Tramp va Baydenning yakuniy bahsi qanday o‘tdi?
AQShda Donald Tramp va uning prezidentlik saylovidagi raqibi Jo Bayden o‘rtasida so‘nggi debat bo‘lib o‘tdi. CNN so‘roviga ko‘ra, tomoshabinlar ustunlikni amaldagi prezidentning raqibiga berishgan.
Koronavirus
AQShdagi koronavirus bilan bog‘liq vaziyat debatning birinchi mavzusi bo‘ldi. Raqiblar bu borada turlicha qarashlarga ega ekanligini boshidanoq ko‘rsatishdi: Tramp sahnaga niqobsiz, Bayden esa niqobda chiqdi, to‘g‘ri, keyin niqobni yechib tashladi. U Trampni inqirozni rivojlantirishda aybladi. Baydenning ta'kidlashicha, agarda cheklovlarni, masalan, niqob taqish rejimini darhol joriy etganida, 100 ming kishining hayoti qutqarib qolingan bo‘lardi – bu AQShda koronavirus qurboni bo‘lganlarning qariyb yarmi.
Tramp butun mas'uliyatni zimmasiga olishini, ammo iqtisodiyotni to‘liq lokdaunga jo‘natish mumkin emasligini aytdi. «Biz shu bilan yashashni o‘rganamiz, boshqa ilojimiz yo‘q. Biz Jo kabi yerto‘laga qamalib ololmaymiz», — dedi u. Prezidentning ta'kidlashicha, Vashington millionlab amerikaliklar o‘lib ketishining oldini olishga erishdi. Virusga qarshi vaksina ustida ish olib borilmoqda, u tez orada tayyor bo‘ladi. Tramp Bayden kasallikka qarshi kurashda hech narsa qilmaganini va qat'iy karantindan jabr ko‘rishi mumkin bo‘lgan iqtisodiyot to‘g‘risida o‘ylamaganini aytdi.
Bayden vaksinaning tez vaqt ichida tayyor bo‘lishiga shubha bildirdi: «Bu sizlarga hammasi Pasxa bayramigacha tugashini aytgan o‘sha yigit. Unda aniq reja yo‘q».
Rossiya bilan munosabatlar
«Moskva qo‘li» va saylovlarga aralashuv debatning keskin mavzularidan biri bo‘ldi. Siyosatchilar bir-birlarini Kreml tomonidan qo‘llab-quvvatlanishda ayblashdi. Tramp raqibidan farqli o‘laroq, «Rossiyadan hech qachon hech qanday pul olmaganini» aytdi. «Jo Rossiyadan 3,5 mln dollar olgan, pullar Putin orqali kelgan, chunki u Moskvaning sobiq meri, merning xotini bilan yaxshi munosabatda bo‘lgan», — dedi u. Bayden unga javoban xorijiy davlatlardan «bir penni ham» olmaganini aytdi.
Tramp Qrim aynan Baydenning vitse-prezidentligi davrida Rossiyaniki bo‘lganini ta'kidladi. U bundan tashqari, Rossiyaga qarshi faol sanksiyalar kiritganini va NATOni moliyalashtirish oshishiga erishganini aytdi.
Bayden Trampni Rossiya rahbariyati bilan AQSh saylovlariga aralashmaslikni muhokama qilmaganlikda aybladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, hozirgi saylovlarga «Rossiya, qanchadir darajada Xitoy va mana endi Eron ham aralashgani» ma'lum bo‘ldi.
Xitoy, Eron va KXDR
Bayden Tramp KXDRga nisbatan ham bo‘shanglik qilgani, Pxenyan AQShni mahv etadigan raketalar sonini ko‘paytirishiga qaramasdan, Kim Chen Inni do‘sti deb ataganini ta'kidladi. Prezident bunga javoban, KXDR bilan urushning oldini olishga erishgani, «boshqa mamlakatlar rahbarlari bilan yaxshi munosabatlar o‘rnatish yaxshi narsa» ekanligini aytdi. Bayden esa AQSh Adolf Gitler bilan ham u Ikkinchi jahon urushini boshlashidan oldin yaxshi munosabatda bo‘lganligini aytib javob qaytardi.
Bayden AQSh prezidentining Xitoydagi biznesi va hisobraqami to‘g‘risida ham eslatib o‘tdi (bu haqda The New York Times yozgandi). U Tramp AQSh g‘aznasidan ko‘ra Xitoy budjetiga ko‘proq soliq to‘laganini aytdi.
Energetika
Nomzodlar energetika masalasida ham turlicha qarashlarga ega ekanliklarini ko‘rsatishdi. Bayden AQShni qayta tiklanadigan energiya manbalariga o‘tkazishga va neft sanoatiga subsidiyalar ajratishni to‘xtatishga va'da berdi. Tramp bunga javoban, raqibini neft sohasini yo‘q qilishga tayyorlanayotganlikda aybladi va bahorgi inqiroz davrida OPeK+ kelishuvini qo‘llab-quvvatlab, neftchilarni qutqarib qolganligini aytdi.
Natija
CNN telekanali so‘roviga ko‘ra, debatda amaldagi prezidentning raqibi g‘alaba qozondi: nomzodlarning chiqishlarini kuzatgan saylovchilarning 53 foizi Baydenni g‘olib deb topgan. Trampni esa saylovchilarning 39 foizi qo‘llab-quvvatlagan. Tomoshabinlar Baydenning tanqidlari haqqoniy ekanligini qayd etishgan (73 foiz) va Trampning unga nisbatan ayblovlari borasida turlicha fikr bildirishgan (tomoshabinlarning 50 foizi ayblovlarni asosli, 49 foizi asossiz deb topgan).
CNN telekanalining qayd etishicha, bu Tramp uchun birinchi debatdagiga nisbatan ancha ijobiy natija: o‘shanda so‘rovda qatnashganlarning atigi 28 foizi Trampni g‘olib deb topgandi.
Mavzuga oid
08:19
Bayden respublikachilarni Ukrainaga yordam berishga ishontirmoqchi
20:42 / 09.11.2024
Oq uy Trampning saylovlardagi g‘alabasidan keyin Ukrainaga harbiy yordam yuborishni tezlashtirdi
08:31 / 08.11.2024
Bayden hokimiyatni tinch yo‘l bilan Trampga topshirishga va’da berdi
01:11 / 07.11.2024