O‘zbekiston | 10:25 / 20.10.2020
21769
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkent shahrida 60 dona “Remdesivir” dorisini 60 mln so‘mga sotayotgan shaxslar qo‘lga olindi

Toshkent shahrining Mirobod tumanida koronavirusni davolashda ishlatilayotgan “Remdesivir” dorisini 1 mln so‘mdan sotayotgan 4 nafar erkak tezkor tadbir davomida qo‘lga olingan. Bu haqda Kun.uz’ga IIV Transportda xavfsizlikni ta'minlash bosh boshqarmasi axborot xizmati ma'lum qildi.

Qayd etilishicha, 17 oktabr kuni shaxsi ochiqlanmagan fuqaro Transportda xavfsizlikni ta'minlash bosh boshqarmasiga ariza bilan murojaat qilib, “X” ismli shaxs “COVID-19” virusiga qarshi qo‘llanilayotgan “Remdesivir” dorisini 1 mln 350 ming so‘mdan sotayotganini bildirgan va mazkur holat yuzasidan qonuniy chora ko‘rishni so‘ragan.

17 oktabr kuni kuni soat 19:30larda Transportda xavfsizlikni ta'minlash bosh boshqarmasi Jinoyat qidiruv bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida Toshkent shahrida yashovchi 34, 33 va 24 yoshdagi 4 nafar erkak “shartli sotib oluvchi” bo‘lib ishtirok etayotgan fuqaroga 60 dona “Remdesivir for Injection 100mg” (VDREM-100) nomli dorini 60 mln so‘mga sotayotgan vaqtda ushlangan. Dorilar hamda 60 mln so‘m pul ashyoviy dalil sifatida olib qo‘yilgan. Hozir mazkur holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.

«Dorilarning noqonuniy sotilishi ularning narxini keskin ko‘tarilishiga sabab bo‘lyapti. “Remdesivir” dorisining haqiqiy narxi 500 ming atrofida, ushbu dori faqat dorixonalarda sotilishi kerak. Biroq afsuski bugungi kunda ushbu doriga talab yuqori bo‘lgani bois ayrim shaxslar vaziyatdan foydalanib, uni qimmatroqqa sotishga urinmoqda, bu esa amaldagi qonunlarga zid», deydi Transportda xavfsizlikni ta'minlash bosh boshqarmasi katta inspektori leytenant Pokiza Xo‘jayeva.

Mavzuga oid