlar orasida islohotlarni qo‘llab-quvvatlovchilarining soni yuqorida ko‘rsatilgan maktubga imzo chekuvchilarga qaraganda bir necha marta ko‘pligidan xursandmiz. Shu munosabat bilan mazkur murojaatni imzolagan guruh jamoatchilikka o‘zini «Multiplikatsion filmlar studiyasi» DUK animatorlari jamoasi» deb taqdim etishi to‘g‘ri emas, deb hisoblaymiz», − deya qayd etiladi milliy agentlik tomonidan.

  • Avvalroq, O‘zbek kinosining taniqli arbobi, kinorejissyor Zulfiqor Musoqov prezident Shavkat Mirziyoyevning virtual qabulxonasiga murojaat yo‘llagani xabar qilingandi. Murojaatda u «O‘zbekkino» milliy agentligi bosh direktori Firdavs Abduxoliqovning rahbarlik faoliyati yuzasidan salbiy fikrlarini bildirgan.
  • Shu yilning aprel oyida esa kino sohasiga aloqador 109 kishi «O‘zbekkino» bosh direktori Firdavs Abduxoliqov ustidan bosh vazir nomiga shikoyat yo‘llagandi.

Mavzuga oid